Avvalroq Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasining Sug`d viloyati o`rtasidagi “Jartepa” va “Sarazm” o`tkazish punktlari ochilgani haqida xabar bergan edik.
Bu quvonchli yangilik yana davom etmoqda. Muxbirlarimiz Namangan va Sirdaryo viloyatida ham ana shunday chegara nazorat o`tkazish punktlari ochilayotgani haqida xabar yo`lladi, deb yozadi O`zA.

Namangan viloyati Pop tumanida O`zbekiston va Tojikiston Respublikalari sarhadidagi “Pop” nazorat o`tkazish maskanining faoliyati qayta tiklandi.

Sarhad ostonasidagi marosim katta bayramga aylanib ketdi. Azaldan qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog`lanib ketgan o`zbek va tojik xalqi o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik munosabatlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning sa`y-harakatlari bilan yangicha asoslarda mustahkamlanayotgani ta`kidlandi.

– Ushbu nazorat maskanining ochilishi uzoq kutilgan va ikki qardosh mamlakat rahbarlari tomonidan qo`yilgan muhim qadamlardan biri bo`ldi, – deydi Tojikiston Respublikasi Sug`d viloyati raisining o`rinbosari A.Yoqubiy. – Chunki biz, nafaqat yaqin qo`shnilarmiz, balki qon-qardoshlik rishtalari bilan bog`langan ikki tilda so`zlashuvchi bir xalqmiz. O`zaro viza tartibini soddalashtirish yo`lida qo`yilgan mazkur qadam xalqlarimiz o`rtasidagi totuvlik va do`stlikni samimiy asoslarda yanada mustahkamlaydi.

Shoir “Ikkisi bir bayt g`azaldan o`zbegim tojik bilan” deb yozganidek, azaliy an`analarni sog`ingan marosim qatnashchilari to`kin dasturxon atrofida ushbu tarixiy kunni ko`tarinki kayfiyatda bayram qildi.
***
Sirdaryo viloyatining “Xovosobod” hamda Sug`d viloyati “Zafarobod” chegara o`tkazuv punktlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

“Xovosobod” chegara o`tkazuv punktidagi chegara to`sig`i ochilib, karnay-surnay, musiqa sadolari ostida qo`shni Tojikiston delegasiyasi O`zbekistonga tashrif buyurdi. Mehmonlar non-tuz bilan qarshi olindi.

– Yigirma yildan buyon Tojikistonda yashayotgan qondoshlarim bilan diydorlashmagan edim, – deydi xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Ali Xolnazarov. – Amakim Mamadali To`ychiev bilan chegarada quchoqlashib ko`rishdik. Boshimizni boshimizga qo`yib rosa yig`lashdik. Shu kunlarga etkazganiga Yaratganga har qancha shukronalar aytsak kam.

Tojikistonlik qardoshlarga sovg`alar ulashildi. Katta sahnada o`zbek va tojik kuy-qo`shiqlari, raqslari ijro etildi. Mehmon va mezbonlar to`kin dasturxon atrofida dildan suhbatlashdi. Davrada “Xush kelibsiz!”, “Xush omaded!” degan tavozeli kalomlar baralla yangradi.
O`zbekistonliklar ham Tojikistonda munosib kutib olindi. Bu erda ham tantanali marosim bo`lib o`tdi. O`zbek maqomlari, tojik taronalariga esh bo`lib ketdi. Har ikki xalq vakillari birgalikda raqsga tushdi.

– Allohga ming shukur, bugun 20 yillik uzilib qolgan birodarlik, do`stlik, yaxshi qo`shnichilik aloqalari qayta tiklandi, – deydi tojikistonlik Muzaffar Ma`murov. – Yayov kelib-ketsa bo`ladigan joydagi singillarim Gulchehra va Zulfiyani bag`rimga bosish nasib etganiga ming shukur. Birini 22, ikkinchisini 20 yil muqaddam kelin qilib O`zbekistonga uzatgan edik. Mana shuncha vaqt o`tib diydorlashish endi nasib etdi.






