Davlatimiz rahbarining alohida ko`rsatmalariga muvofiq Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va Buxoro viloyati hokimligi tomonidan O`zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi bilan olib borilayotgan hamkorlik tadbirlari doirasida Buxoroning turistik kompaniyalari Kuala-Lumpur shahrida tashkil etilggan MATTA FAIR 2018 turistik ko`rgazmasida qatnashmoqda.
Mazkur tadbirga viloyatdan tashrif buyurgan “EAST LINE TOUR” kompaniyasidan olingan xabarga ko`ra, bu ko`rgazmada dunyoning 86 ta mamlakatidan turistik kompaniyalar vakillari qatnashmoqda.
Tadbirning 2 kuni davomida Buxoroning turistik kompaniyasi vakillari jami 18 ta turistik agentliklar bilan uchrashuv o`tkazishgan, O`zbekistonning turistik salohiyatiga oid 2500 dan ko`proq materiallar tarqatilgan.
Mamlakatimizga Malayziya va boshqa xorijiy davlatlardan sayyohlarni jalb qilish bo`yicha 5 ta yangi turistik hamkorlar bilan shartnomalar tuzilgan.
Olib borilgan muzokaralar asosida Malayziya va Singapurda faoliyat yuritayotgan salohiyatli investorlar aprel-may oylarida O`zbekistonga tashrif buyurishlarini bildirishgan.
O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi xabariga ko`ra, Buxoroning turistik kompaniyasi vakillari MATTA FAIR 2018 turistik ko`rgazmasi yakunlangandan so`ng mehmonxona va restoran biznesi bo`yicha hamkorlik uchrashuvlarini o`tkazish uchun Singapur va Indoneziyaning Jakarta shaharlariga borishni rejalashtirgan.






