O`zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida o`zbek vatandoshlar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Uchrashuvda London, Brayton, Bornmut, Birmingem va Manchester shaharlarida o`qib, mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, Buyuk Britaniya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Vatandoshlarimizga O`zbekistondagi o`zgarishlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma`lumot berildi.
Diniy sohadagi yangiliklar, ayniqsa, diniy ta`lim yo`nalishida olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar ishtirokchilarning diqqat-e`tiborini tortdi. 2017 yilning o`zida Imom Termiziy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizasiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasining tashkil etilishi xalqimizni, dunyo musulmonlarini quvontirgan, xalqaro ilmiy doiralarning olqishi va e`tirofini qozongan voqea bo`ldi.
“Har kuni ona yurtimizdan yangilik, xushxabar eshitib, qalbimiz quvonch va sevinchga to`ladi. Internetga kirib, “bugun O`zbekistondan qanday xabar bor ekan”, deb intiqlik bilan kuzatamiz. Jonajon Vatanimizning shonu shavkati kundan kunga ziyoda bo`lib borayotganidan to`lqinlanib yuramiz”, dedi uchrashuv qatnashchilaridan biri.
Samimiy ruhda kechgan muloqotda Buyuk Britaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan diplomatlarimizga murojaat qilishdi. Jumladan, O`zbekistonda nashr etiladigan darslik va kitoblarni muntazam etkazib turish, Internetda O`zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari, imom-xatiblar bilan onlayn suhbatlar tashkil etish kabi takliflarni bildirishdi.
“Biz dinimiz arkonlarini qanday ado etish bilan bog`liq ayrim masalalarga duch kelamiz. Buyuk Britaniyada turli aqidaviy yo`nalishlarga mansub musulmonlar yashaydi. Shu sababli O`zbekiston ulamolariga to`g`ridan-to`g`ri murojaat qilish va o`zimizni qiziqtirgan savollarga javob olishni istardik”, dedi Londonda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdan biri.






