O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida Prezident Farmoni (12.04.2018 y) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining matubot xizmati xabar qilmoqda.
Farmon bilan 2018 yil 1 iyuldan boshlab:
- tovarlarni bojxona rejimlariga joylashtirishda, shuningdek, xorijiy avtotashuvchilarning O`zbekiston Respublikasi hududi bo`ylab harakatlanish marshrutlarini o`zgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilinadi;
- aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida karantin ruxsatnomalar, o`simlik va hayvonot dunyosi ob`ektlarini, ozon emiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigienik va ekologik sertifikatlar bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi;
- boj olinmaydigan savdo do`koni, erkin ombor va bojxona ombori faoliyatini lisenziyalash markazlashtirilgan tartibda Davlat bojxona qo`mitasi markaziy apparati tomonidan amalga oshiriladi;
- bojxona omborlarida uch yildan ortiq saqlanib kelinayotgan mol-mulklar bojxona organlari tomonidan ushlab qolinadi va ular uch oy davomida talab qilib olinmagan hollarda sud qarori asosida davlat foydasiga undiriladi.
2018 yil 1 sentyabrga qadar:
- tovarlarning bojxona nazoratini tanlov asosida o`tkazishni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi va joriy etiladi;
- “Toshkent” xalqaro aeroporti” va “Toshkent-tovar” bojxona postlarida bojxona tartib-taomillarini maksimal darajada soddalashtirishga qaratilgan bojxona ma`muriyatchiligining zamonaviy uslublari joriy etiladi;
- moddiy rag`batlantirish va intizomiy jazo choralarini muvozanatli qo`llash imkonini beruvchi bojxona postlari xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari ishlab chiqiladi.