Lutfixon Mallaboeva 25 yil muqaddam Qirg`iziston Respublikasi O`sh viloyatidan O`zbekistonga kelgan. Shu zaminda oliy ma`lumotli bo`lib, shifokor sifatida uzoq yillar xizmat qildi. Oila qurdi, farzandu nabiralar ko`rdi. Biroq O`zbekiston fuqarosi pasportiga ega emasligi uning armoni edi. Bugun Lutfixon opaning orzulari ushaldi, unga O`zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berildi, deb yozadi O`zA.
Shu kuni Lutfixon opa singari yana 8 nafar yurtdoshimiz fuqarolik pasportiga ega bo`ldi.
Toshkent shahar hokimligida shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda turli vazirlik va idoralar vakillari, fuqarolar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimi R.Usmonov mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari, shaxsiy manfaatlari qonun bilan kafolatlab qo`yilgani, har bir fuqaroga beriladigan pasport O`zbekiston Respublikasi mulki bo`lib, uning egasi davlat muhofazasida ekanini ta`kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 6 martdagi "O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish to`g`risida"gi farmoniga asosan poytaxtimizda istiqomat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo`shib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz fuqarolik pasportiga ega bo`ldi.
Tadbirda fuqarolik pasportini olgan yurtdoshlarimiz mamlakatimizda inson manfaatlarini ta`minlashga qaratilayotgan alohida e`tibor xalq farovonligini yuksaltirish, fuqarolarning orzu-istaklarini ro`yobga chiqarishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
– Oilam, farzandlarim yonimda, tinch diyorda yashayapman. Bir qarashda mendan baxtli ayol yo`q, – deydi Mirobod tumanidagi 1-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori Lutfixon Mallaboeva. – Shu zaminda yashab, uni jondan aziz bilsam-da, fuqarolik pasportiga ega bo`lmaganim meni qiynar edi. Qarindoshlarim qo`shni Qirg`izistonda yashaydi. Ularni yillab ko`rolmasdim. Xorijga chiqish bilan bog`liq ko`plab muammo va qiyinchiliklar bo`lar edi. Hatto, ota-onamni so`nggi manzilga kuzatayotganda ham vaqtida etib boraolmaganim armon bo`lib qoldi. Yaratganga shukr, bugun fuqarolik pasportini qo`limga oldim, saylash, saylanish huquqiga ega bo`ldim. Bu hujjat orzularim ro`yobi bo`lishi bilan birga, katta mas`uliyat ham yuklaydi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilaman.







