Hamid OLIMJON
ZULFIYaGA
Eng gullagan yoshlik chog`imda,
Sen ochilding ko`ngil bog`imda.
Shunda ko`rdi ko`zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.
Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo`yi bilan mast.
Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo`qoldim.
Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim,
Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.
Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting…
Eng gullagan yoshlik chog`imda
Sen ochilding ko`ngil bog`imda.
1937 yil
Ozod ShARAFIDDINOV, O`zbekiston Qahramoni
SIZNI SOG`INDIM, ZULFIYa OPA!
Umr o`tib bormoqda. Umr o`tgan sari odam bosib o`tgan yo`llarini, boshdan kechirgan yillarini tez-tez eslab turar ekan. Inson bosib o`tgan yillar va yo`llar – nimadir ular? Masofami, vaqtmi va boshqa narsami, menimcha, ular umring davomida senga ro`para kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar – do`stlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar. Afsuski, ulardan ancha-munchalari allaqachon, shoir Shayxzoda ta`biri bilan aytganda, “hechiston” mamlakatiga rixlat qilishgan, lekin ularning ruhi poklari tirik, bot-bot huzurimga kelib turishadi, gurunglashamiz, dardlashamiz, maslahatlar quramiz. Vaqt o`tgan sari ularning o`rni bilinadi, ko`plarining siymosi yanada tiniqlashadi, yuzlari, ko`zlaridagi nur o`tkirlashadi. Bunday eslashlar, bunday xotirotlar hamisha kishiga ruh beradi, bardam qiladi, mamnuniyat bag`ishlaydi. Hayot yo`llarimda shunday ulug` zotlarga ro`para kelgan ekanman, ular bilan hamsuhbat, hamfikr, hamdard bo`lgan ekanman, demak, umrim unchalik ham behuda o`tmapti.
Bugun tongda Zulfiya opani esladim. Naqadar olijanob, naqadar nuroniy ayol edilar. O`ylab qarasam, Zulfiya opa o`zlarining she`rlari bilan, iboli va hayoli fe`li atvori bilan, pokiza e`tiqodiyu zukko fikrlari bilan mening hayotimdan katta o`rin olgan, ma`naviy dunyomning katta bir qismini tashkil qilgan inson bo`lgan ekan. U kishi shunday ulug`sifat ayol edilarki, har gal ro`para kelganimda darrov hushyor tortar, kiyim-kechaklarimni to`g`rilar, qadalmay qolgan tugmalarimni qadar, sochlarimni (ha, ha sochlarimni – bir zamonlar bu bosh ustida qop-qora sochlar ham bo`lar edi) tekislab olardim – xullas, u kishining ko`ziga har jihatdan orasta bo`lib ko`rinishga tirishardim. Men Zulfiyaning nomini urush yillaridayoq eshitgan, uning “Hijron” degan she`riy to`plamini, “Uni Farhod der edilar” degan dostonini yod olib, ko`p joylarda o`qib yurardim. Yaqinroqdan tanishish keyinroq nasib qildi.
1962 yilda Qozog`istonda o`zbek adabiyoti dekadasi bo`ldi. Dekadaga men ham bordim. Samolyotda Zulfiya opa bilan yonma-yon o`tirib qoldik. Har xil mavzularda gurunglashib, yo`lning tanobini tortib oldik.
Gap orasida Zulfiya opa yarim hazil, yarim chin ma`nosida birdan so`rab qoldilar:
-Ozodjon, nega siz mening she`rlarim to`g`risida hech narsa yozmaysiz? Yoki yoqmaydimi?
Men duduqlanib nimalardir deb javob berdim, lekin o`ylanib qoldim – darvoqe, nima uchun shu paytga qadar Zulfiya opa haqida hech narsa yozmadim? Yaxshi ijodni payqamasang, quvonib targ`ib qilmasang, sening tanqidchiliging qayoqqa boradi? Shoshma, sen Zulfiya she`rlarini o`qigansan, albatta, lekin ularni uqqanmisan, bu she`rlar orqali shoirning qanday inson ekanini bilib olganmisan? Ochig`ini aytganda, o`sha dekada men uchun Zulfiyani ham kashf qilish dekadasi bo`ldi.
Aeroportda qo`nishimiz bilan qozoq do`stlarimiz bizni quchoq ochib kutib olishdi – allaqachon Sobit Muqonov G`afur G`ulomni quchoqlab olib, unga nimalarnidir uqtiryapti. G`afur aka chust do`ppisini yarimta kiyib olib, Sobit og`aga sof qozoq tilida bir narsalar deyapti. Sochlari oppoq oqargan, novcha bo`yli Abdilla Tojiboev hissasini sermab, Mirtemirning tevaragida girdikapalak. Tavba, men qozoq va o`zbek yozuvchilarining inoqligi, ijodiy hamkorligi to`g`risida ko`p eshitgan edim-u, bunaqa samimiyatni, bunaqa yaqinlikni kutmagan edim.
Men mashinaga Zulfiya opa bilan birga o`tirdim. Bizga Tursunxon Abdurahmonova degan qozoq shoirasi hamroh bo`ldi. Tursunxon bu yil sakson yoshga to`lar ekan. Umri uzoq bo`lsin, yuzga kirsin. Lekin men bu shoiraning saksonga kirganini hech tasavvur qilolmayman. U ochiq chehrali, xushsuvrat, o`ta dilbar bir ayol sifatida esda qolgandi. Zulfiya opani bilar ekan, bir zumda quvnoq gurung boshlandi. Tursunxon yaxshi she`rlar yozish bilan birga juda chiroyli qo`shiqlar ham aytar ekan. Manzilga etib borgunimizcha, uch-to`rtta ajoyib o`lanni kuylab tashladi. Qozog`iston diyorida ko`p uchrashuvlar bo`ldi, har uchrashuvda Zulfiyaning nomi alohida tilga olinar, undan she`r o`qib berishini talab qilishardi. Qozoqlarning bizning shoiramizga muhabbati shu qadar cho`ng ekanki, bir-ikki joyda u favqulodda o`ziga xos tarzda namoyon bo`ldi.
Safar davomida biz Ko`kchatovga bordik. Benihoya go`zal maskan ekan. Chiroyli qarag`ayzorlar tevarak-atrofga muattar hidlar taratadi. Engil tuman ichida elas-elas ko`rinayotgan tog`lar havoda muallaq turganga o`xshaydi. Lekin Ko`kchatovning dovrug`i tog`lariyu o`rmonlarida emas, ko`llarida ekan. Bir viloyatning o`zida katta-kichik saksonta ko`l. Suvlari tiniq, bamisoli ko`zguga o`xshaydi. Unda sohildagi daraxtlar ham, tip-tiniq osmon ham aks etib, o`zgacha joziba kasb etgan. Ayniqsa, Oynako`l degan kattagina ko`lning go`zalligi har qanday ta`rifdan yuqori. Qirg`oqqa yaqinroq joyda suv ichidan kattagina qoyatosh chiqib turibdi. Bu tosh darhol suv parilarini eslatdi – bunaqa go`zal ko`lda ko`ldan-da go`zal suv parilari bo`lsa ne ajab. Eng qiziq voqea biroz keyin – tushlik vaqtida ro`y berdi. Tushlik she`rxonlikka, she`rxonlik qo`shiqqa ulanib ketdi. Gurung avji qizib turgan bir paytda qozoq shoirlaridan biri turib, Zulfiyaga bag`ishlangan she`rini o`qib berdi. Unda shoir boyagi ta`rifi ketgan Oynako`lni Zulfiyaga tortiq qilgan edi. Garchi bu sovg`a ramziy bo`lsa-da, Oynako`lni ko`tarib ketishning iloji bo`lmasa-da, hammamizni juda xursand qildi.
Bir-ikki kundan keyin Balxashga bordik. Kunduzgi uchrashuvlardan keyin biroz dam olib, oqshomgi adabiy kechaga jo`nashimiz kerak edi. Birdan Zulfiya opa g`oyib bo`lib qoldilar. U kishining qaerda ekanini hech kim bilmaydi. Mezbonlarimiz esa miyig`larida sirli kulib, “xavotir olmanglar, kelib qoladilar” deb bizni tinchitgan bo`lishadi. Darhaqiqat, qorong`i tushganda Zulfiya opa kirib keldilar – u kishining yonida chipta qopga o`ralgan uzun narsa ko`tarib olgan uchta odam bor edi. Ma`lum bo`lishicha, ular Balxash baliqchilari ekan, Zulfiya opa bilan uchrashuvga ko`pdan beri mushtoq ekanlar. Shoiraning Balxashga kelishini eshitib, shoiraning o`zi bilan gaplashib, uni dengizga o`xshagan ulkan ko`l bo`yiga olib ketishibdi. She`rxonlik bo`libdi. Qo`shiqlar kuylashibdi. Baliqxo`rlik qilishipti. Xullas, to`yib diydorlashishibdi. Baliqchilar ko`p mashaqqatlar chekib, shoiraga sovg`a qilish uchun ikki metr keladigan osetra balig`ini ushlab qo`yishgan ekan. Boyagi chiptaga o`ralgan uzun narsa osetra balig`i ekan. Bilmadim, keyin baliq nima bo`ldi – Toshkentga olib kelishdimi yo o`sha erda qolib ketdimi? Lekin buning ahamiyati yo`q edi – muhimi oddiy qozoq mehnatkashlari shoiraga bo`lgan hurmat-e`tiborini ifodalashning g`oyatda insoniy va original yo`lini topishgan edi.
O`shanda qozoq do`stlarimizning Zulfiyaga munosabatini ko`rib xijolat tortib ketdim – shoiraning dovrug`i shunchalik bo`lsa-yu, tanqidchilar u tomonga bir qiyo boqmasa?
Keyin O`zbekistonda ham Zulfiyaning ijodiy kechalarida ko`p qatnashdim. Yaypanda, Popda, Marg`ilonda, Toshkentda… Qo`qondagi bir uchrashuv ham g`oyatda maroqli bo`lgan edi. Qo`qonliklar shoiraga siyohdon sovg`a qilishdi. “Bu siyohdon Nodirabegimning siyohdoni. Nodirabegim sizga qalamini meros qoldirgan. Siz Nodirai davronsiz. Nodira aytolmay ketgan qo`shiqlar sizning qalamingizdan to`kilsin”, deya lutf qilishdi.
Zulfiya opaning dovrug`i butun jahon bo`ylab taralgan edi. Qaysin Quliev, David Qo`g`ultinov, Mustay Karim kabi ulkan san`atkorlar uning yaqin do`sti edi. U “Nilufar” xalqaro mukofotining, Neru nomidagi xalqaro mukofotlarning sohibasi edi. Lekin mukofotu unvonlar orasida bittasi bor ediki, u unvon bilan Zulfiya opa alohida mag`rurlanardi. U O`zbekiston xalq shoirasi edi. Shuning uchun bo`lsa kerak, “Baxtim shul – o`zbekning Zulfiyasiman” deya xitob qilgandi.
Men, albatta, Zulfiya opa haqida yozdim, uning to`g`risida bir adabiy portret yaratdim, yangi she`riy kitoblariga taqriz yozdim, maqolalarda uning to`g`risida mulohazalar yuritdim. Lekin, aytmog`im kerakki, mening yozganlarim bu ulkan shoiraning ijodi oldida urvoq ham bo`lolmaydi, men uning nafosatini, go`zalligini, fikriy boyligini ko`ngildagidek, o`sha she`riyatga munosib tarzda ochib berolgan emasman. Mana, hozir ham yozayapman-u, lekin qalamim eski o`rganib qolgan maddohlik yo`liga toyib ketayotganini sezib turibman. Nechundir mening tasvirimda Zulfiya opa farishta misol bo`lib chiqyapti. Holbuki, u inson edi va har qanday inson hayot yo`lida duch keladigan hamma sinovlar, mashaqqatlar, iztiroblar uning ham boshiga tushgan edi. Ko`pgina she`rlarida Zulfiya opa o`zining “kemtik baxti” haqida gapirdi. Umrining so`ngida yozgan “Xotiram siniqlari” dostonida esa o`sha mashaqqatlar to`g`risida benihoya mardonalik bilan yozadi. Bu asar teranligi va mardonavorligi bilan menga Anna Axmatovaning “Rekviem” degan asarini eslatadi.
Shoiraning she`rlari haqida, ularning latofati, insoniy jozibasi, teranligi to`g`risida juda ko`p gapirish mumkin. Lekin men bugun boshqa bir savolga javob izlayapman – Zulfiyani odamlarga ardoqli qilgan, adabiyotimizning yorqin yulduzlaridan biriga aylantirgan, XX asrning buyuk ayollari qatoriga qo`shgan asosiy omil nimadir? Menimcha. Bu – uning e`tiqodi, juda yuksak ma`naviy va axloqiy fazilatlari, dili bilan tilining birligi, she`rlarida madh etgan insoniylik, vafo, sadoqat va diyonat degan narsalarga o`zi hayotda og`ishmay amal qilganida. Iste`dod ulug` ne`mat, lekin iste`dodning o`zi bilan ish bitmaydi, shekilli. Ming afsuski, bizda ayrim iste`dodli shoirlar va shioralar bor, biroq ular o`zlarining iste`dodlariga berilib ketadilar-u, shunga yarasha inson sifatida ham ulug` bo`lish keraklgini unutib yuboradilar. Ular vijdonlariga xilof ish qilishdan ham, o`zlari ulug`lagan qadriyatlarni ikki chaqqacha sotib yuborishga yoki aroqqa qo`shib ichib yuborishga tayyor. Bunaqa odamning ijodi biron-bir tiyinli qimmatga yoxud salmoqqa ega bo`lmasligi o`z-o`zidan ayon. Zulfiya opaning ibrati shundan dalolat beradiki, har qanday iste`dodning yoniga insoniy fazilatlar qo`shilsagina, ijod muayyan salmoq kasb etadi. Bunga esa butun umr bo`yi davom etadigan mashaqqatli mehnat bilan, astoydil jon kuydirish bilan erishiladi. Zulfiyaning oilaviy hayoti, muhabbati tarixi ko`pchilikka yaxshi ma`lum. Zulfiya shoir Hamid Olimjonni sevib, u bilan 1935 yilda turmush qurdi. Biroq oradan to`qqiz yil o`tgach, nogahoniy falokat tufayli ikkita farzand bilan eridan beva qoldi. Keyin esa umrining oxirigacha Zulfiya Hamid Olimjonga muhabbatini boshi ustiga qo`yib, avaylab, asrab, gard yuqtirmay olib o`tdi. Ba`zan Zulfiya to`g`risida ikki bolani otasiz katta qildi deyishadi. Menimcha, bu unchalik to`g`ri emas, chunki Hamid Olimjon ruhan o`z xonadonini biron kun ham tark etgan emas, devorlardagi suvratlardan Hamid Olimjon yirik-yirik ko`zlari bilan muttasil Zulfiyaga, farzandlariga qarab, ularning holidan xabar olib turardi, javondagi kitoblardan uning salobatli ovozi eshitilib turadi. Otaning ruhi tirik bo`lsa, u oilaning hamma ishlarida, shu jumladan, bolalar tarbiyasida ham ishtirok etaverar ekan.
Zulfiya – atoqli shoira, yirik davlat arbobi, jamoat ishlarida faol, el nazaridagi inson. Lekin u birinchi navbatda ayol, ayol bo`lganda ham o`zbek ayoli edi. U ayol sifatida muayyan burchga ega edi. Hamid Olimjondan erta ayrilgan farzandlarini o`stirib, odam qilib etishtirmog`i kerak edi. Bu esa – eh-he – dunyodagi eng qiyin, eng mashaqqatli ishlardan biri. Qizig`i shuki, siz farzandlaringizni moddiy ne`matlarga ko`mib yuborishingiz mumkin. Ular yaxshi kiyinishi, eb-ichishi, shuhratingiz shu`lasida gerdayib yurishlari mumkin. Lekin bularning hech qaysisi farzandning qobil bo`lib chiqmog`i uchun etarli bo`lmasligi mumkin. Nima uchundir u narkoman, bezori, buzuq, o`jar, o`g`ri bo`lib chiqishi hech gap emas. Zulfiya opa 29 yoshida beva qolgan edi – 29 yashar ayolga atalgan bu dunyoning jami huzur-halovatidan, lazzatidan kechdi, qalbining butun qo`rini farzandlariga bag`ishladi. Buning oqibatida qizi Hulkar olima bo`ldi, nafaqaga chiqqaniga qadar dorilfununda dars berdi, Oybek domlaga munosib kelin bo`ldi. O`g`li Omon esa O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan huquqshunos. Eng qizig`i shuki, men Hulkarni ham, Omonbekni ham qirq besh yildan beri bilaman, lekin hali ularning biron marta kalondimog`lik qilganini, burni ko`tarilganini, boshqalarni mensimay qo`yganini ko`rgan emasman. Binobarin, Zulfiya opa o`zining onalik burchini ham juda o`rinlatib ado etdi – jamiyat uchun yaxshi fazilatlarga ega bo`lgan ikki ajoyib insonni tarbiyalab etkazib berdi.
Zulfiya opa o`zbek she`riyatida o`ziga xos bir maktab yaratgan edi. Uning shogirdlari ko`p edi. Bulardan ayrimlari – Oydinxon, Qutlibeka va boshqalar bugun Zulfiya opaning chirog`ini so`ndirmaslikka harakat qilib, samarali ijod etmoqda. Shoira shogirdlari bilan birga go`zal bir she`riyat chamani yaratib ketdi. Xo`sh, bugun bu bo`ston qay ahvolda? Uning holidan ogoh bo`lib, parvarishiga qarab turgan she`rshunoslar, she`rparastlar bormi yo u etim qoldimi? Albatta, bugungi she`riyatimiz etim qoldi desak noto`g`ri bo`lardi, she`riyat bo`stoni qarovsiz yotipti, o`z holiga tashlab qo`yilgan, desak ham haqiqatdan uzoq bo`lardi. Zabardast shoirlar bor, ularning tanlangan asarlari, yangi to`plamlari chiqib turibdi. Shu bilan birga, shoir Erkin Vohidov aytgan “daho she`rlar” yaratilmayapti. She`riyatda borgan sari maydalashish holati sodir bo`lyapti. Shoirlar o`zi bilgan narsalarni yozish o`rniga sun`iy gaplarni to`qib chiqaradi, yasama gaplarni gapiradi. Ba`zilar hali yigirmaga to`lar-to`lmas “kuydim-pishdim”ga o`tishadi, “o, dastingdan dod, dunyo” deb hayqiradi, ba`zilar “charxning men ko`rmagan dardu balosi qoldimu?” degan savollarga ko`mib tashlaydi, yana ba`zilar chillaga kirgan mulladek, she`rda shunaqa ko`chalarga kirib qolishyaptiki, yoqa ushlamay ilojing yo`q. Yaqinda bir shoirning she`rini televizorda tahlil qilishdi. Uning yori betob ekan. Uzoqdan o`rtog`i ko`rinibdi – u qizining ahvoli haqida xabar olib kelibdi. U etib kelguncha, shoir xavotir ichida kutib turibdi. U kelib, “otang vafot etdi” deydi. Shoir xursand bo`lib ketipti (yori o`lmaganiga bo`lsa kerak-da). Asarni maqtagan tuppa-tuzuk shoirlar xuddi ana shu joyni “ichki dunyoni ochishdagi yangi kashfiyot” deb taqdim etishdi. Kashfiyot o`lsin shunaqa bo`ladigan bo`lsa! Bunaqa gaplar she`rda chinakam she`riyat, nafosat o`rniga, sahnada ko`rsatiladigan yasama o`yinlar, sun`iy qiliqlar ko`payib ketayotganini ko`rsatmaydimi? Oq qog`ozning tili, zaboni yo`q – nimani yozsangiz chidayveradi, ammo iste`dodning iste`dodligi shundaki, u nimani yozishni bilishdan tashqari, nimani yozmaslik kerakligini ham yaxshi bilishi kerak.
Mayli, bu g`amgin, kimlargadir yoqmaydigan gaplarni qo`yaylik.
Bugun tongda ruhi pokingiz bilan yana bir marta gurunglashdim, Zulfiya opa. Va yana bir karra amin bo`ldimki, o`zbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli, mashaqqatli va murakkab yo`lni bosib o`tgan bo`lmasin, unda bir qator tom ma`nodagi ijodkorlar etishib chiqdi. Bugungi istiqlol kunlarida ularning ijodlari yangi qirralari bilan namoyon bo`lmoqda. Shu porloq yulduzlar ichida siz ham oldingi qatorlardasiz, Zulfiya opa!
Sizni juda sog`indim!
2006 yil
ERKIN VOHIDOV, O`zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri
ShOIRANING HAYoT QO`ShIG`I
Shoirlik nima? Ming yillardan qolgan bu savolga har bir davr o`z javobini berishga intiladi. Darhaqiqat, u hunarmi, san`atmi? Tafakkurni lol qiluvchi sehrmi? Va yo hech kim hech qachon anglab eta bilmas mo``jizami? Bir zamonda shoirlikni jodu deb atadilar, odamlarni haq yo`lidan ozdirguvchi kufr dedilar. Boshqa bir zamonda uni payg`ambarlik darajasiga ko`tardilar. Bir davrda shoirlikni targ`ibotchilik-tashviqotchilik deb angladilar, boshqa bir davrda uni inson qalbi uchun, erk, saodati uchun kurashmoq, jang qilmoq deb bildilar. Zamonlar o`tdi, dunyoqarashlar o`zgardi, dinlar, maslaklar, g`oyalar almashindi. Lekin shoir hamisha elning jigari bag`ridan bunyod bo`lgusi zurriyot, el xonadonining chirog`i, ertangi kunga etguvchi sadosi bo`ldi. Xalqning, davrning xotiroti bo`lib dunyoga keldi.
Shoirsiz yurt – bulbulsiz chaman, yulduzsiz osmon, mayoqsiz bandargoh. Shoir Bundan qirq yil muqaddam – ming to`qqiz yuz qirq to`rtinchi yilda O`zbekiston Davlat nashriyoti mo``jazgina bir she`riy to`plamni chop etdi. O`n sakkiztagina she`r jamlangan. «Xijron kunlarida» deb atalgan bu kitobchaning paydo bo`lgan kuni dunyoga Zulfiya nomi bilan atalgan qismat yaraldi. Bu qismat bir qatra bo`ldi-yu, unda zamondosh ayol qalbi o`zining jahoniy dardi, iztirobi, faryodi bilan akslandi. Zulfiya degan ismda hijronzada yuraklarning ohi, nidosi mujassam bo`ldi. Darhaqiqat, shoirlik unvon emas – qismat! Buning isbotini butun borlig`i bilan, barcha ohanglari va ranglari bilan shoira Zulfiya ijodida ko`rmoq mumkin.qaysi zamonda, qaysi yurtda yashamasin, birinchi galda o`z qalbining holatini ayon etadi va agar bu holat minglarning, millionlarning qalbiga esh bo`lsa shoir nidosi umumxalq, umumbashariy nidoga aylanadi. Shoirlik hamma zamonda qismat bo`ldi.
Ey sevgisi aziz, ey sevimli yor,
Ketma, aslo ketma ko`zimdan yiroq.
Garchi tushimda ham seni bir ko`rish
Hijron kunlaridan ming bor yaxshiroq.
Bundoq mehr va sog`inch bilan to`lgan satrlarning haqiqiy bahosini bermoq uchun she`r bitilgan yillar zahmatini, fojialarini tasavvur etmoq kerak. Bu misralar judolik dardida o`rtangan necha ming yuraklarga malham bo`lganini, necha ming ko`ngil daftariga ko`chirilganini xayol qilmoq kerak.
Nega men so`zni «Hijron kunlarida» kitobidan boshladim? Axir ungacha ham Zulfiyaning «Hayot varaqlari», «She`rlar», «Qizlar qo`shig`i» singari she`riy to`plamlari nashr etilgan edi. Bu to`plamlardagi o`zining tiniq jozibasi bilan kishini rom etuvchi talay she`rlar o`sha vaqtdayoq Zulfiya ismini adabiyotga olib kirgan va mustahkam mavqe bergan edi. Biz bu kun o`sha kitoblarni varaqlab mahorat bosqichlarini poyama-poya egallab borayotgan iste`dod nafasini sezamiz, she`riyatning umidli kelajagini ko`ramiz. Lekin «Hijron kunlarida» kitobini o`qiganda biz shunga amin bo`lamizki, shoirlik iste`doddan ham, mahoratdan ham yuqoriroq tushuncha. Yaxshi she`rlar yozmoqning, hatto barkamol satrlar bitmoqning o`zi hali haqiqiy ma`nodagi shoirlik emas. Toki butun kitob va har bir misrada shoirning o`zligi, bor olami bilan qalbu idroki, dardu quvonchi, tarjimai holi va dunyoqarashi bilan she`rning egasi namoyon bo`lmas ekan, dilkashu dardkash Inson ko`rinib turmas ekan – bu hali to`la ma`nodagi she`riyat emas.
«Hijron kunlarida» kitobi bilan o`zbekning uyida shoira tug`ildi, ayol zotining fidoyilik va bardosh, jasorat va nazokat, umid va o`kinch to`la sadosi bo`lib shoira dunyoga keldi va dunyoga kelgan kundan o`zining boqiyligini ta`min etdi.
Zulfiyani shoir qilgan o`z dardli qismati va bu dardli qismat haqidagi samimiy va ehtirosli nidosi. Ulug`lardan biri aytgan ekan: «Shoirni iztirob yaratadi va bu iztirob she`riyat uchun quvonch bo`ladi». Bu so`zlar bus-butun shoira Zulfiyaga taalluqlidir. Shoirani dunyoga keltirgan ulug` iztirob o`z aksiyati bo`lgan ulug` baxtni ham yaratdi. Bu ulug` baxt to`la to`kis xalq va she`riyatnikidir.
She`riyat olamiga har bir ijodkor o`z qo`shig`i bilan kirib keladi. Zulfiya she`riyatga Vafo qo`shig`i bilan kirdi. Va bu qo`shiq ayol sadoqatining yuksak tarannumiga aylandi.
Vafodek muqaddas, pokiza tuyg`uning qimmati hech bir zamonda kam bo`lgan emas. Lekin dahshatli jang yillarida yor sadoqatining buyuk jangovar qudratga aylanganini o`sha davr kishilari biladilar. Urushni ko`rganlar aytadilar: «Bizning g`alabamizni «Katyusha» qurolidan ko`ra ko`proq «Katyusha» qo`shig`i ta`min etdi». Bu so`zlarda ulug` haqiqat bor. «Katyusha» ayni vafo haqidagi sodda va o`lmas qo`shiqdir. Zulfiyaning sadoqat satrlari o`zbek jangchisining o`ziga xos «Katyusha»si bo`ldi.
Shoir qalblarning tarjimoni. Uning yuragini titratadigan rangin tuyg`ulari odatda hayotiy kuzatishlarning, xayolot parvozining mahsuli bo`ladi. Lekin shoira Zulfiyaning vafo qo`shig`i na kuzatishlar, na xayolot mevasi, balki inson Zulfiyaning o`z hayot qo`shig`idir. Shuning uchun ham bu qo`shiq shunchalar yuksak, shunchalar mukammal, shunchalar jozibdir.
O`zbek xalqining hassos shoir o`g`loni Hamid Olimjon va ardoqli shoira qizi Zulfiyaning tutash umri tillarda dostondir. Bu sevgi va ijod qissasi haqida she`rlar bitilgan, hali ulug` ishq dostonlari kabi o`lmas asarlar yozilgusidir. Lekin, shoiraning birgina – «Hijroning qalbimda, sozing qo`limda» degan satri yozilajak barcha «Hamid va Zulfiya»larga sarlavha bo`lmoqqa loyiq.
«Hijron kunlarida» kitobi nashr etilgan 1944 yil Zulfiya hayotida umrlik hijron kunlarining boshlanishi bo`ldi. Shu yil dahshatli falokat Hamid Olimjonni hayotdan olib ketdi. Shoira uchun mushkul sinov yillari boshlandi. Bu so`ngsiz iztirob oldida bardoshning, alam oldida qat`iyatning imtihoni edi. Zulfiya qalbidagi ana shu ziddiyatlar kurashi, pinhoniy zilzilalar o`sha yillarda yozilgan she`rlarda eng nozik tebranishlarigacha sezilib turadi. Bu kurashda shoira yuragining jasorati – hayotbaxsh qudrati, umid va ishonchi g`alaba qildi.
Hijroning qalbimda, sozing qo`limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.
She`riyatimizning hech bir shubhasiz eng nodir durdonalari qatoridan o`rin olgan «Bahor keldi seni so`roqlab»she`ridagi bu satrlar haqida keyincha atoqli shoira Vera Inber shunday degan edi: «Bu qadar og`ir musibatdan so`ng bir yil o`tib shunday umidbaxsh satrlarni bitish uchun qanchalar qudrat kerak!»
Zulfiya shunday qudratni topa oldi. Tabiat ato etgan iste`dod, yurt muhabbati, el xizmatiga kamarbastalik, she`riyat zahmati, yo`llar va odamlar shoira yuragining buyuk tayanchi bo`ldilar. Yillar osha uning she`ri go`zallik va harorat, ijtimoiy salmoq va mardonalik kasb eta bordi. Darhaqiqat, Zulfiya she`riyati mardona she`riyat. Hatto eng mahzun tuyg`ularni ifoda etgan satrlarda ham mag`rur iroda, vazmin qat`iyat bor.
Shoirni zamon va muhit yaratadi. To`g`rirog`i, zamona va muhit oldidagi burch yaratadi. Bular shoirga mavzu beradi, ijod mundarijasini belgilaydi. Zulfiyani shoir qilgan va mana yarim asrdan buyon el ardog`iga bois bo`lgan xislat hayot bilan doimiy hamnafaslik tuyg`usidir. Bu uzoq va sharafli ijod yo`lining har bir bosqichida – bu bosqichlar uzluksiz izlanish, mahorat pillapoyalaridan pog`onama-pog`ona yuksalish bosqichlari bo`ldi – shoira zamon hodisotiga – ijtimoiy hayot voqealariga har daqiqa o`z munosabatini bildirdi, bu munosabat umuman shoir munosabati emas, balki Zulfiyaning va faqat Zulfiyaning munosabati bo`ldi.
Shoiraning o`zligi, betakror iste`dodi she`rdan-she`rga, kitobdan-kitobga yangi-yangi qirralari bilan namoyon bo`lib bordi. Hamda bugun o`zining keng mavzu doirasi bilan ranginligi va jozibasi bilan, samimiyati va bor qudrati bilan ko`z oldimizda yaxlit bir she`riyat – Zulfiya she`riyati yuksalib turibdi.
Zulfiya iste`dodi umummamlakat adabiyotida alohida hodisadir. Tarixiy qismat Sharq ayolining ovozini jahon minbariga olib chiqish sharafi va zahmatini Zulfiya zimmasiga qo`ydi. Bu mas`uliyat uning ijod ufqini va hayot tarzini belgiladi, taniqli jamoat arbobi sifatidagi, tinchlik va xalqlar do`stligining jarchisi sifatidagi o`rnini ta`minladi. «O`g`lim, sira bo`lmaydi urush» she`ri dunyoning qaysi tiliga tarjima qilingan bo`lsa, o`sha tilda so`zlagan onalarning nidosi bo`ldi, «Mushoira» esa Osiyo va Afrika yozuvchilari birdamlik harakatining madhiyasidek jaranglab turibdi.
Madhiya, tarona… Yo`q, bu so`zlarda qandaydir tantanavorlik bor. Zulfiya she`riyatiga xos xususiyat – chuqur samimiyat, nozik o`ychanlik, nurli dard va yorqin obrazlilikdir. Mana Hindiston mavzusidagi she`rlardan biri – «Baxshish»:
Choyingday tim qora yirik ko`zlaring,
Boqishi tilanchmas, mutelikmas – o`q!
Nahot, sen topingan ming bir tangrining
Sodiq bandalardan hech xabari yo`q…
Ko`pchilik she`rxonlar odatda ravon, engil, o`ynoqi she`rlarga ishqiboz bo`ladilar. Ularni davralarda maroq bilan yod o`qib, kuyga solib aytib yuradilar. Zulfiyaning she`rlari bu toifadagi she`rlardan emas. Ular silliq, oson o`qilmaydi. Bu she`rlarni to`xtab-to`xtab har bandining mag`zini chaqib o`qishga to`g`ri keladi. Shoiraning o`zi ham ularni osonlik bilan yozgan emas. Har bir so`z yurakni og`ritib, sitib olingandek. Rus tilida «vstradannoe» degan qisqa va aniq ifoda bor. Zulfiya satrlariga ana shu ifoda to`la-to`kis muvofiqdir. «Yozaman, asabu fikrim savalab» – deydi shoira bir she`rida. Haqiqatan ham uning har bir misrasida yuk bor, ma`no va obrazlar yuki bor, hissiyotning aniq suvratlari bor. «Bir saf olcha gulda – naq qator gulxan oq o`t-la yonganda tong husni o`char» yoki «Janub bu! Bir dengiz iliq og`ushda javlon urganlarga kelar havasim». Bir dengiz iliq og`ush! Chinakam shoirona satr.
Zulfiyaning har bir she`ri juda katta ijodiy ehtiyojning mevasi. U she`r yozish zaruratga aylangandagina qo`lga qalam oladi va har bir misra, har bir so`zga o`ta talabchanlik bilan tosh qo`yadi. O`ziga, she`riga berahmlik Zulfiya iste`dodining xususiyatidir. She`r shakllari, vazn uslublari bobidagi shoiraning izlanishlari alohida diqqatga sazovordir. Bu izlanishlar toza irmoqlar bo`lib uning ijod dengizini har lahza yangilab turadi.
Zulfiya ilhomi sarbastga ham moyil. Ayniqsa, etmishinchi yillardan boshlab yozilgan she`rlarning talay qismi ana shu zamonaviy erkin vazndadir. Bu vaznning hali ko`pchilik o`rganmagan va shoirlar ham hali to`la kashf etmagan tarovati, imkoniyatlari bor. Sarbast – o`lchov qirg`og`iga sig`magan toshqin tuyg`ularning vaznidir. Bejiz emaski, hozirgi yosh shoirlar bu vaznga ko`proq moyillik bildirmoqdalar. Zulfiya she`riyati kun sayin ko`proq izdoshlar tarbiyalamoqda.
Yillar va yo`llar… Bugun shoira o`z umrining nurli yuksakliklaridan turib, o`tgan hayotiga boqadi. Yurgan yo`llarini xotirlaydi, yuragiga yaqin kishilarni eslaydi. Shoiraning bosib o`tgan yo`llari sayyoramizga bir necha bor belbog` bo`lgulikdir. Biz qaysi yurtga qadam qo`ymaylik, adabiyot ahli orasida Zulfiya nomini eshitamiz. Belgradda keksa shoira Desanka Maksimovich bilan ko`rishganimizda uning ilk murojaati: «Zulfiyaxonim sog`-omonmilar?» degan savol bo`ldi. Shunda ko`nglimdan bir fikr o`tdi: Zulfiya nomi O`zbekiston nomi bilan egiz tushunchaga aylanibdi, dunyo xalqlarining O`zbekistonga bo`lgan mehri, o`zbeklarga hurmati shoiraga bo`lgan mehrda mujassam bo`libdi.
Bilaman: sevgidan samoda chirpirak
Parvozlar qaytmas boz,
Ne desam, beqiyos u ishqli yillarim
Ko`rkiga nazira!
Emassan jalada ko`llarni savalab
Bezatgan bir xubob,
Insonning hech bitmas umidu ishqidan
nishona.
Har tongi – bir varaq, har shomi elga esh,
toledan bir insho, bitta bob,
Hayotning hech qachon uzilmas rishtasi
boriga ishona-ishona –
Bitilgich bitta she`r!
Har satri ko`ksimda etilib tirilgan,
Dardi ham quvonchi borlig`im zabt
Etgan jarangli zalvorli.
Tashakkur, yana men tirikman,
Kerakdan-kerakman,
Sabrga bo`ysungan fikr-o`y shiddatli,
Bir shirin g`amzali, g`alvali.
Bu satrlar shoiraning «Tong bilan shom aro» deb atalgan yangi she`riy turkumidan. Naqadar teran, naqadar dardlik va naqadar yuksak mahorat bilan yozilgan misralar. To`la asos bilan aytish mumkinki, bu kunda Zulfiya o`z ijodining kamolot cho`qqisida turibdi, kelajakka ishonch ko`zi bilan boqib: «O, ertam, eng go`zal afsonam» deb turibdi:
Chorlading, jonimni tashlading tengsiz kuch
Jasorat jangiga,
ongladim: Lutfiydek kuylasam buyuk
dard va qudrat borligin!
Zulfiya singari siymolar xalqning baxti bo`lib yaraladilar. Bu baxt avvalo o`zbekniki, O`zbekistonniki, so`ngra esa dunyoniki.
1984 yil
Abdulla ORIPOV, O`zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri
AJOYIB ShOIRA OPAMIZ
Eng avvalo, muhtaram Zulfiya opamizni kattayu kichik adiblar qatori men ham chin dildan muborakbod etaman. Zulfiya opa deganda daf`atan ko`z oldimizda turfa chechaklar bilan ziynatlangan bir chamanzor namoyon bo`ladi. Bu gulzor go`zal she`riyatning muattar bo`ylari bilan orolangandir.
Fazilatlar sarchashmasida Zulfiya opaning shoiralik iqtidori turar ekan, bu iqtidor shoiramizning nomini jahonga tanitgan oliy belgidir. Zulfiya opa suhbatlarida, maqolalarida o`zlarini g`oyatda kamtarin tutib, kam ijod qilganliklarini chiroyli bir nadomat bilan aytib turadilar. Bu gaplar chindan
ham kamtarlik va samimiyat tufayli aytilgan. Lekin gap miqdorda emasligi barchamizga ayon-ku. Zulfiya she`riyatining salmog`i uning ancha murakkab yillarda ham chinakam poeziya sifatlariga sodiq qola olganligi bilan
belgilanadi. Masalan, adabiyotda sxematizmga o`xshash ohanglar avj olgan yillarda Zulfiyaning Hamid Olimjon xotirasiga bag`ishlangan, chuqur insoniylik bilan sug`orilgan dardchil she`rlari yaratildi. Bu she`rlarga o`z vaqtida bir oz hadiksirab qaragan tanqidchilar ham uchragan. Balki o`sha yillarda shundoq hollar bo`lishi tabiiydir. Lekin davr va adabiyot taraqqiyoti she`riyatimizni shonli yo`lga – Zulfiya ijodini bezab turgan she`riy turkumlar yo`liga olib chiqdi. Zulfiya opaning keyingi yillarda yaratgan she`rlarida esa falsafiylik g`oyatda teranlashib borayotir. Bu kabi fazilatlar poeziyaning o`lmasligini ta`minlaydigan noyob unsurlardir.Ijodiy safarlarda yurgan paytlarimiz, qardosh mamlakatlardagi adabiy suhbatlar chog`ida jahonning eng atoqli shoirlari bizdan Zulfiya opamiz haqida so`raganlarida, u kishiga samimiy salomlarini etkazishni iltimos qilganlarida, Zulfiya opadek ajoyib inson bilan hamyurt ekanligingdan faxrlanib ketasan kishi. Ko`plab nomdor adiblar Zulfiya opaga hurmat bilan she`r bag`ishlaganlar yoki asarlarida opaning nomlarini ko`p bora ehtirom ila zikr etganlar. Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr bilan boqib, u kishini “she`riyatimiz malikasi” deb atab keladilar. Opaning hayot jasorati esa qanchadan-qancha qalamkashlar uchun go`zal va afsonaviy ijodiy mavzu bo`lib kelayotir. Bu mavzuda ko`plab she`rlar, dostonlar, hatto sahna asarlari ham yaratilgan. Adabiyot vakillariga xalqning bu qadar e`zoz-e`tibori bejiz emas. Munis, mehnatkash, mushfiq xalqimiz o`zining iste`dodli shoira qizini, hayoti sadoqat va vafo bilan yo`g`rilgan farzandini albatta ardoqlaydi-da.
Zulfiya opamiz mana shu hurmat-e`zozlarga tamomila munosibdirlar.
Suhbatlarimizdan birida men opaning keyingi she`rlari haqida quvonib so`zlaganimda, u kishi: “Ha endi yoshlardan orqada qolmay deyman-da”, deb lutf qildilar. Men esa: “Yo`q, Zulfiya opa, siz she`riyatimizning hamisha oldingi safida edingiz, bundan keyin ham shu oldingi safida boraverasiz”, dedim. Bu o`rinda opaning gaplari hammamizga o`rnak bo`larli kamtarlik bo`lsa, mening javobim ayni haqiqat edi.
1995 yil