AsosiyJamiyat

Qorasuv suv omborida turnalar “sayli” davom etayapti (foto)

'Qorasuv suv omborida  turnalar “sayli” davom etayapti (foto)'ning rasmi

Payariq va Jomboy tumanlari chegaradosh hududdagi Qorasuv suv omboriga turnalar kelib qo`nmoqda. Ular issiq o`lkalardan vataniga qaytayotib, shu erlarda to`xtab dam olishni ma`qul ko`rishmoqda.

Bu haqda O`zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati a`zosi, biologiya fanlari nomzodi Natalya Marmazinskaya o`zining “Facebook”dagi sahifasida ma`lum qildi, deb yozadi "Zarafshon" gazetasi.

Mutaxassisning ta`kidlashicha, turna va ko`plab boshqa turdagi qushlar har yili migrasiya davomida shu hududda to`xtab o`tishadi. Ularni bu erda asosan fevralning oxiridan boshlab aprelning so`nggi kunlarigacha ko`rish mumkin. Joriy yilda bu hududda mutaxassilar bir kunda qushlarning 45 turini qayd qilishgan.

– Qorasuvga turnalarning uch turi uchib keladi, ulardan biri – sterx turnasi kamyob bo`lib, bir necha, shu jumladan bizning davlatimizda “Qizil kitob”ga kiritilgan, – deydi Natalya Marmazinskaya. Biz "byordvotching", ya`ni qushlarni kuzatish, sanash va o`rganish jarayoni davomida bir kunda 3 mingga yaqin turna uchib kelganini qayd qildik. Shuningdek, qushlar orasida loyxo`raklar, yirtqich qushlar va boshqalarni ham uchratdik.

Mutaxassisning ta`kidlashicha, bu erda boshqa tabiat shaydolari uchun ham byordvotchingni yo`lga qo`yish mumkin. Biroq bunda juda ehtiyotkorlik bilan ish ko`rish kerak. Jumladan, qushlarni shovqin chiqarmasdan, atrof-muhitni ifloslantirmasdan, kamida 500 metr naridan turib kuzatish lozim.

    Boshqa yangiliklar