AsosiyJamiyat

10-11 sinf o`quvchilari o`rtasida "Al-Xorazmiy izdoshlari" ko`rik-tanlovi ta`sis etildi

'10-11 sinf o`quvchilari o`rtasida "Al-Xorazmiy izdoshlari" ko`rik-tanlovi ta`sis etildi'ning rasmi

O`zbekistonda 10-11 sinf o`quvchilari o`rtasida matematika, fizika hamda informatika fanlari bo`yicha "Al-Xorazmiy izdoshlari" nomli an`anaviy ko`rik-tanlov ta`sis qilindi. Tanlov Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish va Xalq ta`limi vazirliklari hamkorligida o`tkaziladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, ko`rik-tanlovning asosiy maqsadi buyuk olim va matematik Muhammad Al-Xorazmiyning ilmiy merosini targ`ib qilish, yosh avlodning aniq fanlarga bo`lgan qiziqishlarini qo`llab-quvvatlash, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarish, ularga salohiyatlarini namoyish qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.

Ko`rik-tanlov aprel oyida start oladi va uch bosqichda tashkil qilinadi. Birinchi bosqichda ishtirokchilar o`z maktablarida matematika, fizika hamda informatika fanlaridan onlayn usulda imtihon topshiradi. 80 balldan yuqori ball to`plagan yoshlar tanlovning keyingi bosqichiga yo`l oladi. Ikkinchi bosqich mintaqaviy shaklda bo`lib o`tadi va ishtirokchilar uchala fanga doir jami 9 ta topshiriqni echishi lozim bo`ladi. 100 balldan 75 ball to`plaganlar so`nggi bosqichda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritadi.

Toshkent shahridagi Inha universitetida o`tkaziladigan so`nggi bosqichda matematika, fizika hamda informatika fanlariga doir 15 ta vazifa tanlov qatnashchilari e`tiboriga havola qilinadi.

Tanlovda eng yuqori ball to`plagan olti nafar g`olibga «Muhammad Al-Xorazmiy izdoshlari» tanlovining diplomi hamda eng kam oylik ish haqining 65 barobaridan 100 barobarigacha miqdordagi pul mukofotlari topshiriladi.

    Boshqa yangiliklar