Muhabbatning tashrifi bahor...

Mutolaa 07.03.2018, 11:41
Muhabbatning tashrifi bahor...

«Hamma ishonsa ham, men bu gaplarga ishonmasdim... Erim dom-daraksiz yo`qolgan bo`lsa-da, uni Suriyadagi jangarilar safida tasavvur qilolmayman. Yo`q, bunday bo`lishi mumkin emas. U meni, bizni sevadi, yuragida muhabbati bor inson esa haq yo`ldan adashmaydi...»

Qo`limdagi maktub ayni shunday so`zlar bilan boshlagandi. Mushtariylarimizdan kelgan bundan avvalgi murojatlarni o`qib, bosh muharririmizga sharhlaganimdagi kayfiyat meni butkul tark etdi. Xonanda Sharof Muqimov bilan gaplasha olmaganidan xafa muxlis qizning nolalaridan ham, nashrimizga shon-sharaflar yog`dirib, so`ngra «Savolim, albatta, aliment haqida» degan jumladan ham endi hayratlanmasdim.

«Bugun boshimdan va yuragimdan kechirganlarimni «SUG‘DIYONA»ga yozib yuborgim keldi. Ko`nglimdagilarni to`kib solish vaqti etdi, nazarimda.

Ikki farzandning onasiman. Turmush o`rtog`im bilan deyarli tengdoshmiz. U bolalikdan sho`x, biroz to`poriroq ham edi.

— Muhabbat, shu tantiq bola sendek og`ir-bosiq qizni yaxshi ko`rishiga hammamiz hayron qolamiz-da.

— Ikkingiz ikki dunyosizlar-a. U erga ursang, ko`kka sapchiydi. Sen esa dunyoni suv bossa, to`pig`iga chiqmaydigan qizsan!

— Endi o`qishga kirdi, seni ham tinch qo`yar, mundoq engil nafas oladigan bo`lding, dugonajon. O`zing ham uni jiningdan battar yomon ko`rasan chog`i.

— Voy, qizlar, kecha opam dugonasini ovutib o`tirganini eshitib qoldim. «Yomon ko`rganing oldingga keladi, deb aytishadi», dedi. Muhab, sen ham ko`pam Begzodni yomon ko`raverma...

Dugonalarim biri olib-biri qo`yib, menga nasihat o`qishayotganida ko`nglimga qil ham sig`masdi. O`qishdan yiqilganim alam qilayotganda bularning aytayotgan gaplari jig`imga tegardi. Qancha tayyorlandim, qancha o`qidim?! Ana, yil davomida aniq fanlardan tayyorlangan Zilola o`z-o`zidan tibbiyot yo`nalishiga, tag`in davlat granti asosida kirib o`tirsa... Dugonalarim esa o`zlaricha o`qishdan yiqilganim uchun meni ovutishgani kelishgan-u, Begzod haqida safsata sotish bilan ovora.

— Men nima darddaman-u, bularning topib olgan gapini, deb o`tiribsan-a ichingda? Buncha tumshaymasang? O`qishdan yiqilibsan, bechora, hamdardmiz, desak, uvillab yig`lab yuborsang kerak. Ko`nglingni ko`taraylik deb, Bek haqida gapirib o`tiribmiz-da, — rangim ochilavermaganidan keyin Xurshida o`zlarini oqlash uchun yanada ovozini ko`tarib gapirdi.

Men esa miq etmadim. Qaytanga, yig`lab yuborsam bo`ladimi.

Endi dugonalarim ham og`ziga tolqon solib olishdi. Bilishayaptiki, meni ovutish uchun aytayotgan so`zlari qulog`imga kirmayapti... Yarim soatlar ora-sirada bir-biriga pichir-pichir qilib o`tirishdi-da, hartugul sekin o`rinlaridan qo`zg`alishdi. Kechga tomon dadam ishdan qaytishi bilan motamsaro qismatim ustidan hukm chiqardi.

— Yig`i-sig`i qilib yurganingdan nima naf? Ish gaplashib qo`ydim. Qo`lingda diploming bo`lsa, hamshiralik qilaverasan. O`qishga ham tayyorlanasan.

Avvaliga ro`yxushlik bermagan bo`lsam-da, dadamning gapi uyimizda qonunligi uchun bir hafta o`tar-o`tmay ishga tushib ketdim. Dardim biroz unutilayotganda esa qo`shni yigitdan sovchi keldi.

— Doim ko`z oldimizda bo`ladi. Said ham yaxshi yigit. O`qitishlari ham mumkin.

Bu so`zlar rozilik alomati edi. Oshkora yig`i-sig`i, isyon qilishga uyalardim. Menga «ha» yoki «yo`q» deya javob beradigan savol ham berishmadi — non sindirib qo`ya qolishdi.

O`sha kun ham tong doimgidek otdi. Maydalab yog`adigan yomg`ir ham, gupillagan qor ham yo`q edi. Biror esda qolarli alomatlardan xoli shunday kunda hayotimning o`zgarib ketishi xayolimning uchiga ham kelmay uyg`ondim. Ishga otlanarkanman, kelinoyim gapi borligini aytdi. Bugun bo`lajak kuyov bilan uchrashar ekanman. Necha yillardan beri yonma-yon yashaydigan yigit bilan uchrashishim nega kerakligini tushunib-tushunmay shoshib uydan chiqdim.

Ishxonaga borsam, kadrlar bo`limi boshlig`ining avzoyi buzuq. Hamshira qizlarning aytishicha, turmushga chiqayotganimdan xafa emish. Xuddi o`zim xursanddek?! To`yga to`yyona yig`ish, keyin tug`ruq ta`tiliga chiqish kabilar unga ortiqcha tashvish ekan. Uning xafaqonligini ham, nega tashvish orttirayotganimni ham tushunmay, oq xalatimni kiyib ishga kirishdim.

Kun davomida Saidni xayolimda tasavvur qilishga urinib ko`rdim. Devormiyon qo`shni yigitning negadir yuzini aniq-tiniq eslay olmadim. Garchi to sovchi jo`natguncha kuniga necha martalab yuzma-yuz to`qnash kelgan bo`lsak-da...

Ish vaqtim tugaganiga qaramay, u xonadan-bu xonaga o`tib, bemorlardan sizga hech narsa kerakmasmi deya ko`ngilli hamshira rolini o`ynab yurish o`zimga yoqayotgandi. Ammo birpasda qorong`u tushib qolishini o`ylab, taqdirga tan berdim.

Shifoxona hovlisiga chiqarkanman, kimdir meni kuzayotgandek yon-verimga alangladim. Kadrlar bo`limi boshlig`iga o`xshagan birov ko`rib qolsa, ertaga kichik axborotga ham zor yotgan bemorlar tilida doston bo`lishdan cho`chirdim-da.

Darvoza yaqinida gul ko`targan yigit ko`rinmaganidan ko`nglim taskin topdi. Balki ishida ushlanib qolgandir. Kim biladi, baxt kulib menga uylanish niyatidan qaytgan bo`lishi ham mumkin?! Afsuski, xomxayollarimning umri qisqa ekan. Yigirma metrlar yurmasimdan Said yonimda paydo bo`ldi. Gullari juda chiroyli ekan-u, baribir, ular menga quvonch bag`ishlay olmadi. Ishlarim haqidagi qator savollariga uzuq-yuluq javob berib ketayotganimizda kimdir ismimni aytib chaqirdi.

— Muhabbat!

Ovoz egasini taniy olmay ming xayolga borib, ortimga o`girildim. Bizdan ikki qadam orqada vajohatidan ot hurkadigan Begzod turardi.

Nimalar bo`layotganini tushungunimcha u Saidni chetga tortdi. Uch-to`rt daqiqa gaplashar-gaplashmas, mening yonimga keldi-da, «Uyingga boramiz», deya qat`iy gapirdi. Uning yo`limni to`sishlari, rashk qilishlaridan avvalari o`zimda yo`q xursand bo`lardim. Ammo bugun chinakamiga qo`rqdim. Tag`in unashtirilgan yigitim oldida.

Xullas, shu kuni poytaxtdan o`qishini tashlab uchib kelgan Begzod to`yni to`xtatdi. Said bizga baxt tilaganini eshitgan dadam ham noiloj Begzodning sovchilariga rozilik berdi. Oradan ikki yil o`tib to`yimiz bo`ldi».

Dom-daraksiz yo`qolgan er to`g`risidagi gaplar bilan boshlangan maktub oshiq yigitning muhabbati uchun kurashiga ulanib ketganidan kalavaning uchini yo`qotib qo`ymasin-da mushtariymiz, degan fikrga bordim. Shu payt tahririyatning raqamiga telegrammdan xabar keldi.

«Nevajno, nevajno» deb nom qo`yib olgan qizning savoliga diqqat qilmasam bo`lmasdi...

«Yigitim bilan urishib qoldim, iltimos, qanaq qib yarashsam bo`ladi, manga maslahatlariz juda zarur...»
Bor-yo`g`i shu gap. Odatda, bizga xabar yo`llaganlarning profillariga mo`ralayman. Harqalay ularning rasmlari sal bo`lsa-da murojaat egasi bilan tanishish imkonini beradi.

Elkalari ochiq qiz lablariga bo`yoq surtayapti. Tepasida quyidagi «ma`noli so`z»lar yozilgan:

«Sani xurmat qilaman lekn boysunmiman!

Sansiz hayot qizumas lekn yasholiman!

Uzr soriman lekn kechrmiman!

Qaytishini kutaman lekn kel dp yalinmiman!»

Chuqur uh tortsam-da, murojaat egasiga savolini batafsilroq yozib yuborishini aytdim. Axir vazifamiz har bir mushtariyga e`tibor qaratishni taqozo etadi. To «Nevajno. Nevajno» sevgi iztiroblarini g`ij-g`ij xatolar bilan yozib yuborguncha men Muhabbatning chiroyli husnixat bilan bitilgan xatini o`qishda davom etdim.

«Muhabbat avvalo insonning ruhini poklashiga, uni tarbiya etishiga Begzod misolida guvoh bo`ldim. U to`ygacha ijobiy tomonga o`zgardi. «Begzod olib qochib ketaman, deb qo`rqitgani tufayli unga tegayapsanmi?» deya achinish nigohi bilan qaragan dugonalarim esa chin dildan meni yupatishardi. Men esa ichimda kulib qo`ya qolardim.

To`yimizdan keyin qaynonamning amma-xolalarga aytayotgan gaplari qulog`imga chalinganda ham Begzodning qalbidagi muhabbat hali ko`p yaxshiliklarga qodirligiga yana bir bor amin bo`ldim.

— O`g`limga yaxshi ko`rgan qizini olib berib to`g`ri qilibman. Qarang, uyim-joyim deydigan, favqulodda mehribon yigitga aylandi.

— Qizg`anmayapsizmi o`zi? Kelin kelib, yakka-yolg`izingizni o`ziga og`dirib olganidan achchig`ingiz kelmayaptimi? — qaynonamning singlisi opasiga bu savolni berganida quloqlarim ding bo`lgani rost.

— Nega qizg`anaman? Axir bolamning baxtini ko`rib xursand o`tiribman, — mehridaryo oyimning javobining ta`sirida shu kuni mehmonlarga elib-yugurib xizmat etdim.

Hech yodimdan chiqmaydi. Qo`shnimizning katta iti bor. Bir kun shuning zanjiri uzilib ketibdi. Hovlini supurib yursam, bizning uy tomon chopib keldi. Qo`rqqanimdan devor yoniga tisarilib oldim. Baqirib yordamga chaqiray desam, unim chiqmaydi. Faqat qalt-qalt titrayman. It esa qo`rqanimni bilib tishlarini qayrab oldimdan jilmay turibdi. Hovli supurayotganimda yordam berish uchun chiqishga odatlangan turmush o`rtog`im itni ko`rdi-yu «Muhabbat, qo`rqma», deya men tomon yurdi. Jonivor zumda o`z hovlisiga qochdi. Begzod akam esa yonimga kelib, qo`llarimdan ushlab oldi.

— Hech narsa qilmadimi? Qo`rqma, yoningdaman... — u qo`llarim, yuzlarimni silar, bir bag`riga bosib, bir ko`zlarimga termulardi.

— Qo`shni boya uyiga chaqirdi, sening ko`zingga ko`rinishga qo`rqib o`tiribdikan kap-katta odam, — qaynonam tushga yaqin ko`chaga chiqib keldi-yu o`g`liga so`z qotdi.

— Nega? — hayron so`radi Begzod akam.

— Bir marta shu iti jo`jamizni eb qo`yganida qanaqa kaltaklaganding jonivorni, esingdami?

— Ha... — erim nima uchundir xijolat tortdi, — Hozir ovqatlanib bo`lgach, bozorga borib, yangi zanjir olib kelaman, itini mahkam qilib bog`lab qo`ymasam bo`lmaydi...

O`g`li bozorga ketgach, oyim hol-ahvolimni yana bir bor so`radi.

— Begzod shunday yaxshi bo`lib qolganki, o`zim ham hayron qolayapman. Qarang, shu gal itning adabini berishnimas, sizni o`yladi, kelin. Odatda bunday vaziyatlarda uni to`xtatib bo`lmasdi, raqib tomonni yakson qilish uchun musht tugardi. Endi esa birov tugul, biror jonzotga ozor berishni istamaydi, — deya choy xo`pladi.

Umr yo`ldoshim sevgisini romantik syurprizlar, quchoq-quchoq gullar bilan isbotlashga urinmasdi. Qattiqroq shamoldan ham asrab mehribonchilik qilishi mehridan so`zlardi.

Ikkinchi farzandim tug`ilgach, Begzod akam xorijga ishlashga ketadigan bo`lib qoldi. Qo`shni mahalladagi o`rtog`i Rasul har kuni uyga kelaverib, oxiri birga borishga ko`ndirdi. Qaynonamning ko`ngli chopmagan bo`lsa-da, qaynotam «Erkak kishi musofirlikni ko`rsa, yanayam pishiq, irodali bo`ladi», deya rozilik berdi.

— O`zimning ham sizlarni tashlab ketgim kelmayapti. Lekin ko`rayapsan-ku, Rasul «Bir yilda millioner bo`lib ketamiz, sendek injenerlar kerak ekan», deya qo`ymayapti. Bir borib ko`ray, qiynalsanglar aytasizlar, darrov qaytaman.

Begzod akamni safarga kuzatgach, «Dadam qachon keladi, bugun kech bo`lganidami?», deya tinmaydigan bolalarning savollari bir tomon-u, qaynonamning har kuni «Yaxshimikan? Issiq kiyinib yuribdimikan? So`rang, kelin, qorni to`qmikan», deya so`rashlari bir tomon.

Bir oylar har kuni qo`ng`iroq qilib xabar olib turgan erim oxirgi ikki oy butkul yo`qolib qoldi. Rasulning uyidagilardan so`rasak, ular ham o`g`illarini topisha olmayotganlaridan tashvishda. Eng yomoni, uyimizga mahalla kattalari kelganida bo`ldi. Emishki, Begzod akam yonidagi odamlar bilan Turkiyaga ketibdi, u erdan esa Suriyaga...

— Agar shu gap rost bo`lsa, unday o`g`lim... — qaynotam gapinining davomini ayta olmay devorga suyanib qoldi.

— O`g`limni qaysi iymonsiz yo`ldan urdiykan, u Vatanga xoinlik qiladigan odammasdi, — deya yig`lagan oyimning qon bosimi oshib ketdi.

Faqat mengina bu so`zlarga ishonmasdim. Begzod akam o`zi aytgan: «Inson kimnidir sevsa, hayotni sevadi. Vijdoni doim uyg`oq bo`ladi. Aytishadi-ku, «Ishq usturlobi Xudo».

Qaynotam qishlog`imizdan xorijda ishlaydiganlarning baridan o`g`li haqida surishtira boshladi. Afsuski, biror kishi Begzod akamdan xabar bermasdi. Buning ustiga, Rasul ham topila qolmasdi.

— Uni shu niyatlarda o`stirganmidim? Bolam irodasi bo`shlik qilib iymonsizlar tuzog`iga ilinib qolgan. Nahot endi bir umr qachon xabar chiqarkan, deb yashasam?

— Nega hech kim topolmayapti uni? Rasul ikkisi avvaldan bu ishni rejalashtirganmikan? Kelin, siz hech biror g`alati gapini eshitmaganmidingiz? — qaynotam menga savol nazari bilan tikildi.

— Yo`q, to`g`risi, bu gapga ishona olmayapman, — ularning oldida dodlab yig`lab yubormaslik uchun xonamga kirib ketdim.

Oxirgi qarorga kelishimga esa ko`p vaqt kerak bo`lmadi. Tinimsiz xabarlarim javobsiz qolayotgani, erimning telefoni ishlamayotgani, u haqda biror kimsa aniq gap ayta olmayotganiga qaramay men qat`iy ahd qildim.

Qaynota-qaynonamga «Ota-onamning xabarini tutib kelay», deya uydan chiqdim-u, ukam bilan to`g`ri aviakassaga bordim.

Chiptani olgach, uydagilarga muddaomni aytdim. Samolyotga chiqarkanmiz, o`zimda kuch bilan birga ishonchimning olovlanganini ham his qildim.

Erim menga xorijga yangi borgan paytlari turgan uy manzili to`g`risida gapirib bergandi. Hatto, ko`chalarini rasmga olib jo`natgandi ham. Ukam bilan o`sha manzilni topib bordik. Va asl haqiqatdan xabar topdik.

Erim va Rasul qabih kishilarning qo`liga tushib qolgan ekan. Ular erim ikkisini Suriyaga jangga otlanishga undashgan. Hatto, Turkiyaga uchish uchun chiptalar ham olib berishadi. Erim bilan Rasul esa aeroportga olib borishayotganlarida qochishadi-yu, ammo yuragiga yovuzlik urug`ini ekkan kimsalar ularni mashinada quvishadi. Begzod akam avtohalokatdan keyin ikki oydan buyon komada yotar, Rasul esa hech narsani eslay olmasdi. Men Begzod akamning haq yo`ldan adashmaganiga shukr qilib, ko`zda yosh bilan shifoxonaga kirarkanman, shifokorlarning jonlantirish bo`limi oldida chopib yurishganidan oyog`imning uchigacha muzlab ketdim. Erimning ism-familiyasini aytganimizda esa sochlariga oq oralagan shifokor menga qarab uzoq kutgan odamini ko`rgandek nigohlarini tikdi.

— Siz Muhabbatmisiz? U hozirgina hushiga keldi va ko`zlarini ochishi bilan «Muhabbat, keldingmi?» dedi.

Shifokorning ismimni buzib talaffuz qilgani ortidan erimning ovozini eshitgandek bo`ldim. Shosha-pisha egnimga xalat ilib muhabbatini kutib yotgan muhabbatim tomon otildim... Qulog`imga samimiy shifokorning o`z tilidagi aytgan so`zlari eshitildi. Men ham beixtiyor uning iborasini takrorladim.

— Muhabbatning tashrifi bahor...

MUXLISA qog`ozga ko`chirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1