AsosiyJamiyat

Marg`ilondagi xonadondan 101 ming donadan ziyod disk topildi

'Marg`ilondagi xonadondan 101 ming donadan ziyod disk topildi'ning rasmi

Mamlakatimizda audio-video kassetalari tarqatilishini tartibga solish, ma`naviyatimizga zid bo`lgan disklar sotilishining oldini olish, bu faoliyat turi bilan faqat maxsus lisenziyaga ega jismoniy va yuridik shaxslar shug`ullanishini yo`lga qo`yish alohida nazoratga olingan.

Bu borada O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va boshqa me`yoriy hujjatlar ham qabul qilingan. Ming afsuski, oramizda ana shu qonun-qoidalarga chap berib, mualliflik huquqini buzgan holda foyda olishni ko`zlaydigan zamonaviy “qaroqchilar”ga ko`mak berayotgan ayrim fuqarolar ham bor.

Farg`ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Marg`ilon shahar Zarafshon ko`chasida yashovchi fuqaro F.Isaxanovning yashash xonadoni amaldagi tartiblarga muvofiq xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, ko`z ko`rib quloq eshitmagan dalil ashyolar topilgan.

Tekshiruvda ushbu xonadon yurtimizga hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy yo`llar orqali olib kirilgan tovar moddiy boyliklarni saqlash uchun omborga aylantirilganligi, xususan, umumiy qiymati 531 million 110 ming so`mlik 21 xil turdagi 101 ming 250 dona DVD-R disklar, 5 ming dona Panasonic DVC videokasseta, 413 dona uyali telefon apparatlari hamda 18 ming dona disk soladigan selofan paketlar noqonuniy saqlanayotganligi aniqlandi.

Kelgusida turli film va konsertlarni noqonuniy usulda ko`paytirish imkonini beruvchi ushbu disklar hamda uyali telefon apparatlarining mamlakatimizga qonuniy olib kirilganligini tasdiqlovchi bironta ham hujjat yo`q.

Hozirda ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deb yozadi O`zA.

    Boshqa yangiliklar