O`zbekistonlik besh fuqaro Olmaotada gipnoz yordamida pensionerlarning pulini o`g`irlashda gumonlanib qo`lga olindi. Bu haqda shahar ichki ishlar bo`limi matbuot xizmati xabariga tayanib, Sputnik xabar bermoqda.
Matbuot xizmatining xabariga ko`ra, qo`lga olinganlar o`z vatanlarida ilgari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
"Qog`oz pullarni tekshirish va yangisiga almashtirib berish taklifi orqali ular qariyalarning to`plab qo`ygan pullarini olib ketishgan. Ma`lum bo`lishicha, ushbu jinoiy guruhdagi ayollar bunda gipnozdan foydalanishgan: qariyalar o`z jamg`armalarini ularga qanday qilib berib yuborishganini zo`rg`a eslashgan", — deyiladi xabarda.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, ba`zida ular pensionerlarni bankkacha kuzatib borishgan va bankdan jamg`armalarini olishlarini kutib turishgan.
"Ayni paytda ularning uch nafar pensionerga nisbatan firibgarlik ishlatishgani va 3 million tenge (9 ming dollarga yaqin)ni qo`lga kiritishgani aniqlandi", — dedi polisiya mahkamasi vakili.
"Gastrolchi"lar shunga o`xshash boshqa jinoyatlarga ham aloqadorlikda gumon qilinmoqda.






