O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali, Termiz davlat universitetining Denov filiali hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialini tashkil etish qarorlari qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilindi.
Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filialini tashkil etish to`g`risidagi qarorga ko`ra, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filialining 2017/2018 o`quv yili uchun talabalar kontingenti Surxondaryo viloyatida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) Termiz davlat universiteti va boshqa turdosh oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur oliy ta`lim muassasalariga to`plagan ballari eng yuqori ballning 30% dan (68,0 balldan) kam bo`lmagan abiturientlar hisobidan shakllantiriladi.
Termiz davlat universitetining Denov filialini tashkil etish to`g`risidagi qarorga muvofiq, filialning 2017/2018 o`quv yili uchun talabalar kontingenti Surxondaryo viloyatida doimiy yashayotgan (doimiy propiska qilingan) Termiz davlat universiteti va boshqa turdosh oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur oliy ta`lim muassasalariga to`plagan ballari eng yuqori ballning 30% dan (68,0 balldan) kam bo`lmagan abiturientlar hisobidan shakllantiriladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialini tashkil etish to`g`risidagi qarori bilan filialga 2017/2018 o`quv yili uchun bakalavriat dasturi bo`yicha kontrakt asosida 300 kishi qabul qilinishi belgilandi.
Filialni tamomlagan talabalarning Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot kadrlari tanqis bo`lgan tibbiyot muassasalarida o`n yil ishlab berishi majburiydir.
2017-2018 o`quv yilida Filialga abiturientlar qabul qilishni Surxondaryo viloyatida doimiy yashaydigan (o`qishga kirishda doimiy propiskaga ega bo`lgan), 2017 yilda “Davolash ishi” ta`lim yo`nalishi bo`yicha respublikaning oliy tibbiyot ta`lim muassasalariga hujjatlar topshirgan, tanlovdan o`tmagan va to`plangan ballarning izchilligi qat`iy hisobga olingan holda kirish test sinovlari natijalari bo`yicha to`planishi mumkin bo`lgan eng ko`p ballarning kamida 30 foizini (68,0 ball) to`plagan shaxslardan tashkil etiladi.
Surxondaryo viloyatida doimiy yashaydigan, hozirgi paytda respublikaning oliy tibbiyot ta`lim muassasalarida o`qitishning to`lov-kontrakt shaklida ta`lim olayotgan 4-5-bosqichlar talabalari o`z xohishlariga ko`ra Filialga davlat granti bo`yicha o`qishga qabul qilinadilar. Bunda mazkur shaxslar Surxondaryo viloyatining tibbiyot kadrlariga taqchillik mavjud bo`lgan tibbiyot muassasalarida majburiy tartibda o`n yil ishlab berishi lozim.






