O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyat Kengashi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi viloyat bo`limi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, viloyat Madaniyat boshqarmasi hamkorlikda Zangiota tarbiya kaloniyasida “Yoshlar tarbiyasi – dolzarb masala” mavzuida ma`naviy-ma`rifiy tadbir o`tkazdi. Tadbirni O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyat Kengashi Mahmud Nazarov kirish so`zi bilan ochdi.
Adashib jinoyat yo`liga kirib qolgan yoshlarni har qanday jinoiy harakatlar Vatan manfaatlariga zid ekani, bu oxir-oqibatda insonni zalolatga etaklashi, Vatanparvarlar nafaqat jamiyat va davlatning xavfsizligini himoya qilishi, balki xalqning farovonligi ta`minlovchi kuch ekani, bu orqali inson saodatga va ulkan yutuqlarga erishishi mumkin ekanini anglab etishlari tushuntirildi.

Tadbirda Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi viloyat bo`limi rahbari Sh.Jumaev, O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi D.Karimov, viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig`i v.b M.Davidxonovlar so`zga chiqdi. O`zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Xosiyat Husanova, O`zbek milliy akademik drama teatri aktyori Farruh Botirov, “Dunyo bo`ylab” telekanali boshlovchisi, estrada xonandasi Qahramon Haydarov, viloyat Madaniyat boshqarmasining xonandasi Aziz Husanovning badiiy chiqishlari tarbiyalanuvchilarga ko`tarinkilik bag`ishladi.

So`zga chiqqanlar bugungi kunda O`zbekistonda tarixiy o`zgarishlar, ta`bir joiz bo`lsa, ilgari misli ko`rilmagan islohotlar borayotgani, bundan ko`zlangan maqsad – “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, degan olijanob tamoyilga asoslangani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgani, Prezidentimizning ushbu tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qarori bilan tasdiqlangan dastur asosida yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, bandligini ta`minlashkabi g`oyat muhim tashkiliy-huquqiy tadbirlarni amalga oshirilgani haqida gapirdi.
Shundan so`ng Zangiota tarbiya kaloniyasi tarbiyalanuvchilari tomonidan yozilgan Vatan va ona mavzuidagi she`rlar o`qildi, qo`shiqlar ijro etildi. Tarbiyalanuvchilar o`z chiqishlarida adashib jinoyatga qo`l urganliklari, bu noto`g`ri yo`l ekanini anglab etganlarini, kelgusida yaxshi kasb va hunar egallab, ota-onalariga va ona Vatanga sidqidildan xizmat qilishlari haqida gapirdi va so`z berishdi.

Zangiota tarbiya kaloniyasida tarbiyalanuvchilar uchun umumiy o`rta ta`lim maktabi va kollej faoliyat yuritgan. Mazkur muassasalar faoliyati 2012 yildan buyon to`xtatib qo`yilgan. Tadbir tashkilotchilari mazkur muammoga ijobiy echim topish maqsadida yuqori tashkilotlarga murojaat qilish bo`yicha kelishib oldilar.







