Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`tgan yili sentyabr oyida Amerika Qo`shma Shtatlariga tashrifi davomida “okean orti”da istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ularning turmush-tarzi, ish faoliyati, o`qishdagi yutuqlari haqida suhbatlashgan edi. O`z navbatida, davlatimiz rahbari Amerikada yashayotgan ko`p sonli yurtdoshlarimizni o`z Vataniga qaytishi, bu erda emin-erkin faoliyat yuritib, O`zbekiston rivojiga hissa qo`shishga chorlagan edi.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu jarayonning dastlabki qadamlari qo`yildi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasida “AQShdagi vatandoshlar bilan madaniy va ma`rifiy aloqalarni yo`lga qo`yish” mavzuida videokonferensiya bo`lib o`tdi, deb xabar berdi "Xalq so`zi" nashri.
Videoanjumanda mamlakatimizning 17 ta vazirlik va jamoat tashkiloti mutasaddilari, xodimlari qatnashdi. AQShda umr kechirayotgan o`zbek diasporasi tomonidan Chikago shahridagi “O`zbek — Amerika assosiasiyasi” prezidenti Olim Sharipov, Filadelfiya shahridagi “Yurtdosh” jamoat tashkiloti rahbari Sharofitdin Ziyamov, Atlanta shahridagi “O`zbek jamiyati aloqalari” rahbari Jaloliddin Xodjaev, “Toshkent — Sietl” birodarlashgan shaharlari assosiasiyasining raisi o`rinbosari Lola Zaxarova va shu jamoat tashkilotlarining yigirmadan ziyod faollari ishtirok etdi.
Toshkent vaqti bilan tonggi soat 8:00da, Amerika vaqti bilan taxminan tungi soat 22:00da bo`lib o`tgan ushbu virtual muloqot mazmunli va samimiy ruhda o`tdi. Uzoq muddat echimini kutib turgan muammolar haqida nihoyat gapira olish imkoniyati tug`ilganidan mamnun bo`lgan vatandoshlar garchi boshqa-boshqa shtatlarda yashasalar-da, o`rtaga tashlagan takliflari, ko`targan masalalari deyarli bir xil edi.
Tadbir boshida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Kamoliddin Ishanxodjaev mamlakatimizda xorijiy mamlakatlar bilan do`stona munosabatlar va madaniy-ma`rifiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini ta`kidladi.
2017 — 2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo`shnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratilgan bo`lib, millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi.
Lola ZAXAROVA,
“Toshkent — Sietl” birodarlashgan shaharlari -assosiasiasining raisi o`rinbosari:
— O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni katta hayajon bilan kuzatib borayapmiz. Prezident Shavkat Mirziyoevning nafaqat mamlakat ahli, shu bilan birga, xorijda yashayotgan vatandoshlar xolidan muntazam xabardor bo`lib turganidan mamnunmiz.
2018 yil biz uchun muhim yil hisoblanadi. Chunki “Toshkent — Sietl” assosiasiyasining tashkil etilganiga 45 yil to`ladi. Bu yilgi rejalarimiz talaygina. 24 mart kuni Navro`z bayramini nishonlaymiz. Tadbirimizda mingga yaqin kishi qatnashish istagini bildirdi. Ular orasida Sietl shahri fuqarolari, shu erda yashayotgan o`zbek oilalari, shuningdek, bayramimizga kelish istagini bildirgan boshqa millat vakillari ham bor. Navro`z Sietldagi o`tkaziladigan eng katta xalq shodiyonalaridan biri hisoblanadi. Xuddi O`zbekistondagi kabi qozonlarda osh damlab, sumalaklar tortiladi, o`zbek milliy raqs va qo`shiqlari ijro etiladi. Bayramga Amerikaning boshqa shtatlari va Kanadadan mehmonlar tashrif buyurishadi. Bizning tashkilotimiz turli sohalarda hamkorlik qilishga tayyor. Turizm, ta`lim, tibbiyot sohasi, yuridik sohalar bo`yicha ikki davlat o`rtasida hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish niyatidamiz.
Mazkur videomuloqot orqali ona-Vatanimizni sog`inganimizni yanada chuqur his qildik. Bundan o`zgacha hayajon tuydik. Yaqin vaqt ichida vazirlik va idoralar bilan har tomonlama aloqalar o`rnatib, O`zbekiston imidjini AQShda targ`ib etishga tayyorligimizni bildirmoqchiman.
Fazliddin ShAMSIEV,
Sietlda istiqomat qilayotgan vatandoshimiz:
— Sietl shahrida taxminan 100 ta o`zbek oilasi yashaydi. Bu erda o`zbek mahallalarini tashkil etganmiz. Hozir yoshlarimiz tarbiyasi uchun ko`proq qayg`urmoqdamiz. Chunki Vatandan uzoqda, o`zga tilda ta`lim olish kichik yoshdagi farzandlarimizning o`z ona tillarini unutib qo`yishi xavfini tug`dirmoqda. Bizga o`zbek tilini o`rgatadigan bolalarbop darsliklar, o`quv qo`llanmalari, milliy urf-odatlarimizdan hikoya qiluvchi kitoblar juda zarur. Anjumanda yaqin vaqt ichida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan bizga adabiyotlar taqdim qilinishi haqidagi xabarni eshitib juda quvondik
Axborot-resurslari bazasini tashkillashtirish maslahati berildi. Shu bazada mamlakatimizda olib borilayotgan isloxotlar, tub o`zgarishlar va umuman, barcha ob`etiv ma`lumotlarni jamlashtirish imkoni bo`ladi.
Olim ShARIPOV,
Chikago shahridagi “O`zbek — Amerika assosiasiyasi” prezidenti:
— Jamiyatimiz Amerikada yashayotgan o`zbek fuqarolari orasida ona tilimizni, madaniyatimizni, urf-odatlarimizni saqlash, bolalarimizni o`zbekona ruhda tarbiyalash va amerikaliklarga O`zbekistonni faqat yaxshi tomondan tanishtirish maqsadida tuzilgan. Niyatimiz O`zbekistondagi biror maktab bilan hamkorlik o`rnatish. Bu borada biz ingliz tilidagi kitoblarni o`zbekistonlik bolalarga etkazib bera olamiz va o`z navbatida, sizlardan o`zbek tilidagi kitoblarni olsak, degan orzularimiz bor. Bu erdan turib kompyuter sohasida dars beradigan yigitlarimiz ko`p, ular onlayn tizimida o`zbekistonlik bolalarga saboq berishlari mumkin.
Shuningdek, videoanjuman davomida Filadelfiya shahri AQShdagi o`zbek uyushmalarining Butunjahon kongressi vise-prezidenti Zafar Safarov, Atlanta shahar o`zbek jamiyati aloqalari raisi Rahmon Eshov va boshqalar O`zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari bilan hamkorlik o`rnatish yuzasidan o`z fikrlarini bildirishdi.
Vatandoshlarimizni qiziqtirgan barcha savollariga yig`ilishda ishtirok etgan mutasaddilar atroflicha javob berishdi. Tomonlar bo`lib o`tgan ochiq muloqotdan mamnun bo`lgani va bundan keyin ham shunday tadbirlarni muntazam ravishda o`tkazishga kelishib olishdi. Eng asosiysi, yaqin vaqt ichida turli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” ishlab chiqilishi qayd etildi.






