AsosiyJamiyat

Buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ham bajarildi

'Buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ham bajarildi'ning rasmi

Bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda yangiyullik 14 yoshli bemor Umidjon Abdumadjidovga 35 yoshli otasi Ilgor Abduqayumov donorligida buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasi bajarildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligining axborot xizmati xabar berdi.

— Transplantasiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo`nalishlaridan biri. Bunday yuqori texnologik operasiyalar AQSh, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajarilardi, xolos, — deydi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Abduhakim Xadjibaev. — Mana, bugun yurtimiz tibbiyoti ham ana shu ilg`or mamlakatlar qatoridan joy oldi. Markazimizda birinchi marta buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyotini bajardik. Bu operasiya o`ta murakkab va noyob usul hisoblanadi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko`rildi. Xorij tajribasini o`rgandik. Shundan so`ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantasiyasi bajarildi. Amaliyot Bashkent tibbiyot universiteti rektori, Jahon trnasplantologlari jamiyati prezidenti Mexmet Xaberal bilan hamkorlikda o`tkazildi. Operasiya jarayonida turkiyalik va o`zbekistonlik mutaxassislar o`z mahoratlarini ko`rsatishdi.

bemor oilasi bilan1.JPG

Ma`lumot uchun, Mexmet Xaberal Turkiya va Evropaning bir qator davlatlarida transplantologiya yo`nalishiga asos solgan professordir. M. Xaberal buyrak ko`chirib o`tkazish bo`ycha 1832 ta, jigar ko`chirib o`tkazish bo`yicha 344 ta operasiyaga bevosita rahbarlik qilgan. Bashkent tibbiyot universitetida jigar va buyrak transplantasiyasidan tashqari, suyak ko`migi, yurak transplantasiyasi ham o`tkazib kelinmoqda.

— Yana bir murakkab amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladik, — deydi professor Mexmet Xaberal. — O`zbekistondagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak tarnsplantasiyasini bajarishga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko`rilgan ekan. Guvohi bo`ldikki, mutaxassislar malakasi, texnik imkoniyatlar va markaz sharoitlari yuqori darajada. Bemor U.Abdumajidov surunkali buyrak etishmovchiligining terminal bosqichida edi. Buyrak o`z ishini to`liq bajara olmayotgani bois, qoni gamodializ apparati orqali tozalanib kelgan. Amaliyot yaxshi o`tdi, deyolaman. Hozirgacha bo`lgan natijalarning barchasi ijobiy. Tez kunlarda bemor va donor sog`lom hayotga qaytadi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operasiyalarni bemalol bajara oladi.

Ta`kidlab o`tish lozim, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ushbu soha rivojiga davlat darajasida e`tibor qaratib kelayotgani ham uning naqadar muhimligini isbotlaydi. Hozirda taransplantasiya amaliyotlarini o`tkazish uchun yurtimiz klinikalarida etarli tajriba va texnik imkoniyatlar mavjud.

Ushbu sa`y-harakatlarning barchasi, avvalo inson manfaatlari va uning hayotiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. Mamlakatimiz shifoxonalarida o`tkazilayotgan shunday murakkab operasiyalar ko`plab yurtdoshlarimiz og`irini engil, uzog`ini yaqin qilmoqda. Eng muhim, kelajakka ishonch, hayotga muhabbat va islohotlar samarasidan bahramandlik tuyg`usini bermoqda.

    Boshqa yangiliklar