Oramizda shunday insonlar borki, ular o`zlari qazigan chohga o`zlari tushib, yoki shum niyatini amalga oshirolmay qing`ir ishlarining qurboniga aylanadilar.
Qorako`l tumani “Qulbeshkak-Hojiqozg`on” cho`l massivida yuzaga kelgan yong`in oqibatida 4 nafar fuqaroning jiddiy jarohat olganligi to`g`risidagi xabar ichki ishlar bo`limiga kelib tushgandan so`ng, voqea joyiga zudlik bilan zaruriy kuch va vositalar safarbar etildi, deb yozadi Buxoro viloyati IIB.
Aniqlanishicha, 2018 yilning 14 mart kuni, soat taxminan 02:00 larda, Qorako`l tuman “Do`stlik” MFYda yashovchi fuqaro Xolmurodov Feruz Hasanovich, “Bandboshi” MFYda yashovchi fuqarolar, Mardonov Murodjon Komiljonovich, Nurillaev Elyor Husenovich hamda Raxmonqulov Laziz Sharifboevichlar Qorako`l tuman «Uchqir» zavodiga qarashli «Qulbeshkak Xojikozg`on» cho`l massivining 7-kilometrida joylashgan 426 sm diamertli gazkollektor quvuridan yashirin tarzda gazkondensat mahsulotlarini o`g`irlash uchun ushbu quvurni teshib, hosil qilingan teshik orqali o`zlari bilan olib kelgan 65 metr uzunlikdagi rezina shlang yordamida quvurdan so`rib chiqarilgan gazokondensat mahsulotini jamlash va tindirish uchun maxsus hovuz qazadilar.
Hovuzga jamlangan neft va gaz mahsulotlarini elim idishlarga joylashtirish jarayonida to`satdan yuzaga kelgan yong`in, ularning jinoiy harakatlarini oxiriga etkaza olmay, jiddiy kuyishlariga sabab bo`ladi.
Hodisa sodir bo`lgan joyda Elyor Nurillaev hamda Feruz Xolmurodovga tegishli bo`lgan UAZ rusumli avtomashinalar to`liq yongan va o`zlarining harakatlarini o`zlariga bog`liq bo`lmagan holda oxiriga etkaza olmay, neft va gaz quvurlaridan o`g`rilik jinoyatiga suiqasd qilgan, siz tasvirda ko`rib turgan ushbu shaxslarning barchasi turli darajadagi termik kuyish jarohatlarini olganlar.
Mazkur holat yuzasidan Xolmurodov Feruz Hasanovich, Mardonov Murodjon Komiljonovich, Nurillaev Elyor Husenovich hamda Raxmonqulov Laziz Sharifboevichlarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Ammo, shu o`rinda ta`kidlab o`tish joizki, ushbu fuqarolarning qing`ir qilmishlari, o`zlari uchun ayanchli iztirob bo`ldi. Kasalxonada jarohatdan ularning azob chekayotganligini ko`rgan inson borki, bu nodon kishilarga achinadi. Tekin va osongina boylik orttirish maqsadi puchga chiqib, ham iztirob chekayotgan ham javobgar bo`layotgan bu shaxslarning ayanchli ahvolini ko`rib turgan, ular kabi qing`ir yo`ldan borayotgan ayrim kimsalar bu holatdan o`zlari uchun xulosa chiqarsalar, saboq olsalar ajab emas.







