AsosiyJamiyat

Prezident bilan AQShda muloqotda bo`lgan taniqli doktor O`zbekistonga keldi

'Prezident bilan AQShda muloqotda bo`lgan taniqli doktor O`zbekistonga keldi'ning rasmi

O`tgan yil 20 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkda Amerika Qo`shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashgandi.

O`shanda davlatimiz rahbari ularni O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga daxldor bo`lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo`naltirishga da`vat etgan bo`lsa, vatandoshlarimiz esa Prezidentimiz bilan uchrashish o`zlari uchun ulkan sharaf ekanini, bunday e`tibordan boshlari osmonga etganini ta`kidlagandi.

Ushbu samimiy muloqotda asli o`zbekistonlik, ayni paytda AQSh Sog`liqni saqlash vazirligining mas`ul xodimi bo`lib ishlab kelayotgan taniqli mutaxassis Amir Mahmudov ham ishtirok etgan edi.

U Prezidentimizning da`vatlariga “labbay” deb javob berib, shu kunlarda yurtimizga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri.

Safar chog`ida taniqli tibbiyot eksperti ishtirokida tegishli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar, talabalar uchun mahorat maktablari tashkil etish rejalashtirilgan.

Xususan, ertaga Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida doktor Amir Mahmudov tomonidan “AQSh fiziologiya va sog`likni saqlash tizimida innovasion g`oyalar” mavzusida bo`lajak mutaxassislar uchun mahorat maktabi o`tkaziladi.

Bunday muloqotlar yoshlarning zamonaviy tibbiyotning eng oxirgi yutuqlari, nazariya va amaliyot uyg`unligidagi so`nggi tendensiyalar haqida yaqindan boxabar bo`lishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Boshqa yangiliklar