AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Tomdi tumanida aholi bilan muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoev Tomdi tumanida aholi bilan muloqot qildi 'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Tomdi tumanidagi 12-bolalar musiqa va san`at maktabi faollar zalida Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahri jamoatchiligi vakillari, oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar bilan muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.


Samimiy muloqot chog`ida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, qo`shni davlatlar bilan do`stona hamkorlik, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, har qaysi qishloq, tuman va shaharda odamlarni qiynayotgan masalalarni bartaraf etish, yangi ish o`rinlari yaratish, ta`lim-tarbiya masalalari xususida so`z yuritildi.

Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatining ko`p millatli aholisi ahil-inoq, birodarligi bilan barchaga o`rnak bo`layotgani, o`zbekni qozoqdan yoki rusdan ajratib bo`lmasligini, ular mamlakatimizdagi barcha o`zgarishlarga munosib hissasini qo`shib kelayotganini alohida ta`kidladi.

Yig`ilishda viloyatdagi qozoq milliy madaniyat markazi faollari, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashlari rahbarlari, pedagoglar, shifokorlar, sport murabbiylari, tadbirkorlar so`zga chiqib, Prezidentimizning chekka hududlar aholisi bilan bevosita uchrashayotgani odamlarning ertangi kunga bo`lgan ishonchini oshirayotgani, maktabgacha ta`lim tizimidagi o`zgarishlar, yoshlar tarbiyasini to`g`ri tashkil etilayotgani jamiyatda muhit o`zgarishiga olib kelayotgani haqida fikr-mulohaza bildirdilar.

Shu bilan birga, tadbirda o`z echimini kutayotgan qator muammolar tilga olinib, ularni joyida hal qilish bo`yicha mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berildi.

Shavkat Mirziyoev eng chekka tumanlar aholisining ma`naviyatini oshirish, salomatligini mustahkamlash, bandligini ta`minlash masalalari davlatimizning diqqat e`tiborida ekani, viloyatdagi keng qamrovli o`zgarishlar odamlarga munosib turmush sharoiti yaratishga xizmat qilishini alohida ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar