AsosiyJamiyat

Anqarada Alisher Navoiyga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi

'Anqarada  Alisher Navoiyga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi'ning rasmi

Turkiya poytaxti Anqara shahrida Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (Turksoy) va O`zbekiston elchixonasi tomonidan ulug` o`zbek shoiri va davlat arbobi, g`azal mulkining sultoni Alisher Navoiyga bag`ishlangan anjuman bo`lib o`tdi. Bu haqda “Jahon” AA xabar bermoqda.

Tadbir tashkilotchilari buyuk mutafakkirning jahon adabiyotida tutgan o`rni haqida batafsil gapirib berdilar.

Anjuman shoirning nodir g`azallarini o`qish bilan boshlandi. So`ngra o`zbek hamda turk tillarida Navoiyning hayoti va ijodi haqidagi hujjatli film namoiysh etildi. “Turksoy” bosh kotibi professor Dusen Kaseinov, O`zbekiston elchisi Alisher Agzamxo`jaev hamda Turkiyaning Sakarya shahri deputati professor Mustafa Isen nutq so`zladilar.

D.Kaseinov O`zbekiston va barcha turkiy xalqlarning faxri bo`lgan buyuk shoirning xotirasini tadbirda yod etishdan mamnuniyatini izhor etdi.

A.Agzamxujaev Navoiyning davlat arbobi sifatida yurti va xalqi uchun qilgan ezgu amallarini, meros sifatida qoldirgan asarlarini, uning she`r san`ati va adabiy mahorati haqida so`zladi.

“Agar dunyoda besh kishilik daholar ro`yxati e`lon qilinadigan bo`lsa, bu ro`yxatga turk dunyosidan kirgan ikki kishidan biri Alisher Navoiy bo`lar edi,” dedi Mustafa Isen.

So`ngra O`zbekiston va Turkiyadan, turli oliy ta`lim muassasalaridan kelgan olimlar ma`ruzalari eshitildi. Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida muhim fikrlar bildirgan mutaxassislarning barchasi shoir va uning merosiga nisbatan cheksiz hurmat izhor etdi. O`zbekistonlik san`at arboblari esa uning g`azallari asosida yaratilgan qo`shiqlar kuylab berdilar.

    Boshqa yangiliklar