Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda tabiiy gazning portlashi oqibatida bir oilaning bir necha a`zosi jarohat olganligi haqida xabar tarqaldi. Aslida voqea qanday bo`lgan edi?
Viloyat IIB Yong`in xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislarining ma`lumotiga ko`ra, Andijon shahar “Mehnat” mahalla fuqarolar yig`ini, Turkiston ko`chasida yashovchi Sherali Do`smatov xonadonida qo`lbola gaz so`rgich moslamasi jo`mragi to`liq berkitilmaganligi natijasida xonada tabiiy gaz to`planib, elektr chirog`i yonishi bilan chaqnash sodir bo`lgan. Oqibatda xonadon sohibi Sherali Do`smatov, turmush o`rtog`i Gulmira Do`smatova, farzandlari Shukurillo va Xumoyun Do`smatovlar turli darajada kuyish tan-jarohati olib, og`ir ahvolda shifoxonaga yotkizilgan. Bundan tashqari, xonadon katta miqdorda moddiy zarar ko`rdi, butun mahallaning tinchi buzildi.
Yong`in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan olib borilayotgan profilaktik-tushuntirish ishlariga, ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim fuqarolarning yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida joriy yilning o`tgan davrida Andijon viloyatida 148 yong`in hodisasi sodir bo`ldi. Yong`inlar natijasida 5 nafar fuqaro tan-jarohati olib, shifoxonaga yotkizildi, 6 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko`z yumdi.
Sodir bo`lgan yong`inlar tahlil qilinganda, asosan aholi xonadonlarida isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalariga amal qilmaslik, elektr simlarining qisqa tutashuvi, foydalanilayotgan gaz va elektr jihozlarining nosozligi yong`inga sabab bo`lganligi aniqlangan.
Yuqoridagi kabi ko`ngilsizliklar kelib chiqmasligi uchun fuqarolar hamisha hushyor bo`lishi, yong`in xavfsizligi qoidalariga qat`iy amal qilishi zarur.






