Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta`minlash sog`liqni saqlash sohasining muhim yo`nalishlaridan biri hisoblandi. Ayniqsa, shifoxona ichida sanitariya qoidalariga qat`iy amal qilinishi tibbiyot xodimining burchi, bemorning huquqidir.
Ammo joriy yil boshida o`tkazilgan o`rganishlar ayrim viloyatlardagi davolash-profilaktika muassasalarida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida ishlar sust olib borilayotganini ko`rsatdi.
Xususan, Samarqand viloyati stomatologiya poliklinikasida sterilizasiya ishlari sifatsiz olib borilgan, ba`zi hollarda bir marotabalik tibbiy buyumlar qayta ishlatib kelingan.
Shuningdek, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli muassasalarda tibbiy asbob-uskunalarni sterilizasiya qilish jarayonida va boshqa muolajalarni o`tkazishda amaldagi sanitariya qoidalari va me`yorlari qo`pol ravishda buzib kelingani ma`lum bo`ldi. Masalan, tibbiyot birlashmasiga qarashli tug`ruq majmuasining jarrohlik blokida sterilizasiya jarayoni talabga javob bermaydi.
Yuqoridagi kabi holatlar Samarqand viloyat perinatal markazi, Samarqand, Kattaqo`rg`on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo`rg`on shahar tibbiyot birlashmalari faoliyatida ham aniqlangan.
Bu borada yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining navbatdagi Hay`at yig`ilishida muhokama qilindi va yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, Samarqand viloyat stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori A. Norbo`taev hamda Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig`i O. Elbabaev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish hamda Samarqand, Kattaqo`rg`on, Tayloq, Narpay tumanlari va Kattaqo`rg`on shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari, Samarqand viloyat perinatal markazi bosh shifokoriga nisbatan intizomiy chora qo`llashga qaror qilindi.
Bundan tashqari, tegishli nazoratni susaytirib yuborganligi, shifoxona ichi ifeksiyasi profilaktikasini sust olib borganligi uchun Andijon viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori B. Yo`ldashev, Samarqand viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori O. Boymurodov va Farg`ona viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori A. Yakubovlarga nisbatan ham intizomiy choralar ko`rildi.
Yuqoridagi holatlar takrorlanmasligi hamda sanitariya qoidalariga amal qilish mas`uliyatini kuchaytirish maqsadida davolash-profilaktika muassasalarida shifoxona ichi infeksiyasining oldini olish bo`yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlarini olib borish, bu borada hududlardagi mutaxassislarga muntazam ravishda amaliy-uslubiy yordam ko`rsatish belgilandi.
Viloyatdagi har bir davolash muassasasi rahbariga aholi manfaatlari yo`lida shaxsiy javobgarlikni his qilib ishlash, sanitariya qoidalari va me`yorlariga qat`iy amal qilish bo`yicha shaxsan javobgar ekanliklari tushuntirildi, deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.






