Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko`maklashish bo`yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi Bo`z tumanidagi “Chorvador” mahallasida bo`lganida hududdagi mavjud 588 ta xonadonning 99 tasida gaz balloni etishmasligi aniqlandi va ertasi kuniyoq bu kamchilik bartaraf etildi, deb yozadi O`zA.
Tuman gaz ta`minoti korxonasi tomonidan uyma-uy yurib, gaz balonlari xonadonlarga etkazib berildi.
– Ko`chada katta gaz balloni 300 ming so`m, uni to`ldirish esa 70 ming so`mga tushyapdi. Bu biz uchun qimmatlik qiladi, – deydi “Chorvador” mahallasidagi Beshqo`rg`on ko`chasi 4 uyda yashovchi Oqibatxon To`raeva. –Bitta to`liq ballonni bir-bir yarim oy yoqamiz. Tugagach, mahallaga olib chiqib beramiz va bir joyda yig`iladi. Toki mashina kelib, ularni to`ldirib, qayta olib kelgunicha ikki-uch hafta vaqt o`tib ketadi. Qish kunlarida qiynalardik. Mana endi juda qulay bo`ldi. 4 nafar farzandim bor. 12 yoshli o`g`lim Boburjon bolaligida boshi bilan yig`ilib, falaj bo`lib qolgan, ikki oyog`i ishlamaydi. Ishchi guruhidan nogiron bolam uchun yangi aravacha ham so`radim. Hal qilib berishga va`da berishdi.
– Ikkita yosh bolam bor, – deydi 94-uyda yashovchi Jumagul Cho`lponqulova. – Qishda pechka yoqamiz. Uning ustida ovqat pishiramiz. Bahordan kuzgacha har kuni o`choq yoqishga to`g`ri keladi. Ikkita tuxum qovurish uchun ham o`choq qoratmasak bo`lmaydi. Bir oyda 30 bog` g`o`zapoya yoqamiz. Hozir bir bog`i 1200 so`mga chiqib ketdi. Uni ham topish qiyin. Shu sababli ishchi guruhi kirganida katta gaz balloni so`ragandim, bir kunda olib kelib berishdi.
Tuman gaz korxonasi xodimi Zuhriddin Mirzaholovning aytishicha, hozirda Bo`z tumanida atigi uchta mahalla quvur orqali tabiiy gaz bilan ta`minlangan. Tuman aholisiga har oyda 100-150 tonna siqilgan gaz Shahrixon, Asaka, Izboskan gaz quyish shahobchalaridan keltirilmoqda. Aholi qo`lida 10300 ta gaz balloni mavjud. Ularga imtiyoz asosda – 14 ming so`mga to`ldirib berilmoqda, gaz balloni esa foydalanish uchun bepul taqdim qilinmoqda. Joriy yilda yana 1366 dona etkazib berilsa, ehtiyoj to`liq qoplanadi. Shundan keyin xonadonlarni ikkinchi gaz ballonlari bilan ta`minlashga o`tiladi va bu katta qulaylik beradi.






