87 yoshni qarshilagan O`zbekiston xalq artisti Po`lat SAIDQOSIMOV teatr va kino san`atining eng zabardast aktyorlaridan sanaladi. O`lmas rollari bilan xalqning mehrini qozongan ustoz san`atkorning umr “bekat”lariga to`xtalamiz. Undagi eng yorqin xotiralar sizlarni ham befarq qoldirmasligiga ishonchimiz komil...
“KO`P TUNLARNI UZUN NAVBATLARDA O`TKAZGANMAN”
— 1931 yilning oktyabrida tug`ilganman. Bolaligim haqida so`rashsa, yorqin xotiralarni so`zlab berolmayman. Chunki bolalik yillarim qahatchilik davriga to`g`ri kelgan. Yodimda, oilamiz bilan juda og`ir, eslashga ham yurak dov bermaydigan kunlarni boshdan kechirganmiz. 10 yoshimda urush boshlangan, katta akamni olib ketishgan. O`sha yillardagi oilaviy sharoit tufayli onam bilan birga bozorga chiqishga majbur bo`lgandim. Shu sababdan bir yil maktabga bormaganman. Ikkinchi akam ham yashash uchun kurashib, qo`lidan kelgan barcha ishni qilardi. Otam ichki ishlar sohasida ishlardi, shu sabab uni urushdan olib qolishgandi. Har kuni kechqurun ishdan qaytayotib, non olib kelardi. U vaqtlarda yarim tundan navbatga turilar, non olish katta gap edi. Men ham uyqudan voz kechib, juda ko`p tunlarni uzun navbatlarda o`tkazganman. Non har bir oila uchun katta mo``jiza edi. Otam olib kelgan qora nonni onam bo`laklarga bo`lib edirardi.
“JIZZAKILIGIM TOG`AMDAN O`TGAN”
— Onam doim menga “shartakiliging tog`angdan o`tgan” derdi. Chunki oilada faqat men cho`rtkesar, gap kelganda qaytarmaydigan edim. Ota-onam esa aksincha, hech qachon birovga yomon gapirishmagan. Hatto otamning jahli chiqqanda ham biror marta ovozini balandlatganini eshitmaganmiz. Ikki o`g`ildan keyin tug`ilganim uchun vaqtida erkalik ham qilganman. 10 yoshimgacha aytganim aytgan edi (kuladi). Balki shuning uchunmi maktabni tamomlab, “san`atkor bo`laman”, deganimda ham hech qanday qarshiliklar bo`lmagan.
O`sha yillari hozirgi Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrining yozgi binosida spektakl qo`yishardi. Daraxtga chiqib, tomosha qilardim. Ko`rgan spektakllarimni qayta qo`yishsa ham xuddi ilk bor ko`rayotgandek, joyimdan jilmasdim. Ba`zi spektakllarni yoddan bilardim. Uyga borib, aktyorlarning gap-so`zlarini qaytarib, ularga taqlid ham qilganman (kuladi). Teatrga shu tariqa bog`langanim, bu sohaga qiziqish va mehrimni uyg`otgan, nazarimda.
10-sinfni tamomlab, hech qanday ikkilanishsiz hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining aktyorlik bo`limiga hujjat topshirganman. O`sha vaqtlarda “artist bo`lasanmi?” degan past nazar sabab, bu institutga talab katta emasdi. Shuning uchun ham guruhda sakkiztagina talaba bo`lganmiz, hammasi yigitlar. Buyuk aktyorlar qo`lida ta`lim olish baxti nasib etgan.
4-bosqichda o`qiyotganimda ilk bor institut sahnasiga chiqqanman. O`shanda Molerning “Zo`raki tabib” asarini sahnalashtirgandik. Xoh ishoning, xoh ishonmang, qahramonimning so`zlari, o`sha paytdagi his-hayajonim, ichimdan o`tgan har bir o`y haligacha yodimda. Maqtanishga yo`ymang-u, bu spektaklimiz yaxshigina ovoza bo`lgandi. Xuddi teatr aktyorlaridek professional darajada ijro etgandik (kuladi). Shu voqeadan keyin “San`atni tanlab adashmabman”. degan xulosaga kelganman.
“18 YIL KINOSINOVGA QATNAGANMAN”
— Kino olamiga kirib kelishim u qadar oson bo`lmadi. 18 yil davomida faqat kinosinovlarga qatnaganman. Kinodagi ilk qadamlarim 1953 yil “Shohiso`zana” filmidagi epizod rol bilan boshlangan. U paytlarda bitta rol uchun 5-6ta aktyorni sinab ko`rishardi. Ochig`i, o`sha davrda rejissyorlar o`zimizdagi iqtidorlar bilan emas, ko`proq chet el aktyori bilan ishlashni yoqtirishgan. Ammo aktyor ana shunday chig`iriqlardan o`tishga tayyor bo`lishi kerak ekan. Qo`l siltab ketish, oldindagi katta yutuqlardan voz kechish demak.
1971 yil rejissyor Shuhrat Abbosov meni “Muhabbat mojarosi”dagi Mahkam roliga chaqirdi. Shundan keyin omad qushi elkamga qo`ngan.
1973 yilda esa YuNESKOning talabi bilan O`zbekistonda ilk bor ikki qismli film suratga olinib, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy rolini talqin qildim. Ammo bu rolga erishish ham oson bo`lmagan. Shu rol uchun turli davlatlardan kelgan 58ta aktyor sinovdan o`tgan. Oxirgi bosqichda To`g`on Rejametov, Shuhrat Ergashev va men qolganmiz. Turli sahnalarni qayta-qayta ijro etganman. Va meni rolga ta`sdiqlashgan. Ammo oradan ikki-uch kun o`tib kinostudiyaga borsam, rahbariyat fikrini o`zgartirishi mumkinligini aytishdi. O`sha payt hamma narsadan hafsalam pir bo`lib, to`g`ri “O`zbekfilm”ning direktori yoniga kirganman. Kamchilik nimada ekanini o`zidan bilishni istagandim. “Qirqiga chidading, qirq biriga ham chida”, deya yana kinosinovni davom ettirgandim. O`sha payt har bir ijodiy ish Moskvadagi badiiy kengashdan tasdiqlatilardi. Tasvirga olish ishlari boshlanganda ham har 300-400 metr plyonkani suratga olib, qayta ko`rilardi. Xullas, Abu Rayhon Beruniy rolini qalbimda katta ikkilanish bilan ijro etganman. Chunki “yuqori”dagilar istalgan payt “to`xtatinglar!” deb qolishi hech gap emasdi-da. Shukrki, unday bo`lmadi. Filmdagi sahnalar qanchalik og`ir bo`lmasin, shu rolni ijro etish baxti nasib etgan. Bu film ko`pgina festivallarda yuqori o`rinlarni olgan. Ammo ming afsuski, filmni o`sha vaqtda Rossiyada ham, o`zimizning televidenieda ham ko`rsatishmadi. Eshitishimcha, tez kunlarda filmni o`zbek tiliga ovozlashtirib, namoyish etishar ekan. Bugungi avlod bu nodir asarni ko`ra olishidan juda hursandman.
“O`zbekfilm” bugun kinoijodkorlardan tarixiy asarlar kutmoqda. Buning uchun esa yaxshi ijodiy kuch va albatta, “yuk”i bor ssenariylar kerak. Kelajakda Al Hakim at-Termiziy, Muhammad al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Mirzo Bobur, Amir Temur haqida hujjatli va badiiy filmlar suratga olish rejalashtirilgan.
“HURRIYaT” SPEKTAKLIDA RAFIQAMNI TOPGANMAN”
— 1959 yili turmush o`rtog`imni ilk bor ko`rganman. O`shanda Moskvaga san`at kunlarini o`tkazishga borgandik. “Hurriyat” spektaklida ommaviy sahnalarda chiqadigan aktyorlarni olib kelishdi. Ular orasida sodda, istarali qiz e`tiborimni tortdi. Roziya bilan shu tariqa tanishganmiz. Kelishgan yigit bo`lganim uchun Roziya ham menga befarq bo`lmagan. Taqdirimiz qo`shilgan ekan, uch yildan so`ng oila qurdik. O`qishni tamomlagach, ustozi uni “Sahna nutqi” fanidan dars berish uchun institutda olib qolgan. Bir gapni aytib o`tay, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan Tohir Saidovni shevada gapirmaydigan qilgan mening rafiqam. Xorazmliklarning o`ziga xos shevasi bor, tushunish biroz qiyin. Lekin yillar davomidagi mashq va mehnatlar tufayli rafiqam Tohirning nutqini Xorazm shevasidan xalos qilgan. Shu kungacha ko`pgina mashhur aktyorlar bilan ishlagan. Hozir nafaqada, nabiralar bilan vaqt o`tkazadi. Ikki o`g`il, bir qizimiz — Ravshan, Shavkat va Barno bizga o`nta nabira va evaralar sovg`a qilishdi. Hayotimdan mamnunman, shukr qilib yashab kelyapmiz.
“HAYoTIMDAGI JUDOLIKLAR”
— Institutni tamomlagach, uch yil viloyat teatrida ishlab berishim kerak edi. Mening chekimga Samarqanddagi Hamid Olimjon nomidagi musiqali teatr tushgan. Ammo shu safarim davomida onamni yo`qotganman. 1956 yili onam jigar sirrozi xastaligi bilan yotib qolgandi. Noxush xabarni aytishganida quloqlarimga ishonmaganman. Yoniga etib borishga qanchalik urinmay, ulgurmadim. Toshkentga samolyot yo`q edi... O`sha lahzadagi holatimni tasvirlab berolmayman, o`kirib-o`kirib yig`lagandim. Ertasi kuni qabristonga bordim... Onamni so`nggi yo`lga kuzatolmaganim, oxirgi marotaba diydoriga to`yolmaganim armon bo`lib qolgan.
1965 yilda esa otam o`pka saratoni bilan vafot etgan. Shifokorlar uyga qaytarib yuborganida otam uyquda edi. Biz esa tepasida duo o`qib o`tirganimiz haligacha ko`z o`ngimda. O`shanda otam ko`zlarini ochmay, uyquda jon bergan...
1996 yilda ikkinchi akam, 1999 yilda esa katta akam vafot etdi. Shuncha yaqinlarimdan ayrildim. Hatto fojia sabab o`g`lim Shavkatdan ham ayrilganman, 44 yosh edi. Yaqinlar va ayniqsa, farzand dog`i juda og`ir bo`ladi. Bu musibat hech kimning boshiga tushmasin. Taqdirim shunday ekan, deya yashashni davom ettirishdan boshqa choramiz yo`q...
Aliya SULAYMANOVA
suhbatlashdi