Qoraqalpog`iston Respublikasida ijodiy safarda bo`lgan Buyuk Britaniyaning Bi-Bi-Si teleradio korporasiyasining jahon xizmati ijodiy jamoasi Orol muammosi xaqida qisqa metrajli filmni suratga olish ishlarini yakunladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Jurnalist va prodyuser Rustam Qobil, video prodyuser Pol Harris to`rt kun davomida Mo`ynoq tumanida, Orol dengizi qirg`oqlarida bo`lib, ekologik inqirozning oldini olish, xalqning turmush darajasini yaxshilash yo`nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni suratga oldi. Shuningdek, o`rmon xo`jaligi tomonidan Orol dengizining qurigan maydonlarida saksovul, qandim, cherkez kabi tuzga va qurg`oqchilikka chidamli o`simliklarni urug`dan hamda ko`chatdan ekish ishlarini kuzatdi.
Prezidentimizning 2017 yil 28 fevraldagi “2017-2018 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori doirasida amalga oshirilgan loyihalar, aholi sog`ligini saqlash va bandligini ta`minlash yo`nalishidagi ishlarni suratga olib, tuman aholisi bilan suhbatlashdi.
– O`zining ko`rsatuvlari bilan eshittirishlarini dunyoning 40 dan ortiq tillarida olib boradigan Bi-Bi-Si teleradio korporasiyasi global iqlim o`zgarishi va ekologik muammolarning oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha qator qisqa metrajli filmlarni suratga olish ishlarini boshladi, – deydi jurnalist-prodyuser Rustam Qobil. – Buning uchun ushbu muammolarni bartaraf etishda so`nggi yillarda yaxshi natijalarga erishayotgan dunyoning 10 davlati, shular qatorida O`zbekiston ham tanlab olindi. Filmni suratga olishdan maqsadimiz O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida Orol inqirozining oqibatlarini bartaraf etish, ekologik hududda yashayotgan aholining turmush darajasini yaxshilash bo`yicha olib borilayotgan keng ko`lamli ishlarni dunyo jamoatchiligining e`tiboriga havola etish bo`lib hisoblanadi.
– O`zbekistonda, shu jumladan, Qoraqalpog`istonda birinchi marotaba bo`lishim, – deydi videoprodyuser Pol Xarris. – Suratga olish jarayonining sovuq kunlarga to`g`ri kelishi biroz muammolar paydo qildi. Shunday bo`lishiga qaramasdan, xalqingizning mehmondo`stligi, madaniyati bilan milliy urf-odatlari menda alohida taassurot qoldirdi. O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar jahon hamjamiyatining qiziqishini oshirmoqda. Kelajakda ushbu muvaffaqiyatlar haqida film olishni maqsad qilganmiz. Vaqtning tig`izligidan Qoraqalpog`iston, uning poytaxti Nukus shahridagi qurilish va oyuodonlashtirish ishlari bilan to`liq tanishish imkoni bo`lmadi. Lekin, dunyoga mashhur I.V.Saviskiy nomidagi san`at muzeyi eksponatlarini tomosha qilganimdan xursandman.
Bi-Bi-Si teleradio korporasiyasining jahon xizmati ijodiy jamoasi tomonidan suratga olingan ushbu film yaqin kunlarda namoyish etiladi.