O`zbekistonda chigit ekish ishlarini mutlaqo yangi tizim bo`yicha tashkil etiladi.
Bu haqda O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 mart kuni qishloq xo`jaligini jadal rivojlantirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi.
Bu yil 1 million 71 ming gektardan ortiq maydonga chigit ekish belgilangan. Bu 2017 yilga nisbatan 135 ming gektarga, 2016 yilga nisbatan esa 184 ming gektarga kamdir.
Chunki fermerlarga faqat zarar keltiradigan, hosildorligi 15 sentnerdan past bo`lgan erlarga paxta ekishdan voz kechildi, buning o`rniga xaridorgir mahsulotlar ekilishi belgilandi.
"Eng asosiysi, qishloq xo`jaligida iqtisodiy asosli va adolatli tizim yaratilib, paxta-g`allaning xarid narxi xarajatlarni qoplaydigan va foydani ta`minlaydigan qilib belgilab qo`yildi. Endi "chigit ekishga mablag` etmayapti, yoqilg`i yo`q" degan bahonaga o`rin qolmadi, ajratilayotgan mablag`lar barcha tadbirlar uchun etadi", — dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu bois prezident Qishloq xo`jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlardagi sektorlar rahbarlariga chigit ekish ishlarini mutlaqo yangi tizim bo`yicha tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Mavsumda talab etiladigan urug`lik, mineral o`g`it, chigit ekish texnikasi va yoqilg`i-moylash mahsulotlarini aniq hisob-kitob va jadval asosida etkazib berish, 15 aprelgacha chigit ekish ishlarini to`liq yakunlab, 25 aprelga qadar nihol undirib olish zarurligi ta`kidlandi.






