Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov bir necha kun muqaddam Samarqandda ko`chani tozalayotgan vaqtda vafot etgan o`qituvchining o`limi sabablari o`rganilyotganligi va ushbu holat bo`yicha tegishli choralar ko`rilishini ma`lum qiladi. Bu haqda u o`zining Facebook'dagi sahifasida yozadi.
Avvalroq, Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumanidagi 42-maktabning mehnat ta`limi o`qituvchisi, 23 yoshli Diana Enekeeva 14 mart kuni katta yo`ldagi to`siqlarni oqlash chog`ida yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etgani xabar qilingan edi.
Marhumaning hamkasbi, u bilan ko`cha tozalashga chiqqan o`qituvchining Xabar.uz muxbiriga so`zlab berishicha, ularni Prezident tashrifi oldidan ko`cha tozalash uchun Samarqand — Buxoro trassasiga chiqarishgan.
«Lasetti»da kelgan XTB vakili bizga alohida hududni chegaralab berdi. Men unga «Bu — katta trassa, yuk mashinalari katta tezlikda yuradi, odamlarga yaqin erda tezlikni pasaytirish lozimligini ko`rsatuvchi yoki ta`mirlash ishlari ketayotganini bildiruvchi belgilar qo`yilmaydimi, GAI (DYHXX) xodimlari bizga yaqin erda turishmaydimi?» dedim. Ammo u «Ana, mashinalarida GAIlar o`tiribdi, sizlarga qaraydi» deya mashinasiga o`tirib, jo`nab ketdi. Mashinadagi GAI xodimlari bizga yaqin ham kelishmadi, biror belgi ham qo`yilmadi, birortamizga aqalli birorta bayroqcha ham berishmadi, keyin shu fojia sodir bo`ldi. Biz yo`l chetidagi daraxtlarni oqlayotgan, kimdir yo`llarni supurayotgan, Dianalar to`siqni ohaklayotgan edi. Katta tezlikda kelgan «KamAZ» Dianani urib ketdi, deydi u.
Diana Enekeevani zudlik bilan shifoxonaga olib borishlariga qaramay, uning joni uzilgan.
Facebook foydalanuvchilaridan biri Prezident matbuot kotibining o`z sahifasida qoldirgan postlaridan biriga «Hokimlar Prezident kelishidan sal oldin asosan o`qituvchilarni katta va kichik yo`l yoqalariga chiqarib tozalash ishlariga «majburlaydilar». Buning oqibatida bir necha kun muqaddam Samarqanddagi katta ko`chani tozalayotgan vaqtda 23 yoshli o`qituvchi mashina urib ketishi natijasida vafot etdi. Bu kabi majburiy mehnatga jalb etish ishlari qachon tugatiladi?», deya savol bilan murojaat qildi.
Komil Allamjonov ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
«Bo`lib o`tgan hodisa, albatta, juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozir o`rganilmoqda. Natijasiga ko`ra tegishli choralar belgilanadi».
O`z nomimdan marhumaning oilasi va yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etaman, qayd etadi Prezident matbuot kotibi.







