AsosiyJamiyat

Dollar ishqidagi ayollar

Qay bir ishga qo`l urmang, avvalo, oqibatini o`ylamoq darkor. Ya`nikim, "Bu ishim to`g`rimi, ertaga afsus qilib, nadomat chekib qolmaymanmi?"  degan savolni o`zimizga berishimiz kerak. "Etti o`lchab — bir kes", "Hisobini bilmagan — hamyonidan ayrilur" naqllari shunga aytilgan.

Anglagan bo`lsangiz, yuqorida bayon etganlarimizda har ishda halol-poklik, to`g`ri yo`lni do`st tutmoq, qonunni hamroh bilmoqqa ishora bor.

Zotan, har ishni qonuniy yo`l bilan amalga oshirsangiz, xotirjam bo`lasiz, uyalib ham qolmaysiz. Ko`zlagan niyatingizga etasiz. Aksincha, o`ylamay ish tutganlarning manzili pushaymonlikdan o`zgasi bo`l­maydi.

Chortoq tumanidagi kollejlardan birida o`qituvchi bo`lib ishlab kelayotgan, oilali, ikki farzandning onasi bo`lgan Dilnur Xurramova ham buni bilardi. Chunki, yoshi qirqqa chiqib, oqdan qorani ajrata olardi. Buning ustiga, oliy ma`lumotli, o`qigan-uqqan ayol.

Ammo u bilganiga amal qilmadi. Oqibatda egri ishga qo`l urib, o`ziga tashvish orttirdi.

Dilnur Xurramova yoshi chamasi yigirma sakkizlarda bo`lgan tanishi Dilobar Hakimova bilan oldindan o`zaro jinoiy til biriktiradi. Ya`ni birgalikda dollar savdosidan daromad topmoqchi bo`lishadi. Qonunchilikda valyuta qimmatliklarini ayirboshlashga faqat bank muassasalarigagina ruxsat etilganligini kim ham bilmaydi, deysiz?! Aytib o`tganimizdek, bu qoida Dilnur va Dilobarga ham ayon edi. Biroq, ikki dugona oson daromad orttirish haqida o`ylashdi-yu, bundan ko`z yumishdi. Ular "Chortoq deh­qon bozori" hududida bir fuqaroga 5561 AQSh dollarini 15 mln. 349 ming so`mga sotayotgan paytda qilmishlari fosh bo`ldi. Ulardagi 5561 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olindi, bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining nashri xabar bermoqda.

Afsuski, hamma ham maqsad-muddaosiga etishda to`g`ri yo`lni tanlay bilmas ekan. Dilnur Xurramova va Dilobar Hakimova ham ana shu toifadan bo`lib chiqishdi. To`g`ri, ular adashganliklarini anglab etishdi, ammo kech bo`lgandi.

Qing`ir ish oqibatida ikki dugona O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topildilar. Ularga sud tomonidan hukm chiqarilib, eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdoridan jarima jazosi tayinlandi. Ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan 5561 AQSh dollari davlat egaligiga o`tkazildi.

Xo`sh, ushbu tafsilotdan muddao nima? Xulosani muhtaram o`quvchi allaqachon chiqarib olgan bo`lsa kerak, ya`ni boylik ham, baxt ham, omad ham halollikda. Demak, avvalo, har kim o`z oldiga to`g`ri maqsad qo`ymog`i va unga erishish uchun pok yo`ldan bormog`i shart.

Bahodir QOBILOV, 

SVOJJDLQK departamentining

Chortoq tuman bo`limi boshlig`i

    Boshqa yangiliklar