AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ipak qurti g`umbagidan yog` olinadi

'O`zbekistonda ipak qurti g`umbagidan yog` olinadi'ning rasmi

O`zbekipaksanoat” uyushmasi joriy yilning uchinchi choragidan boshlab ipak qurti g`umbagidan yog` ishlab chiqarishni boshlaydi. Buning uchun kerak bo`ladigan uskunalar xitoy kompaniyalariga buyurtma qilindi.

Mutaxassislarning ma`lum qilishlaricha, bir litr g`umbak yog`i jahon bozorida 200 dollar atrofida baholanadi. Hozirga qadar ipak qurti g`umbagining bir kilogrammi parrandachilik, baliqchilik sanoati korxonalari uchun ozuqa sifatida 3-4 ming so`mga sotilgan. Ushbu mahsulot aralashmasidan tayyorlangan tibbiyot surtmalari jarrohlikdan keyin hosil bo`ladigan chandiqlarni yo`qotish, soch to`kilishini oldini olish xususiyatiga ega. Undan kosmetologiya sohasida, sovun, shampun ishlab chiqarish sanoatida keng foydalanish mumkin.

Ana shunday qiziqarli ma`lumotlar “O`zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi B.Sharipov va Finlandiya halqaro biznes hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti direktori, Fin Fond vakilli Birgit Nevala bilan uchrashuvi chog`ida keltirildi, deb yozadi O`zA.

Uchrashuvda O`zbekiston bilan Finlandiya o`rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish doirasida ipak qurti g`umbagidan yog` olish, fin tadbirkorlari va sayyohat ishqibozlarini uyushma tashkil etayotgan hunarmand kasanachilar mahallasiga tashrifini tashkil etish orqali tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish, o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Pilla.jpg

Endilikda pillachilik tarmog`iga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig`imlar undirilmasdan kirish vizalari rasmiylashtiriladi. Davlat bojisiz ko`p martalik vizalar berish, muddatini uzaytirish, vaqtincha yashash joyida ro`yxatdan o`tkazish va muddatini uzaytirish amalga oshiriladi.

– O`zbekistonning bu qadar rivojlangan, obod yurt ekanini bilmagan edim, juda katta tassurotlarga ega bo`ldim, – deydi Finlandiya halqaro biznes hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti direktori, Fin Fond vakilli Bergit Nevala. – Finlar bilan o`zbeklar o`rtasida o`xshashlikni topdim, ular boshqalarga hurmat ko`rsatuvchi, tortinchoq. Bugungi uchrashuv juda muhim bo`ldi. Finlandiya kompaniyalari bilan o`zaro hamkorlik qilish mumkin bo`lgan sohalarni muhokama qildik. Tezroq ipakchilik va sayyohlik borasida hamkorlikni yo`lga qo`yish istagidamiz. Eng avvalo, ipak sayyohligini yo`lga qo`yib, tutzorlar yaratishda ishtirok etamiz. Kesilgan tut shoxlaridan hamkorlikda mebel sanoati uchun kerakli mahsulotlar ishlab chiqaramiz.

— Hozirga qadar Evropani ayrim davlatlari bilan ipak matolar etkazib berish borasida yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yganmiz, – deydi “O`zbekipaksanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi B.Sharipov.- Lekin, shimoliy evropa davlatlari — Norvegiya, Finlandiya bilan hozirga qadar hamkorlik aloqalari yo`q edi. O`rganishlarimiz ushbu mamlakatlarda bizda chiqadigan mahsulotlarga talab yuqori ekanini ko`rsatdi. Mehmonimiz ham bir necha yo`nalishlarda hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda. Fin Fond uzoq muddatli investisiya kiritishga rozilik berdi.

Uchrashuv yakunida bir guruh fin sayyohlari va tadbirkorlari yaqin kunlarda O`zbekistonga kelishi, yog` ishlab chiqarish va tutzorlar yaratish borasida kelishuvga erishildi.

    Boshqa yangiliklar