Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi ayollar jazoni ijro etish muassasasida “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta`minlash, bilib-bilmay jinoyat qilgan ayollarni to`g`ri yo`lga qaytarish hamda oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlar yuksak samaralar berayotgani ta`kidlandi.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash, ish bilan ta`minlash, yolg`iz va ko`makka muhtojlariga yordam ko`rsatish, sog`lig`ini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko`rilmoqda.
– Fond tomonidan tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylari, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilarini qo`llab-quvvatlash maqsadida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bo`lim boshlig`i Firdavs Xoliqov. – Bu borada fond xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilib, turli ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Bugungi bayram tadbiri ham jazoni ijro etish muassasadagi ayollarning ko`ngliga iliqlik olib kirish, ularni bayram munosabati bilan tabriklash maqsadida tashkil etildi.
Tadbir doirasida namoyish etilgan "Sug`diyona" xalq cholg`ulari milliy kamer orkestrining konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag`ishladi.
03.03.2018 13:52
Zangiotada Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri o`tkazildi






