AsosiyJamiyat

O`zbekiston faollari mamlakat xalqini dabdabaga qarshi kurashishga chorladi

'O`zbekiston faollari mamlakat xalqini dabdabaga qarshi kurashishga chorladi 'ning rasmi

O`zbekiston milliy axborot agentligi Respublika "Mahalla" xayriya jamoat fondi va "Nuroniy" jamg`armasi faollarining o`zbekistonliklarga murojaatini e`lon qildi.

Murojaatda keyingi paytlarda to`ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag`ishlangan tadbirlarni o`tkazishda shuhratparastlik, o`zini ko`z-ko`z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, o`zbek xalqining urf-odatlari va an`analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko`zga tashlanayotgani qayd etilgan.

"Ushbu dolzarb masala necha o`n yillardan beri xalqimizning o`tkir muammolaridan biri bo`lib kelmoqda. XX asr boshida jadid bobolarimiz to`y-ma`rakalarimizdagi isrofgarchilik va dabdababozlikning millatimizni ma`naviy tanazzul va qashshoqlikka etaklaydigan illat ekani haqida kuyunib yozganlarini eslaylik. Ulug` ma`rifatparvar bobomiz Mahmudxo`ja Behbudiy millatimiz taraqqiyotiga to`g`anoq bo`ladigan ikki narsa bor: bu — to`y va azadir, deb ayni haqiqatni yozgan edi.

Afsuski, yillar o`tsa-da, zamon o`zgarib borayotgan bo`lsa-da, milliy taraqqiyotimizga katta to`siq va g`ov bo`lib kelayotgan bu illatga barham berish, to`y-ma`rakalarni ixcham, zamonaviy ko`rinishda o`tkazish o`rniga, to`ydan oldin va keyin bo`ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarni o`ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo`l qo`yish holatlari tobora kuchayib bormoqda.

Pul topib, aql topmagan, ma`naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog`i erdan uzilgan ba`zi mansabdorlar bu borada axloq-odob mezonlarini unutib, o`zlarining jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko`rsatib qo`yish kabi xudbin maqsadlarni ko`zlamoqda.

Eng yomoni, bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Ularda halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat va engil-elpi hayot kechirish, manmanlikka intilishning kuchayishiga sabab bo`lmoqda.

To`y-hashamlar bilan bog`liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, ularning qarz va g`am-tashvish botqog`iga botishiga, eng xavflisi, jamiyatimizda qaror topgan ma`naviy muhitni buzishga olib kelmoqda.

Bunday noxush holatlar jamoatchilikning haqli e`tirozini uyg`otmoqda, ommaviy axborot vositalarida, mahalla-ko`y, aholi o`rtasida keng muhokama qilinmoqda. Lekin ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, afsuski, bu borada jiddiy o`zgarishlar ko`zga tashlanmayapti

Muhtaram otaxon va onaxonlar! Qadrli vatandoshlar!

To`y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir. Xalqimizning milliy tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og`irlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan bunday bema`ni holatlarga barham berishni bugun hayotning o`zi talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan biz yurtimiz aholisiga, keng jamoatchilik, hurmatli ziyolilarimiz, aziz farzandlarimiz, mutasaddi rahbarlarimizga murojaat qilamiz: har birimiz o`z hududimizda to`y va ma`rakalar, oilaviy marosim va boshqa tadbirlarning o`tkazilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o`rnatishda faol ishtirok etaylik. Bu borada targ`ibot va tushuntirish ishlari samaradorligi va ta`sirchanligini yanada kuchaytiraylik.

Qur`oni karimda: "Englar, ichinglar, lekin isrofgarchilikka yo`l qo`ymanglar. Zero, Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmagay", deb buyurilgan. Bir kunlik to`y deb butun umr yiqqan-tergan mablag`ini sovurish, bandasiga ato etilgan noz-ne`matni isrof qilish katta gunoh ekanini esdan chiqarmaylik. Soxta obro` orttirishga qaratilgan bunday ishlar o`rniga beva-bechoralarga, nochor insonlar, muhtoj oilalarga yordam beraylik. Xayrli va savobli ishga qo`l urgan, etim-esirning boshini silagan odam bir umr savob olishini, xalq ichida doim hurmat va e`zozda bo`lishini mahalladoshlarimizga, ayollarimiz va bolalarimizga tushuntiraylik.

Har bir mahallada ko`pni ko`rgan, kayvoni otaxon va onaxonlar bosh bo`lib, to`ylarni ixcham, kamchiqim, zamonaviy qilib o`tkazish bo`yicha me`yor va mezonlarni ishlab chiqaylik va ularga qat`iy amal qilaylik.

Yana bir masala — oilaviy tadbirlarda san`atkorlar qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko`rsatsa va shu tartibga qat`iy rioya qilinsa, ularning mas`uliyati yanada oshadi, milliy urf-odatlarimiz va ma`naviyatimizga mutlaqo to`g`ri kelmaydigan kuy-qo`shiqlar, raqs va boshqa chiqishlarning oldi olinadi. Ayni paytda ko`chalar, maydonlar va boshqa jamoat joylarida turli zamonaviy texnik uskunalar, jumladan, ovoz kuchaytiruvchi vositalardan foydalanish atrofdagi insonlarning halovatini buzayotganiga ham befarq bo`lmaylik.

Bunday tadbirlarni o`tkazishda haddidan oshgan kimsalarni — ularning mavqei va lavozimidan qat`iy nazar — mahalla fuqarolar yig`iniga taklif etib, obro`-e`tiborli kishilar, imom-xatiblar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilib, maslahat berib, to`g`ri yo`lga solaylik.

Har bir ishda, jumladan, urf-odatlarga amal qilishda ham me`yor va tartib hal qiluvchi omil ekanini unutmaylik. Hayotimizda osoyishtalik hukmron ekan, oilalarimizda, yurtimizda tinchlik, xotirjamlik va farovonlik barqaror bo`ladi.

Qadrli opa-singillar!

Bugungi kunda mamlakatimizda xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilm-fan, tibbiyot, ta`lim-tarbiya, madaniyat va san`at kabi muhim soha va tarmoqlar rivojini sizlarning ishtirokingizsiz tasavvur etish qiyin. Sizlar xonadonlarimizda, mahallalarimiz, butun yurtimizda o`zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yaratishda doimo faol bo`lib kelmoqdasiz.

Shunday ekan, ijtimoiy hayotimizdagi nufuzingiz va mavqeingizdan foydalanib, to`y va turli marosim o`tkazayotgan oilalarga kirib, sarpo, buyum yig`ishga ruju qo`yish, ortiqcha orzu-havasga berilish nafaqat oila byudjetiga, balki yosh oilalar ma`naviyatining negiziga ham jiddiy putur etkazishini hayotiy aniq misollar orqali tushuntirib berishingiz lozim.

Bu masalada ko`p narsa siz — ayollarga bog`liq ekanini unutmang.

Aziz o`g`il-qizlar!

Sizlarning yorqin istiqbolingiz uchun davlatimiz, ota-onalaringiz barcha sharoitlarni yaratmoqda. O`qib-o`rganaman, zamonaviy kasblarni egallayman, degan maqsad bilan yashayotgan tengdoshlaringiz katta marralarni zabt etmoqda. Eng so`nggi texnika va texnologiyalarni boshqarmoqda, rivojlangan mamlakatlarning ilg`or yoshlari bilan barcha sohalarda tengma-teng bellashmoqda.

Shiddat bilan tez o`zgarib borayotgan bugungi globallashuv zamonida sizlarning asosiy vazifangiz — zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, axborot-kommunikasiya texnologiyalari sirlarini, chet tillarni puxta egallash, mamlakatimizni har tomonlama ravnaq toptirishga hissa qo`shishdan iboratdir. Bugungi dunyo taraqqiyotidan yaxshi xabardor bo`lgan XXI asr yoshlari sifatida sizlar millatimiz sha`niga dog` tushiradigan bunday salbiy illatlarga qarshi kurashda tashabbus va faollik ko`rsatasiz, deb ishonamiz.

Albatta, har bir ota-onaning eng katta orzu-niyati jondan aziz farzandining baxtu iqbolini ko`rishdir. Lekin bunga faqat dabdabali to`y qilish, moddiy boylik to`plash bilan erishib bo`lmasligini sizlar yaxshi bilasiz. Bunga hayotda ko`plab misollar keltirish mumkin.

Avvalo, o`zingizning, qolaversa, millatimizning sha`nini, ota-onalaringiz salomatligini, bo`lg`usi oilangiz baxtini o`ylab, to`ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o`tkazishga tashabbuskor bo`ling!

Aziz vatandoshlar!

To`y-ma`rakalar millatimizning azaliy qadriyatlari va an`analarini namoyon etadigan ko`zgu ekan, ularni yuksak ma`naviy mezonlarga munosib tarzda o`tkazaylik. Bu ezgu ishga hamma birday bosh qo`shishi lozim, hech kim o`zini chetga olishi, menga buning daxli yo`q, deb loqayd bo`lishi mumkin emas. Zero, ne-ne mashaqqatlarni, og`ir kunlarni bir jonu bir tan bo`lib mardlarcha engib o`tgan donishmand xalqimiz odob-axloq mezonlariga ham, muqaddas dinimiz talablariga ham to`g`ri kelmaydigan bunday illatlarga barham berishga qodir, deb ishonamiz.

Biz yurtimiz jamoatchiligini shu yo`lda hamfikr va hamjihat bo`lishga, ushbu dolzarb masala muhokamasida taklif va tavsiyalar bilan faol ishtirok etishga chaqiramiz", — deyiladi murojaatda.

    Boshqa yangiliklar