Yo`l qurilishi va ta`mirida ishlatiladigan yuzdan ortiq texnikalar xarid qilindi, deb xabar berdi Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi matbuot xizmati.
"Zamonaviy transport oqimi sharoitida avtomobil yo`llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yo`llaridagi qurilish va ta`mirlash ishlaridagi o`sib borayotgan talab – joriy quvvatlarni oshirish hamda qo`mita tarkibidagi korxona va tashkilotlar moddiy-texnika bazalarini mustahkamlash masalalarini – yagona texnologik talablar asosida, kompleks hal etilishini taqozo etardi", — deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, 2017-2018 yillar mobaynida 223 dona yangi – yo`l ta`miri va qurilishida ishlatiladigan texnikalarni xarid qilish haqida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi qabul qilindi.
Bugungi kunda yo`l qurilishi va ta`mirida ishlatiladigan 100 dan ortiq texnikalar xarid qilindi. Texnikalar Xitoyning – O`zbekistondagi "UzXCMG" qo`shma korxonasi hammuassisi hisoblangan – "Xuzhou Construction Machinery Group Co Ltd." kompaniyasi bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida xarid qilinmoqda. Bu respublikadagi yo`l xo`jaligi korxonalari tomonidan foydalaniladigan texnikalarning ta`mirida yuzaga keladigan ortiqcha xarajatlarni qisqartirish imkonini ham beradi.
Mazkur texnikalar Avtomobil yo`llari davlat qo`mitasi tarkibidagi "Avtoyo`lta`minot" unitar korxonasi tomonidan olib kelinib, respublikadagi yangi tashkil etilgan, yo`l qurilishiga ixtisoslashtirilgan korxonalarga tarqatilmoqda. 2018 yilning 1-yarmi davomida yana shuncha texnika olib kelinadi.







