AsosiySport

O`zbekiston FIFA reytingida olti pog`ona pastladi

Xalqaro futbol uyushmalari federasiyasi – FIFA milliy terma jamoalarning yangi reytingini e`lon qildi. Unga ko`ra, O`zbekiston milliy terma jamoasi jahon reytingida 59-o`rinda bormoqda. Aprel oyi natijasi (53-o`rin) bilan taqqoslaganda, O`zbekiston 6 pog`onaga pastlagan.

O`zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo miqyosida bir o`rin pastlab, hozirgi vaqtda qit`aning to`rtinchi jamoasi bo`lib turibdi. Osiyo qit`asi reytingini Eron (jahon reytingida 43-o`rinda) boshqarib turibdi. Undan keyingi o`rinlarda, Yaponiya (46), Janubiy Koreya (57) joy olgan.

Qayd etish joiz, O`zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2015 final bosqichi “V” guruhidagi raqiblari orasida peshqadam bo`lib turibdi. Guruhda, O`zbekiston va Saudiya Arabistonidan (jahonda 90, Osiyoda 7) tashqari, Xitoy (jahonda 103, Osiyoda 12) va Shimoliy Koreya (jahonda 146, Osiyoda 23) terma jamoalari o`rin olgan.

MDH, Gruziya va Boltiqbo`yi mamlakatlari orasida O`zbekiston milliy terma jamoasi Ukraina (jahonda 16-o`rin), Rossiya (19), Armaniston (38)dan so`ng to`rtinchi o`rinni band etgan.

Milliy terma jamoalar umumiy reytingida amaldagi jahon chempioni – Ispaniya etakchilik qilishda davom etmoqda. Kuchli uchlikni Germaniya va Braziliya terma jamoalari to`ldirishgan. Jahon reytingining umumiy ro`yxati bilan FIFA rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar