AsosiyJamiyat

BMT Oliy komissari o`z oilasi bilan O`zbekistonga borish istagida ekanini ma`lum qildi

'BMT Oliy komissari o`z oilasi bilan O`zbekistonga borish istagida ekanini ma`lum qildi'ning rasmi

Jeneva shahrida davom etayotgan BMTning inson huquqlari bo`yicha kengashi 37-sessiyasi doirasida BMTning inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O`zbekiston Adliya vaziri R.Davletov, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida O`zbekistonning BMT bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorligi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Oliy komissar fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirilayotgani, odil sudlovni takomillashtirish va samaradorligini oshirish, adolatni ta`minlash yo`lida muhim qadamlar qo`yilayotganidan mamnunligini bildirdi, deb yozadi O`zA.
Shu maqsadda xalq bilan muloqot yo`lga qo`yilgani, inson manfaatlarini ta`minlash borasida Harakatlar strategiyasi doirasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Zayd Raad al-Husayn muloqot chog`ida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Toshkent va Nyu-York shaharlarida uchrashganini, shuningdek, 2017 yil may oyida O`zbekistonga safari samarali o`tganini esga oldi.

Oliy komissar O`zbekistonda hayotning barcha jabhalarida davom etayotgan demokratik o`zgarishlarni yuqori baholadi. Jumladan, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirishga qaratilgan ishlar e`tiborga molik. O`zbekistonda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni va diniy bag`rikenglikni saqlab qolish muhim ahamiyatga ega.

2018 yilning noyabr oyida Samarqandda inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi bo`lib o`tishi, O`zbekiston 2021-2023-yillar mobaynida Inson huquqlari bo`yicha kengash a`zosi bo`lish tashabbusi bilan chiqqanini qo`llab-quvvatlashini bildirgan Oliy komissar O`zbekiston bilan nafaqat inson huquqlari, balki boshqa sohalarda ham faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Kelajakda u o`z oilasi bilan O`zbekistonga borish istagida ekanini ham ma`lum qildi

    Boshqa yangiliklar