Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg`armasi faollarining to`ylar, oilaviy tantanalar hamda boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatlarsiz va dabdabasiz o`tkazish bo`yicha Murojaati juda ko`pchilik fuqarolarimiz ko`nglidagi gap bo`ldi.
Jiddiy mulohaza qiladigan bo`lsak, bugun hayotimizda ko`payib borayotgan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, qudalar o`rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda aynan serxarajat to`ylarga, ular bilan bog`liq behad ortiqcha sarf-xarajatlarga borib taqaladi.
Ayni masalani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`tgan 2017 yilning 3 avgustida mamlakatimiz ziyolilari bilan uchrashuvda ham o`rtaga tashlagan, “Mana, o`zinglar ko`ryapsizlar, soppa-sog` yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to`satdan insult bo`lyapti, infarkt bo`lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to`y qilaman, deb qarzga botgan bo`ladi...
Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma`naviy saviyasi past kimsalar to`y-hashamlar, ma`rakalarni o`tkazish bo`yicha musobaqa o`ynab, turli-tuman yangi odatlarni o`ylab topyapti. Bularni eshitib, ba`zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi”, degan edi. O`tgan davr ichida shu narsa oydinlashdiki, to`ylarimizni aniq bir hujjat, qonun bilan tartibga solmasa bo`lmas ekan.
Shu o`rinda jadid ma`rifatparvari Hoji Muin 1919 yilda “To`y va aza marosimi haqinda” nomli maqolasida bildirgan fikrlarga quloq tuting: “...ilmsizligimiz sababli turli marosim va odatlar yuki ostinda ezilib, muning uchun axloqiy va moliy jihatdan g`oyat ko`b zararlar ko`rmakda bo`lg`on bir millatmiz. Bizning xalq “mol va jon ketsa ketsun, obro`i ketmasun”, deb xatna yoki nikoh va yo aza marosimini o`rung`a keturmak uchun qo`llarinda bor narsalarini 1-2 kunda barbod etadilar, qarzdor bo`lalar. Qarzlarini ado eta olmag`ach, oxiri, “molni odam topar, odamni mol topmas”, deb o`z bog` va hovlilarini sotib, qarzlarig`a berarlar”.
Biroq afsuski, yillar o`tsa-da, zamon o`zgarib borayotgan bo`lsa-da, milliy taraqqiyotimizga katta to`siq va g`ov bo`lib kelayotgan bu illatga barham berish, to`y-ma`rakalarni ixcham, zamonaviy ko`rinishda o`tkazish o`rniga, to`ydan oldin va keyin bo`ladigan kerakli keraksiz tadbirlarni o`ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo`l qo`yish holatlari tobora kuchayib bormoqda.
Misol uchun, Chiroqchi tumanida o`tadigan to`ylarni olaylik. To`y oldi jarayonining o`zi aqlni shoshiradi. Bilamizki, Chiroqchi tumanining aksariyat hududlarida to`ylar “maslahat oshi”dan boshlanadi. Ba`zida maslahat oshi kichikroq to`ydan ham o`tib ketadi. Xarajat borasida ham to`y egasi bor topgan tutganini ana shu marosimdan ayamaydi. Qoidaga ko`ra, “maslahat oshi”ga kelganlar to`y kuni xizmatda bo`lishadi va shuning uchun ularga aynan “maslahat oshi”da ziyofat beriladi. Yana bir tomoni esa, to`y spirtli ichimliksiz o`tishi mumkin, biroq “maslahat oshi” usiz o`tmaydi. Boz ustiga 50 kilogramm osh damlanib, 50 kilogramm go`shtdan sho`rva pishiriladi.
Aslida ushbu marosimning mohiyati qarindosh-urug` yig`ilib, to`yni qanday o`tkazish, kimlarni chaqirish, tashkillashtirish, kunini belgilash borasida kelishib olishdan iborat bo`lsada, bugungi kunda u kamida yuzlab kishilar yig`iladigan va faqat bazmu jamshiddan iborat tadbirga aylanib qolganini qanday izohlash mumkin? Buncha xarajatning kimga, nimaga keragi bor?
Tumanda to`ylar odatda kunuzog`i davom etadi. Chunki bu – tartibga solinmagan, qachon boshlanishiyu qachon tugashi bilan birov qiziqmagan. Shuning uchun hamma xohlagan vaqtida keladi. Bu to`y egasini, ayniqsa, uy bekalarini xursand qiladi, deysizmi? To`yga deb kunning istalgan vaqtida kelgan mehmon qo`shimcha tashvishni keltirib chiqarishini anglab olish qiyin emas. Ayniqsa, buni, birovga dardini aytmasa-da, boshidan o`tganlar yaxshi biladi.
Ayrim qishloqlardagi to`ylarda esa “boshlanib o`tar” degan ibora bor. Yaqin insonlarga berilgan taklifnomada albatta, shu so`z bo`ladi. Misol uchun, to`y 25 mart kuni bo`lsa, taklifnomaga “24 mart kuni boshlanib, 25 mart kuni o`tadi” deb yoziladi. O`z-o`zidan ayonki, ikki soatda tugaydigan to`yning ikki kun davom etishi to`y egasining ham ruhiy, ham moddiy tinkasini quritadi.
Ko`pni ko`rgan, kayvoni otaxon va onaxonlar bosh bo`lib, to`ylarni ixcham, kamchiqim, zamonaviy qilib o`tkazish bo`yicha takliflar berishsa, keyin unga amal qilinsa, bundan xalqimizga faqat foyda bo`lmaydimi?
Biroq to`ydagi xarajatlarning o`zi bir balo bo`lsa, to`y oldi sarflari ham undan qolishmaydi. Keyingi vaqtda yana bir bema`ni odat paydo bo`libdiki, kuyov bo`lmish bo`lajak kelinga “egalik” qilib qo`yishi uchun albatta zirak, uzuk yoki tilla zanjir olib berarmish. Qaerdan chiqdi bunday qiliqlar? Sovchilar borib, fotiha o`qilgandir, non sindirilgandir, shu-da – egalik, ortiqcha lash-lushga nima bor?
Ota-bobolarimiz azal-azaldan ikki yosh unashtirildimi, ularning boshini bitta qilishga asosiy maqsad sifatida qaragan, dabdabali to`y emas, chiroyli turmush haqida qayg`urishgan. Hozir-chi? Turmush, ro`zg`orni yuritish haqida hech kim o`ylab ko`rmayotganday, qanday qilib bo`lmasin, hashamatga, boshqalarga o`zini ko`rsatib qo`yishga intilish kuchayganday.
Misol uchun, bo`lajak kelin-kuyov tomonidan bir-biriga to to`y o`tgunga qadar har bayram, tug`ilgan kunda falon million so`mlik sovg`a-salom yuborishning nima zarurati bor? Odatda bunday sovg`a-salomlar konfetu shokoladlar, qimmatbaho kiyimlardan iborat bo`lishini hisobga olsak, ular ikki yoshga keyingi hayotida nima naf berardi? Moddiylik insonga to`la-to`kis baxt olib kelganini kim ko`ribdiki, to`ylarda ma`naviyat emas moddiyat birlamchi ahamiyat kasb etib qoldi?!
Aksariyat hollarda fotiha to`ylari katta to`ylardan umuman qolishmaydi. Bunday to`ylarga kamida uch-to`rtta jonliq so`yiladi, 400-500 odamga ziyofat beriladi. Nima, shuni fotiha to`y deb atamasdan birdaniga, bitta to`y qilib o`tkazib yuborsa bo`lmaydimi? Binobarin, odamlar o`ziga ko`proq tashvish orttirishni, ortiqcha xarajatni xush ko`rsa, ana unda savob ishlar, saxovat qilsin – ehtiyojmand, ta`minotida qiyinchiligi bor oilalarga yordam bersin, maktabga, bog`chaga kitob sovg`a qilsin. Axir mana shunday ishlargina haqiqiy e`tirofga loyiq emasmi?
Buyam etmaganday, fotiha to`yida ayollar to`yga keluvchilarning deyarli hammasiga sarpo-surug` tayyorlashadi. Ayniqsa, quda tomonga 3-4 kiyimlik qimmat mato, ro`mol va boshqa ustki kiyimlar, yana 20-30 ayolga kiyimlik matolar sovg`a qilinadi.
Aslida sarpo, buyum yig`ishga ruju qo`yish, ortiqcha orzu-havasga berilish nafaqat oila byudjetiga, balki yosh oilalar ma`naviyatiga ham jiddiy putur etkazishini unutmaslik lozim. Bu masalada ko`p narsa ayollarga bog`liq.
Albatta, to`y dasturxonlarining to`kin-sochinligi aholining turmush darajasi tobora yaxshilanib borayotganidan ham dalolat. Ammo isrofgarchilik, uvol yomon. Taxminiy hisob-kitoblarga ko`ra, ayni paytda to`yxonalarda bir nafar mehmon uchun xarajatlar o`rtacha 40-50 ming so`mni tashkil etarkan. Nikoh to`ylariga o`rtacha 400-500 nafar (ayrimlarida bundan ham ko`p) mehmon keladi. Bu degani to`y egasi 15-20 million so`m (san`atkorlar va shunga o`xshash xizmatlarni hisoblamaganda) sarflaydi degani. Shu bilan xarajatlar tugasa qani. Hali oldinda “kelin salom”, “ota ko`rdi”, “kuyov oshi”, “kelin chaqirdi” singari marosimlar bor. To`y kuni kelolmaganlar “qulluq bo`lsin”ga keladi, oqibatda uy egasi qaytadan dasturxon tuzagan, jonliq so`ygan. Ko`rinib turibdiki, bitta to`yga sarf bo`ladigan pul kamxarjroq oilani tubsiz jarga uloqtiradi.
Xo`sh, dabdabali to`y qilgan odamning topgani nimayu yo`qotganlari nima? Topgani – quloq eshitmagan, ko`z ko`rmagan amallar orqali keladigan bir kunlik “obro`”. Yo`qotganlarining esa sanab adog`iga etib bo`lmaydi. Ko`rayapmiz. To`ydan keyin oylab qora qozonning qaynashi qiyin kechayotgan, janjalu nizodan boshi chiqmay qolgan oilalar ham bor, afsuski. Bularga kim aybdor? Avvalo, o`zimiz. Chunki ortiqcha dabdababozlikni, isrofgarchilikni o`zimiz xohladik, o`zimiz shunga yo`l qo`yayapmiz.
To`yu marakalarni tartibga solish borasida targ`ibot tadbirlari to`xtab qolgan emas. Ayrim uchrayotgan salbiy holatlar joyiga borib o`rganilgan, ortiqcha dabdabaga berilgan kishilarga qilayotgan ishlari to`g`ri emasligi bo`yicha tushuntirishlar berilgan. Biroq kamxarj, ixcham to`ylar haqida odamlarning o`zida to`g`ri, ongli munosabat shakllanmasa, bu borada ijobiy natijalarga erishib bo`lmas ekan. Natijada to`ylarni ixchamlashtirish me`yoriy hujjat asosida tartibga solinishiga zarurat tug`ilgandi.
To`y-ma`rakalar millatimizning azaliy qadriyatlari va an`analarini namoyon etadigan ko`zgu ekan, ularni yuksak ma`naviy mezonlarga munosib tarzda o`tkazaylik. Bu ezgu ishga hamma birday bosh qo`shishi lozim, hech kim o`zini chetga olishi, menga buning daxli yo`q, deb loqayd bo`lishi mumkin emas. Zero, to`y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir.
Zafar Ro`ziev,
Qashqadaryo viloyati hokimi
O`zA