Avval xabar qilinganidek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv o`tkazish hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning IV sammitida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.
O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin Xitoy rahbarining Shanxay shahridagi qarorgohida uchrashuv o`tkazdi. Suhbat chog`ida tomonlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro munosabatlarning bugungi holatini yuksak baholadi va hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilashda bunday uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladilar, deya xabar beradi O`zA.
Davlatimiz rahbari o`zaro hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etib, Xitoy rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
XXR Raisi mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash tarafdori ekanini ta`kidladi. Si Szinpin O`zbekiston rahbari bilan bundan buyon ham yaqin shaxsiy muloqotni davom ettirishga, ikki tomonlama munosabatlarda “yanada yuksak marralarga erishish uchun barcha sa`y-harakatlarni ishga solishga” tayyor ekanini qayd etdi.
Xitoy rahbari davlatlarimiz o`rtasida mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish lozimligini ta`kidladi. Si Szinpin O`zbekiston mintaqadagi muhim davlat ekanini qayd etib, Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi ishonchni, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot borasida mamlakatimiz bilan o`zaro sa`y-harakatlarni birlashtirishni taklif etdi.
Islom Karimov va Si Szinpin o`zaro hamkorlikka doir qator masalalarni, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalasini atroflicha muhokama qildi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashning Shanxay shahrida bo`lib o`tgan IV sammitida ishtirok etdi va nutq so`zladi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash qit`ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan xalqaro forumdir. Bugungi kunda Kengashga 24 davlat a`zo. To`qqiz mamlakat va to`rt xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilaridir.
Davlatimiz rahbari o`z nutqida ta`kidlaganidek, bugun dunyoda ro`y berayotgan tahlikali, beqaror siyosiy va iqtisodiy voqealardan xavotirga tushmagan davlat, jamiyat bo`lmasa kerak. Bu, o`z navbatida, xalqaro xavfsizlikka ham ta`sir o`tkazmasdan qolmaydi. So`nggi vaqtlarda jahonning ayrim mintaqalarida yuzaga kelayotgan vaziyatni kuzatar ekanmiz, barqarorlikni izdan chiqaruvchi omillar – kuch ishlatish va zo`ravonlik xavfi tobora kuchayib borayotganini afsus bilan qayd etmoq lozim. Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik xavfi, millatlararo va konfessiyalararo qarama-qarshiliklar ham kamaygani yo`q.
Islom Karimov sammit qatnashchilari e`tiborini muhim masala – ishonch masalasiga qaratdi. O`zbekiston rahbari qarama-qarshi tomonlarni murosaga keltirish uchun, avvalambor, ular o`rtasida yuzaga kelgan muammoni hal etishga qaratilgan o`zaro xayrixohlikka erishish zarurligini ta`kidladi. Aks holda, ular o`rtasidagi barcha muzokaralar bir-biriga e`tiroz bildirishdan nariga o`tmay qolishi va bu holat cheksiz davom etaverishi mumkin. Bu, o`z navbatida, dunyoning turli mintaqalarida hal etilmay kelayotgan ziddiyatlarni yuzaga chiqaradi. Faqat o`z manfaatini ko`zlaydigan tashqi kuchlar ushbu ziddiyatlarning avj olishi va hatto chegaradan chiqib ketishiga sabab bo`lmoqda. Biroq, vaziyat qanday tus olmasin, bunday ziddiyatlarning asosiy sababi bir-biriga qarshi kurashayotgan tomonlar o`rtasida o`zaro ishonchning yo`qolishidir. Bu ishonchni qayta tiklash va albatta mustahkamlash zarur.
Prezidentimiz ishonch – bu muhim element va asosiy majburiyat ekanini, busiz tinchlik va barqarorlikni ta`minlash borasidagi har qanday muzokaralar jarayonida bahsli masalalarni hal etish, o`zaro tushunish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash sari qo`yilgan maqsadlarga erishib bo`lmasligini ta`kidladi. Ammo ekspertlarning fikricha, zamonaviy dunyoda, birinchi navbatda, xalqaro munosabatlarda o`zaro ishonch mustahkamlanish o`rniga susayib bormoqda.
Yuzaga kelayotgan real vaziyat bugun ushbu masalalar o`z echimini talab qilayotgan g`oyat dolzarb muammolar ekanini ko`rsatmoqda. Aksariyat tahlilchilar bugungi kunda jahondagi vaziyat shiddat bilan o`zgarayotgani va globallashuv ko`lami kengayib, xomashyo resurslari va kommunikasiyalarni nazorat qilish bo`yicha geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgani, beqaror davlatlarda bo`lgani kabi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o`rtasida ham daromad teng taqsimlanmayotgani bunday holatlar yuzaga kelishining asosiy sabablari, deb hisoblaydi.
Islom Karimov ta`kidlaganidek, bugungi kunda radikalizm, xalqaro terrorizm, ekstremizm va narkotrafik mafkurasi bir mamlakat yoki muayyan mintaqa muammosi emas. Bu muammolar milliy chegarani bilmaydi, ayniqsa, yosh avlodni o`z domiga tortmoqda. Davlatimiz rahbari terrorizmni faqat islom dini bilan bog`lash mutlaqo noto`g`ri yondashuv ekanini alohida qayd etdi.
Ko`pgina ekspertlarning fikricha, xalqaro boshqaruv institutlarining muvofiqlashtiruvchi roli, birinchi navbatda, xalqaro huquqning asosiy normalariga qat`iy rioya etish bo`yicha yagona yondashuvning zaiflashgani vaziyatning tobora keskinlashuviga sabab bo`lmoqda.
O`zbekiston davlatlararo va xalqaro darajadagi ishonchni qayta tiklash va mustahkamlash, shubhasiz, dunyoda ziddiyatli jarayonlar kuchayishining oldini olishda muhim tayanch va asosiy to`siq, notinch mintaqalarda o`zaro kurashayotgan markazlarning bir-biri bilan raqobatlashishining, vaziyat keskinlashuvi va izdan chiqishini to`xtatishning ishonchli va muhim vositasi, deb biladi.
Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin nutqida Osiyoda xavfsizlikning yangi konsepsiyasini ishlab chiqish bo`yicha bildirilgan takliflar e`tibor va qo`llab-quvvatlashga loyiq ekanini, o`zaro ishonch, manfaat, tenglik va hamkorlik kabi prinsiplarni amalga oshirish ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadlari bo`lishi darkorligini ta`kidladi. Ijtimoiy tizim va unga yondashuvdagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etish, boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik muhim vazifadir. Shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni izchil rivojlantirish va mustahkamlash, savdo va investisiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, transport-kommunikasiya va energetika sohalarida yirik qo`shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy yuqori texnologik ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etishga doir takliflar ham qo`llab-quvvatlashga loyiq. Prezidentimiz zamonaviy dunyoda talab yuqori bo`lgan bunday yangicha yondashuvlar bugungi kunda ayniqsa muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.
O`zbekiston rahbari qo`shni Afg`onistonni rivojlantirish istiqbollari to`g`risida ham o`z fikr-mulohazalarini bildirdi. Bugun shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Afg`oniston muammosini hal etishdan manfaatdor barcha tomonlar bir fikrda yakdil – Afg`onistonda harbiy yo`l bilan tinchlik o`rnatib bo`lmaydi. Islom Karimov O`zbekiston bu fikrni NATOning 2008 yil apreldagi Buxarest sammitida ham ilgari surganini qayd etdi.
Mojaroni bartaraf etishning yagona to`g`ri yo`li – siyosiy yo`l bo`lib, muzokaralar orqali qarama-qarshi tomonlarning o`zaro kelishuviga erishish, mamlakatning asosiy milliy-etnik guruhlari vakillaridan iborat hukumatni shakllantirishdir. O`zbekiston rahbari Afg`onistonda prezident saylovining ikkinchi bosqichi qonun doirasida o`tkazilishiga umid bildirdi va bu jafokash Afg`oniston xalqi uchun tinch hayot sari yo`l ochib berishi mumkinligini ta`kidladi.
O`zbekiston Afg`onistonning yaqin qo`shnisi sifatida uning ichki ishlariga aralashmaslik, hamkorlikni faqat ikki tomonlama asosda tashkil qilish, Afg`oniston xalqi saylagan hukumatni qo`llab-quvvatlash siyosatida qat`iy turadi.
O`zbekiston murosaga kelayotgan tomonlar oldiga nafaqat muzokara jarayonini cho`zadigan, balki keskinlikning yana avj olishiga, ziddiyat va tortishuvlarning yanada kuchayishiga olib keladigan shartlar qo`yilishi mutlaqo samarasiz va bunga sira yo`l qo`yib bo`lmaydi, deb hisoblaydi. Afg`onistondan AYSAF tinchlikparvar kuchlarining chiqarilishiga kelsak, ushbu mamlakatda yuzaga kelgan vaziyat qo`shinlarni 2014 yilning oxiriga qadar olib chiqib ketish yakuniy muddatini uzaytirishni talab qiladi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash oldida qanday murakkab, hal etish mushkul bo`lgan muammolar turganini yaxshi tasavvur qilishini ta`kidladi. Ushbu vazifalarning hal etilishi davlatlar o`rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilash, keskinlik va qarama-qarshiliklarni yuzaga keltiradigan sabablarga barham berish borasidagi barcha sa`y-harakatlarimizni oqlashi mumkin.
Prezidentimiz Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasining Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashga raislik qilishi Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash borasidagi murakkab muammolarni hal etishda muhim rol o`ynashiga ishonch bildirdi. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengashga raislik 2016 yilgacha Xitoyga o`tdi.
Shuning bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi nihoyasiga etdi. Prezidentimizning XXR Raisi bilan o`tkazgan uchrashuvlari ikki davlat rahbarlari o`rtasidagi ishonchli munosabatlarga, mamlakatlarimizning o`zaro manfaatli hamkorligini strategik sheriklik ruhida rivojlantirishga xizmat qiladi.