Poytaxtimizda ADWEEK marketing va reklama haftaligi doirasida marketing konferensiyasi, marketing va reklama ko`rgazmasi, reklama tanlovi hamda innovasion yarmarka, panelli munozaralar bo`lib o`tdi. Bu haqda O`za xabar berdi.
“Milliy marketing markazi” korxonalar uyushmasi tomonidan Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Soliq qo`mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Intellektual mulk agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu haftalikdan ko`zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda marketing sohasini va reklamani takomillashtirishga qaratilgani bilan muhimdir. Shu bilan birga, bunday chora-tadbirlar ushbu yo`nalishlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni har jihatdan qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirishda o`z samarasini beradi.
Ayniqsa, “International” mehmonxonacida o`tkazilgan marketing va reklama ko`rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Unda mamlakatimizning reklama agentliklari, dizayn-studiyalar, web-studiyalar, matbaa korxonalari, media agentliklari, marketing agentliklari ishtirokchilarni o`z faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

– Ko`rgazmada yigirmadan ortiq kompaniya va korxona o`z imkoniyatlarini namoyish etdi, – dedi “Milliy marketing markazi” korxonalari uyushmasi boshqaruvi raisi D.Mirzaahmedov. – Bu jarayon ular uchun nafaqat mijozlar jalb qilish, balki xodimlari uchun sohasi bo`yicha bilim va tajribasini oshirishga puxta zamin yaratdi. Qolaversa, bu ko`rgazma marketing bozorida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishish uchun manba bo`ldi.
ADWEEK reklama tanlovi g`oliblarini taqdirlash marosimi ham o`ziga xos tarzda tashkil etildi. Unda kompaniya, korxona va oliy ta`lim muassasalari talabalarining 250 dan ortiq ishi ko`rib chiqildi. Yakuniy natijaga ko`ra, “Reklama sohasidagi yutuqlari uchun”, “Reklama sohasidagi xizmatlari uchun” va “Reklamani rivojlantirishga qo`shgan hissasi uchun” va boshqa nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanib, diplom va sovg`alar bilan taqdirlandi. 
– Tanlov g`olibi bo`lganimizdan xursandmiz, – dedi “Ziynat dizayn” mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sherzod Erkaboev. – Bugungi yutuq o`tgan yillar mobaynida to`plagan tajriba va sa`y-harakatimiz natijasi, albatta. Ko`plab mijozlarga ega korxonamiz faoliyati uchun bunday ishonch va e`tibor bizni yanada a`lo darajada ishlashga undaydi. Buning uchun tadbir tashkilotchilaridan minnatdormiz.






