AsosiyJamiyat

Ashxobodda “Made in Uzbekistan” milliy sanoat ko`rgazmasi tashkil etiladi

'Ashxobodda “Made in Uzbekistan” milliy sanoat ko`rgazmasi tashkil etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o`tkaziladigan ko`rgazma joriy yilning 29-31 mart kunlari Ashxobod shahrida o`tishi kutilmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, ko`rgazma doirasida o`zbekistonlik mahalliy va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan 100 dan ziyod yirik sanoat korxonalari ishtirok etishi ko`zda tutilgan.

“Ko`rgazmani tashkil etishdan maqsad – Turkmaniston bozorlariga mamlakatimizning mahalliy sanoat korxonalari mahsulotlarini etkazib berish va qardosh turkman ishbilarmonlarini mamlakatimizdagi investisiyaviy muhit bilan yaqindan tanishtirishdan iborat”, deydi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati rahbari D. Ro`zimetova.

Shuningdek, ko`rgazma turkmanistonlik va boshqa xorijiy kompaniyalar bilan savdo-sheriklik bo`yicha shartnomalar tuzish, ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun birdek manfaatli bo`lgan investisiyaviy loyihalar bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`yish va qo`shni mamlakat ishbilarmonlariga mamlakatimizning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyati, madaniy-tarixiy merosi haqida atroflicha ma`lumot berish kabi maqsadlarni qamrab olgan.

Ko`rgazma 2 blokdan iborat bo`ladi. Birinchi bo`lim qishloq xo`jaligi va sanoat uchun zarur asbob-uskunalar namoyish etilishi uchun mo`ljallangan bo`lsa, asosiy – ikkinchi bo`limda o`zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari taqdim etiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o`tkazilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar