AsosiyJamiyat

Soliq sohasi tubdan isloh etiladi: soliqlar kamaytirilib, soddalashtiriladi

'Soliq sohasi tubdan isloh etiladi: soliqlar kamaytirilib, soddalashtiriladi'ning rasmi

Toshkentdagi “O`zekspomarkaz” milliy ko`rgazmalar majmuida bo`lib o`tgan Xalqaro press-klub sessiyasida Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan O`zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiya loyihasi keng jamoatchilik e`tiboriga havola etildi. Unda ekspertlar, tadbirkorlar, xalqaro moliyaviy institutlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

Bugun soliq ma`muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, bu borada ilg`or xorijiy tajribadan unumli foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ochiq aytish kerak, tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan saqlanib qolayotgan yuqori darajadagi soliq yuki, soliqlar turining ko`pligi, ularning ma`muriyatchilik jarayoni murakkabligi iqtisodiyotimiz ravnaqiga to`sqinlik qilmoqda. 2018-2020 yillarga mo`ljallangan soliq islohoti konsepsiyasi loyihasida ana shu g`oyat dolzarb masalalarga muhim e`tibor qaratilgan.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o`rinbosari Go`zal Islomova, moliya vaziri o`rinbosari Vyacheslav Pak, Davlat soliq qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Bekzod Musaev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 13 fevraldagi “Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur konsepsiya bir qator muhim o`zgarishlarni qamrab olgani haqida gapirdi.

1.JPG

– Soliq konsepsiyasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan tadbirkorlarni, keng aholi qatlamini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish, ularga soliq ma`muriyatchiligida imkoniyatlar yaratishdir, – deydi Davlat soliq qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Bekzod Musaev. – Bunda asosiy e`tibor ish beruvchi tomonidan to`lanadigan turli soliq yukini engillashtirishga qaratilgan. Ulardan biri qo`shimcha qiymat solig`ini kamaytirish. Bugungi kunda deyarli barcha mamlakatlarda qo`shimcha qiymat solig`i 20 foiz etib belgilangan. Soliq konsepsiyasi loyihasida esa bu miqdor O`zbekistonda 12 foizga tushirilishi belgilanmoqda. Asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirishga keng yo`l ochib berishdir.

Bugun O`zbekistonda 19 soliq turi mavjud. Endilikda soliqlar yukini kamaytirish, ularni soddalashtirish rejalashtirilmoqda.

19.JPG

– Bu konsepsiya tadbirkorlarga haqiqiy yordam bo`lmoqda. Avvalo, qo`shimcha qiymat solig`i stavkasi pasaytirilishi va yuridik shaxslarning deyarli barchasi shu soliq to`loviga o`tishi ahamiyatlidir, – deydi tadbirkor Zafar Hoshimov. – Qo`shimcha qiymat solig`i juda foydali soliq. Bu qiymat tug`dirish zanjiri uzluksizligini ta`minlaydi, pirovardida, umumiy soliq miqdorini qisqartiradi. Hozirgi kunda respublikamizda mavjud yuridik shaxslarning faqatgina 3 foizi qo`shimcha qiymat solig`i to`laydigan tadbirkorlar hisoblanadi. Qolgan 97 foiz ishbilarmon doira vakillari yagona soliq tizimiga o`tib ketgandi. Agar bunga iqtisodiy nuqtai nazardan qarasak, yalpi ichki mahsulotining ham qisqargan holda ko`rsatilishiga va soliq to`lanadigan bazaning kamayishiga olib keladi. Qolaversa, ko`pgina yirik biznesmenlar qo`shimcha qiymat solig`ini to`lashdan qochib, tashkilotini 3-4 yuridik qismga bo`lib yuborgan edi. Konsepsiyada ana shu kabi omillarga jiddiy e`tibor qaratilgan.

21.JPG

O`zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari soliq to`lashida katta tafovut yuzaga kelgan. Bugungi kunda kichik biznes sub`ektlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 50 foizdan oshadi. Biroq ularning soliqlar tushumidagi ulushi 7 foizdan sal ko`proqdir. O`z navbatida, mamlakatda ishga yaroqli aholi soni 13 milliondan ortiq. Davlat soliq organlari hisobiga ko`ra, ulardan 5,7 million nafari rasman ishlaydi. Ya`ni daromad solig`i to`laydi.

Tadbirda bu holatga alohida izoh berildi.

Hozir ish beruvchi o`z xodimiga, aytaylik, 1 million so`m oylik beradigan bo`lsa, barcha soliqlar qo`shib hisoblanganda, jami 55 foizgacha soliq to`lashiga to`g`ri keladi. Tabiiyki, bu tadbirkorga og`irlik qiladi. Shu sabab, endilikda buni 25 foizgacha tushirish mo`ljallanayapti. Bu, albatta, tadbirkorlarga engillik yaratadi.

O`zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi tahlili barcha tadbirkorlar uchun umumiy soliq yukini kamaytirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar