AsosiyJamiyat

Jizzaxda ham chegara ochildi (foto)

'Jizzaxda ham chegara ochildi (foto)'ning rasmi

Jizzax viloyatining Yangiobod tumani va Tojikiston Respublikasining Sug`d viloyati o`rtasidagi “Qo`shqand” va “Uchto`rg`on” chegara nazorat o`tkazuv punktlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston va Tojikiston Respublikalarining davlat bayroqlari bilan bezatilgan o`tkazuv punktidagi tantanali tadbirda har ikkala tomondan viloyat hokimliklari, urush va mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari, chegara hududidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirok etdi.

8.JPG

Karnay-surnay sadolari ostida “Qo`shqand” chegara nazorat o`tkazuv punktidagi to`siq ochilib, qo`shni Tojikiston delegasiyasi O`zbekiston hududiga kirib keldi. Mehmonlar o`zbekona mehmonnavozlik, non-tuz bilan kutib olindi.

Tadbirda O`zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining sa`y-harakati bilan tarixi, kechmishi, taqdiri bir bo`lgan ikki xalq o`rtasidagi sun`iy to`siqlarning olib tashlanishi Hazrat Mir Alisher Navoiy va mavlono Abdurahmon Jomiy asarlarida tarannum etilgan buyuk do`stlik abadiy ekanligining amaliy isboti bo`lganligi ta`kidlandi. Bu do`stlik ikkala mamlakatning ham har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilishi e`tirof etildi.

9.JPG

– O`zbek va tojik xalqlari bir-biri bilan azaldan qondosh, qadrdon, quda-anda bo`lib kelgan, – deydi Yangiobod tumanidagi “Balandchaqir” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Olimjon Begmatov. –Bizlar ikki tilda gaplashuvchi bir xalqmiz. Bizning to`yimiz, ma`rakamiz bir-birimizsiz o`tmagan. O`tkazish maskanlarining ochilishi bu azaliy yaqinligimiz, bordi-keldimiz yana bardavom bo`lishiga xizmat qiladi.

Mehmon va mezbonlar to`kin dasturxon atrofida dildan suhbatlashishdi. Sahnada o`zbek va tojik kuy-qo`shiqlari, jozibali raqslar ijro etildi.

O`zbekistonliklar ham Sug`d viloyatining Istaravshon shahridagi chegara nazorat o`tkazuv punktida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Bu erda ham tantanali tadbir bo`lib o`tdi. O`zbek va tojik san`atkorlari ijrosidagi kuy-qo`shiqlar bayramga o`zgacha fayz bag`ishladi. Ikki xalq vakillari birgalikda raqsga tushib, bir piyola choy ustida diydorlashdi.

12.JPG

– Shu kunlarga etkazganiga Allohga shukr, – deydi Yakkabog` qishlog`ida istiqomat qiluvchi 96 yoshli otaxon Akmalxon Qutbiddinov. – Ikki xalq azaliy og`a-iniligi, do`stligi, quda-andachiligi yana davom etayapti. O`zbekistonga qiz berib, qiz olganmiz. Qadimdan tojiklar O`zbekiston bozorlarida, o`zbeklar O`ratepa bozorida bemalol savdo-sotiq qilgan. Bugun mana katta shodiyona, ulug` ish bo`ldi. Xalqlarini o`ylagan davlatlarimiz rahbarlariga katta rahmat.

– Yo`llar ochilganidan nihoyatda quvondim, – deya suhbatimizga qo`shildi istaravshonlik o`qituvchi Mavluda Hamdamova. – Ukam Bekobod shahrida yashaydi, ovsinim to`rt qizini ham O`zbekistonga – Yangier va Bekobod shaharlariga uzatgan. Qarindoshlarimiznikiga borib-kelishga qiynalayotgan edik. Mana endi, emin-erkin ularnikiga borish baxtiga muyassar bo`ldik. Birorta to`y-ma`rakaga borish uchun ham viza olamiz, deb 15 kun sarson bo`lardik. Xudoga shukr, bunday ovoragarchilik va rasmiyatchiliklarga chek qo`yildi. Xalqimiz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmondan behad minnatdor.

Shu kuni Yangiobod tumanidagi Qo`shqand qishlog`ini Tojikistonning Zafarobod tumani bilan bog`lab turuvchi “Uchto`rg`on” chegara nazorat o`tkazish punkti ham ochildi.

– Mehr ko`zda deb bejizga aytishmaydi, – deydi shu kuni qarindoshlari bilan diydorlashgan Tojikistonning Zafarobod tumanida yashovchi Abdumannon Qobilov. – Qardoshlik rishtalari yana davom etayotganidan judayam xursandman. O`zim Yangiobod tumanidagi Chakand qishlog`ida tug`ilganman. Taqdir taqozosi bilan Tojikistonda yashamoqdaman. To`rt nafar farzandim bor. Qarindoshlarimnikiga to`y-ma`rakalarga borishga qiynalib qolgan edik. Mening 300 dan ziyod qarindoshim O`zbekistonda. Endi yo`llar ochilib, bemalol diydorlashadigan bo`ldik. Buning uchun xar ikki davlatning xalqparvar rahbarlariga katta rahmat.

Sarhadlardagi marosim katta bayramga aylandi. Azaldan qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog`langan o`zbek va tojik xalqi o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik munosabatlari qayta tiklanishi shodu xurramlik bilan nishonlandi.

    Boshqa yangiliklar