2 aprel kuni Ijtimoiy tarmoqlarda "Bog`chada tushlik kechikdi – bolalar och uxlab qoldi" mavzusida videomaterial tarqalgan, deb xabar beradi Maktabgacha ta`lim vazirligi matbuot xizmati.
Vazirlik tomonidan videomaterialda ko`rsatilgan holatni aniqlash uchun tezkor ishchi guruhi tashkil etilib, surishtiruv o`tkazildi.
Aniqlanishicha, ushbu videotasvir Andijon viloyati Xo`jabod tumanidagi 1-maktabgacha ta`lim muassasasining yozgi oshxonasida 2 aprel kuni soat 11.20da bog`cha tarbiyachisi Z.M. tomonidan tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.
O`tkazilgan tezkor surishtiruv davomida haqiqatdan ham mazkur bog`chada shu kuni go`sht mahsuloti belgilangan vaqtidan kech olib kelinganligi sababli tushlik o`z vaqtida tayyorlanmagani ma`lum bo`ldi.
Shu bois, o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani va bog`cha yozgi oshxonasida antisanitariya holatlarini keltirib chiqargani uchun 1-MTM omborchisi Alisher Ahmedov, bosh oshpaz Ulug`bek Jalilov hamda oshpaz Abdujalil Sultonovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, o`z ishida jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`ygani uchun muassasa mudirasi S.Abdullaeva egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Maktabgacha ta`lim vazirligi har bir noqonuniy hati-harakat yuzasidan o`z munosabatini bildirib, mas`uliyatsiz xodimlarga keskin chora ko`rilishi haqida yana bir bor ogohlantiradi.






