2 aprel kuni Toshkentdagi "Mega Planet" va "Vega Centre" savdo markazlarida IIBB YoXB, FVB, "O`zdavenergonazorat" Toshkent shahar bo`limi, gaz avariya xizmati hamda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi xodimlari hamkorligida amaliy mashg`ulotlar o`tkazildi, deb xabar qildi FVV matbuot xizmati.
Mashg`ulotlarda markaz xodimlari yong`in kelib chiqqanda uni bartaraf etish, fuqarolarni evakuasiya qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko`rsatish mashqlarini bevosita mutaxassislar bilan birgalikda bajarishdi.
"Alohida e`tibor fuqarolar bilan ishlashga qaratildi: yong`in yuz berganda sarosimaga tushmasdan, bolalar va katta yoshdagilarni binodan tashqariga olib chiqish yo`llari ko`rsatib berildi", — deyiladi xabarda.



Bundan tashqari, mashg`ulot doirasida ushbu binolardagi yong`inga qarshi xavfsizlik tizimlari, evakuasiya rejalari, yong`in o`chirish vositalari holatining sozligi, zaxira chiqish yo`llari va ko`rsatkichlarining mavjudligi tekshiruvdan o`tkazildi.






