O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari mart oyining oxirigacha qutqaruv ishlarini olib borish jarayonlarida o`z harakatlarini qayd etish imkonini beruvchi «Ekshn» kameralari bilan ta`minlanadi, deb xabar bermoqda FVV axborot xizmati.
Ushbu yangilik qidiruv-qutqaruv jarayonlarini va boshqa ishlarni amalga oshirishda qutqaruvchilarning harakatlarini tahlil qilishga, ularning xatosini aniqlashga yordam berib, bu o`z navbatida kelgusidagi tadbirlarni bexato va samarali bajarish choralarini ko`rish imkonini beradi.
Andijon, Buxoro, Namangan, Toshkent viloyatlari qutqaruv tuzilmalari «Ekshn» kameralaridan foydalanishni boshlashdi. Ushbu kameralar yordamida qutqaruvchilar o`z ishidan chalg`imasdan, aholiga yordam berish tadbirlari hamda qutqaruv jarayonlarini tasvirga olishlari mumkin.
«Ekshn» kamera – raqamli kamera hisoblanib, ixcham va sifatli tasvirga oladi. Ushbu kamera kichik hajmga va engil vaznga ega bo`lib, u kaska va kiyim-kechak, jihozlar yoki har qanday kiyim elementlariga osonlikcha o`rnatilishi mumkin.






