Yaqinda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan viloyat DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Urganch shahri hududida giyohvandlik moddalarini noqonuniy harakati hamda noqonuniy ravishda giyohvand moddalar savdosi bilan shug`ullanib kelayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Nazorat ostida olish” tezkor tadbiri o`tkazildi.
Tezkor tadbir davomida 1993 yilda tug`ilgan, Urganch shahrida yashovchi Kamalov Otabek (ism-shariflar o`zgartirilgan) “Urganch avtomobil yo`llari” kasb-hunar kolleji oldidagi yo`l bo`yida o`zi boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasida tadbirga “shartli xaridor” sifatida jalb qilingan fuqaroga gugurt qutisida 4 dona oq rangli qog`oz parchasiga o`ralgan o`ziga xos o`tkir hidli, oq-sarg`imtir rangli “geroin” giyohvandlik moddasini jami bir million so`m evaziga sotayotgan vaqtida qo`lga olindi.
Shundan so`ng, O.Kamalov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi xizmat iti yordamida belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganda, avtotransport vositasi salonidan qayta sotish maqsadida saqlab qo`yilgan bir dona sariq rangli “kinder” o`yinchog`i qutichasi ichiga joylangan 6 dona oq rangli qog`oz parchasiga o`ralgan “geroin” giyohvandlik moddasi va avtotransport vositasining kuldoni ichidan 1 dona oq rangli qog`oz parchasiga o`ralgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Xorazm viloyat IIB ekspertlari xulosasiga ko`ra, ashyoviy dalil tariqasida olingan vositalar “geroin” va “marixuana” giyohvandlik moddalari ekanligi ma`lum bo`ldi.
Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabariga ko`ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o`rinda eslatib o`tish joizki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O`zbekiston respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o`tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo`lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to`g`risida”gi 330-sonli Qarorining 4-ilovasida O`zbekiston Respublikasida muomalada bo`lishi taqiqlangan giyohvandlik vositalarining ro`yxati tasdiqlangan. Ushbu ro`yxatda “geroin” va “marixuana” giyohvandlik vositalari ham bor.






