Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o`tkazilgan navbatdagi buyrak transplantasiyasi amaliyoti o`zining murakkabligi va shifokorlardan nihoyatda katta mas`uliyat talab qilishi bilan ajralib turdi. Gap shundaki, Qoraqalpog`iston Respublikasi Shumanay tumanidan kelgan Bekbergan Qo`chqorov buyrak etishmovchiligi bilan birga, qandli diabet xastaligidan ham aziyat chekayotgan edi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
— Buyrak transplantasiyasini o`tkazishning o`zi mas`uliyatli yumush. Agar bemorda qandli diabet kasalligi va o`tkir buyrak etishmovchiligi bir yo`la uchrasa, bu amaliyot yanada murakkablashadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qon-tomir jarrohligi va buyrak transplantasiyasi bo`limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Fazliddin Bahriddinov — Chunki, qandli diabetda tomirlar toraygan bo`ladi, bu operasiya jarayonida og`ir muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois, jahon tibbiyotida bunday og`ir operasiyalarni o`tkazish uchun malakali mutaxassislar jamoasi, yuqori texnologiyalari sharoitlar talab etiladi. Uzoq yillardan beri qand kasalligi bilan xastalangan bemor Bekbergan Qo`chqorovga uning 46 yoshli ukasi Shimbergen Qo`chqorov donorligida buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyotini muvaffaqiyatli yakunladik. Ko`rib turganingizdek, bemor va donorning ahvoli juda yaxshi. Ularning har ikkalasi hozir shifokorlar nazoratida. Barcha ko`rsatmalariga to`la rioya etilsa, bemor tez orada oyoqqa turib, sog`lom hayotga qaytadi.
— Yoshim 55 da. 10 yildan beri qand kasalligidan aziyat chekaman, —deydi Bekbergan Qo`chqorov. — Bu xastalik buyraklarimga ham zarar etkazdi. Oxirgi bir yarim yil mobaynida gemodializ muolajalari bilan hayot kechirdim. Ammo ahvolim og`irlashib boraverdi. Rostini aytsam, hayotdan umidimni uzgan paytlarim ham bo`ldi. Bugun esa o`zimni dunyoga qayta kelgandek his etmoqdaman. Tibbiyotimizda inson a`zolari transplantasiyasi bilan bog`liq operasiyalar yo`lga qo`yilgani men va men kabi yana o`nlab bemorlarga ana shunday yangi hayot baxsh etdi. Shifokorlarning qo`llari dard ko`rmasin.
Hozirda olimlar va shifokorlar transplantasiya amaliyotlarini yanada takomillashtirish, bemorlarga xizmat ko`rsatish sifatini oshirish, yurak transplantasiyasini yo`lga qo`yishga taraddud ko`rmoqda.






