O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar qilindi.
Qarorga asosan:
2018 yil 1 maygacha – vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolar ko`p boradigan Rossiya va Qozog`iston hududlari va shaharlariga yangi temir yo`l yo`nalishlari joriy etish;
2018 yil 1 iyungacha – vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar tomonidan talab yuqori bo`lgan yo`nalishlarda yangi yo`lovchi poezdlarni qo`yish hamda plaskart va umumiy vagonlar sonini ko`paytirish;
2018 yil 1 iyulgacha – vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarni tashish uchun zarur bo`lganda xorijiy temir yo`l kompaniyalarning respublika hududiga kirishini, O`zbekiston hududiy temir yo`l bog`lanmalaridan Rossiya Federasiyasi va Qozog`iston Respublikasi stansiyalarigacha yo`lovchi tashishini nazarda tutgan holda, ta`minlash;
2018 yil 1 maygacha – Vazirlar Mahkamasiga O`zbekiston havo yo`llari” MAK huzurida pasaytirilgan tariflarda tashuvchi, kambyudjetli aviakompaniya (loukoster) tashkil etish to`g`risida takliflarni kiritish nazarda tutilgan.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi elektron ma`lumotlar bazasiga ro`yxatga olingan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga quyidagi imtiyozlar berilmoqda:
*2018 yil 1 apreldan fuqarolarga plaskart va umumiy vagonlarga temir yo`l chiptalari hamda iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalar narxlariga 20 foizgacha chegirma;
*har bir fuqaroga temir yo`l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so`m miqdorda beg`araz to`lov (bir yilda bir marta).
Qarorda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketayotgan fuqarolar uchun quyidagilarni o`z ichiga olgan bank va sug`urta xizmatlarini ko`rsatish nazarda tutilgan:
AT “Aloqabank”ning soddalashtirilgan ochish shartlari bilan “VISA-migrant” plastik kartalarini joriy etish, hamda ATIB “Ipoteka bank” tomonidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari ekvivalentida kredit ajratish;
“O`zagrosug`urta” AJ tomonidan Rossiya Federasiyasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolarni kompleks sug`urta himoya qilish bo`yicha Rossiyada o`z vakolatxonalarini ochish, imtiyozli tariflar bo`yicha fuqarolarning hayoti va sog`lig`ini sug`urtalashni rasmiylashtirish.






