AsosiyJamiyat

O`g`irlikni odat qilgan ayol mahallaga maslahatchi bo`ldi

'O`g`irlikni odat qilgan ayol mahallaga maslahatchi bo`ldi'ning rasmi

Ellikqal`a tumanida istiqomat qiluvchi Altinay Sag`inbaeva (ism-sharifi o`zgartirilgan) bir necha marta o`g`irlik qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan bo`lsa ham, bundan tegishli xulosa chiqarmadi. So`nggi marta qishloqdoshlarining qimmatbaho narsalarini o`g`irlayotganida qo`lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu ish jinoyat ishlari bo`yicha Ellikqal`a tumani sudi tomonidan ko`rib chiqilib, Altinay O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan aybdor, deb topildi.

Eng qizig`i – u Ellikqal`a tumani xotin-qizlar ko`mitasi kafolat xati bilan sud zalidan ozod etilib, kelajakda huquqbuzarlikka yo`l qo`ymaslik, fe`l-atvorini yaxshilash maqsadida o`zi yashayotgan mahalla fuqarolar yig`inining diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo`yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, deb yozadi O`zA.

Tuman hokimi o`rinbosari, tuman xotin-qizlar qo`mitasi raisi u bilan bevosita shug`ullanishga kafolat berdi.

– Bunday g`amxo`rligi uchun tuman xotin-qizlar ko`mitasi raisiga minnatdorlik bildiraman, – deydi Altinay Sag`inbaeva. – Kelajakda bundan tegishli xulosa chiqarib, hayotda o`z o`rnimni topishga harakat qilaman.

Shuni ta`kidlash joizki, Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida xotin-qizlar o`rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi bo`lganlar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitasiyasi va moslashishi bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta`minlash xotin-qizlar qo`mitalarining asosiy faoliyat yo`nalishidan biri qilib belgilangan edi.

    Boshqa yangiliklar