Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi “Musurmon ota” fermer xo`jaligi raisi Subiniso Boymatova samarali va fidokorona mehnati uchun 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz sovg`asi – “Nexia-3” avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Kasbi pedagog bo`lgan Subiniso Boymatova ko`p yillar maktabda tarix-huquq fanidan dars berdi. 1998 yilda farzandlarini yoniga olib paxtachilik va g`allachilikka ixtisoslashgan fermer xo`jaligi tashkil etdi. Ayni paytda 93 gektar erda dehqonchilik qilib, har yili davlatga g`alla, paxta sotish shartnoma rejasini oshirib bajarmoqda, deb yozadi O`zA.
Opa el-yurtning manfaatini ko`zlab ishlaydigan fidoyi insonlardan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam ko`rsatishni o`zining burchi, deb bilishi bilan ko`pchilikning hurmatini qozongan.
– Mening, jamoamning yurt farovonligiga qo`shayotgan kichik ulushini katta baholagani uchun Prezidentimizdan behad minnatdorman, – deydi Subiniso opa. – Bu yuksak ishonch va e`tiborni g`ayrat bilan mehnat qilib, elimiz dasturxonini to`kin qilishga yanada ko`proq hissa qo`shish bilan oqlashga harakat qilamiz.






