AsosiyShou-biznes

Ulug`bek Rahmatullaev: «Onam uchun ko`ylak tikmoqchi bo`lganman...»

'Ulug`bek Rahmatullaev: «Onam uchun ko`ylak tikmoqchi bo`lganman...»'ning rasmi
Fasllarning kelinchagi bahorning eng kutilgan shodiyonalaridan biri bu – 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayramidir! Bu kun har bir ayol yodida o`ziga xos shirin xotiralar bilan muhrlanishi aniq. Shu o`rinda erkaklarning ham bayram bilan bog`liq yoqimli o`y-xayollari yo`q emas. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ulug`bek Rahmatullaev bilan ana shular haqida so`zlashdik.


«BIRINChI MAOShIMGA RO`MOL OLGANMAN»

8-mart birinchi o`rinda onalar bayrami, deb hisoblayman. Hox ayol, hox erkak bo`lsin, dastlab volidasini qutlashga oshiqadi. Menda ham shunday. Esimda, eng birinchi maoshimga onamga ro`mol olganman. O`shanda 9-sinf o`quvchisi edim. Dadam savdo sohasida ishlagani uchun kasbning sir-asrorlarini o`rganib, o`z ehtiyojlarim uchun darsdan tashqari ishlay boshlaganman.

«SAFARDA BO`LSAM HAM, AYBIMNI «YuVAMAN»

Kasbiy faoliyatimiz tufayli ba`zida bayramlarni oilamiz bilan nishonlay olmaymiz. Shunday bo`lsa ham qaerda bo`lmaylik, telefon orqali qutlab, yaxshi niyatlarimni bildiraman. Safardan qaytganda esa, «aybim»ni yuvaman, albatta.

«MENI DEB UKAM HAM DAKKI EShITGAN...»

Kichikligimda o`zimga yarasha sho`xliklarim bo`lgan. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi, o`shanda 5-6 yoshli bola edim. Televizorda bichish-tikish o`rgatayotgan ayolga qarab, ilhomim jo`shib ketgan. O`zimcha, uydagi qimmat matoni olib, onam uchun ko`ylak tikmoqchi edim-da. Ming afsuski, qo`limdan kelmagan. Matoni bekorga isrof qilganim qolgan, xolos. Qilar ishni men qilgan bo`lsa ham, oyim ukam ikkimizni baravar urishganlar (kuladi).

«AN`ANAMIZ YO`Q, LEKIN...»

8 mart bilan bog`liq biror bir doimiy oilaviy an`anamiz yo`q. Lekin albatta oilamizdagi barcha ayol va qizlarga, yaqin muxlislarimga sovg`a-salomlar ulashaman. Sovg`a berish yoqimli jarayon-da.

«AYoL BU — KUCh»

Ayollardagi go`zallik nafosatdan ilhomlanib, qancha-qancha buyuk insonlar she`r, musiqiy asarlar yozadi. Shuning uchun ham ayollarga — go`zallik va kuch deya ta`rif berardim. Bayramingiz muborak bo`lsin aziz opa-singillar, onajonu opajonlar!

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar