Samarqandga Sug`d viloyati hokimidan qimmatbaho sovg`a keldi, deb xabar berdi Samarqand viloyati hokimligi matbuot-xizmati.
"10 mart kuni Sug`d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo`raevga "Sarazm"-"Jartepa" o`tkazish punkti orqali qimmatbaho sovg`a yubordi", — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan o`tkazilgan tadbirda Samarqand viloyati va Sug`d viloyatining Panjakent shahri hokimliklari vakillari ikki xalq o`rtasidagi munosabatlar kun sayin mustahkamlanib borayotgani, yangi davr talablari asosida rivojlanayotganini e`tirof etishdi. Mamlakatlarimizni umumiy tarix, uzviy ma`naviy qadriyatlar bog`lab turgani, bu ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichib, qarindoshlik rishtalari bilan bog`langani yana bir bor tilga olindi.
Eslatib o`tamiz, keyingi kunlarda o`zbek va tojik xalqlari o`rtasida kuzatilayotgan yaqin qo`shnichilikka asoslangan hamkorlikni nafaqat ikki mamlakat ahli, balki butun dunyo katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
Xususan, 1 mart kuni Samarqand viloyatining "Jartepa", Sug`d viloyatining "Sarazm" o`tkazish punktlari o`z ishini tikladi. Samarqand — Panjakent oralig`ida A-377 xalqaro avtomobil yo`li yana ochildi.
7 mart kuni Samarqand shahrida ikki xalqning buyuk vakillari — Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga yodgorlik o`rnatildi.
Shu kuni "Jartepa" o`tkazish punktida O`zbekiston prezidentining Tojikistonning Sug`d viloyatiga sovg`asi — Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan avtobus topshirildi.






