1

Yaponiya 2011 yilgi zilzila qurbonlarini bir daqiqalik sukut bilan xotirladi

Dunyo 12.03.2018, 09:24
Yaponiya 2011 yilgi zilzila qurbonlarini bir daqiqalik sukut bilan xotirladi

Yaponiya xalqi 2011 yil 11 mart kuni sodir bo`lgan zilzila qurbonlarini xotirladi. TASSning xabar berishicha, bir daqiqalik sukut butun mamlakat bo`ylab mahalliy vaqt bilan 14:46 da e`lon qilindi. Ayni shu vaqtda bundan etti yil muqaddam 9,0 magnitudali halokatli er silkinishi sodir bo`lgan edi. Zilzila va u sababli yuzaga kelgan sunami oqibatida Yaponiyaning 18 mingdan ko`proq fuqarosi qurbon bo`lgan edi.

Bu tabiiy ofatdan ayniqsa mamlakatning shimoliy-sharqiy hududlari eng ko`p talafot ko`rgan. Ivate, Miyagi va Fukusima prefekturalarida sunami qator shaharlarni vayron qildi. Shuningdek, “Fukusima-1” Atom Elektrostansiyasida avariyani yuzaga keltirdi. Bu esa Yaponiyani yadro inqiroziga sabab bo`ldi. Energiya ta`minoti va sovitish tizimlarining izdan chiqishi oqibatida yadro yonilg`isining alangalanishi, vodorodning portlashi va yaqin hududlarning radioaktiv zararlanishi yuzaga keldi. AES dagi avariya talafotlarini bartaraf etish ishlari hanuzgacha davom etmoqda.

Fojiadan keyingi etti yil davomida shimoliy-sharqiy hududlar deyarli to`laligicha qaytadan qurildi. Lekin hanuzgacha 73 mingga yaqin kishi o`z shahriga qayta olmayapti.

Yaponiya hukumati qayta tiklash ishlarini tezlashtirishni va`da qilmoqda. “Fukusima prefekturasida ko`plab odamlar hali ham qochqin sifatida yashashga majbur. Har bir oila o`z uyiga iloji boricha tezroq qaytishi uchun biz mintaqani qayta tiklashni tezlashtirmoqchimiz”, – dedi Bosh vazir Sindzo Abe.

Butun mamlakat bo`ylab yakshanba kuni xotira tadbirlari tashkil etildi. Mamlakatning bosh telekanali bo`lgan NHK jamoat teleradiokanali ertalabdan boshlab, Ivate, Miyagi va Fukusima prefekturalaridan to`g`ridan to`g`ri ulanishlarni amalga oshirdi. Unda o`z boshidan fojiani o`tkazgan oddiy yapon oilalarining kechinmalari haqida so`z boradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1